763 million kishi savodsiz... 

763 million kishi savodsiz... 

Talabaligimizda o‘qimasak «suvimizni siqadi»ganlar filologiya fakultetining domlalari edi. Garchi, jurnalistikada o‘qisakda nega bizga filologiya fakulteti domlalari dars berishadi, deb ko‘p o‘ylardik. Keyinroq bu savolning javobini topdik... Ayniqsa, Qozoqboy Yo‘ldoshevning darslarida auditoriya to‘la bo‘lardi. 

O‘zbek tilining jonkuyari, menga o‘xshagan minglab yoshlar yaxshi bilgan, har qanday sharoitda ham tilimiz rivojiga oid o‘z qarashlarini dadil aytib kelayotgan domla o‘tgan oyda 75 yoshni qarshi olibdilar. 

Qozoqboy Yo‘ldoshev 1949 yilning 9 mayda Sirdaryo viloyatida tug‘ilib, 1956-1966 yillarda Boyovut tumanidagi 8-o‘rta maktabda o‘qigan. 1966-1970 yillarda Gʻafur Gʻulom nomidagi Sirdaryo Davlat Pedagogika institutining o‘zbek filologiyasi fakultetini imtiyozli bitirgan. Faoliyatini maktabda o‘qituvchilikdan boshlagan ustoz bugungacha bir qator ta’lim dargohlarida dars berdi. 

Xuddi kechagidek esimda, 2020 yil boshida Xalqaro Press-klubda bo‘lib o‘tgan o‘zbek tiliga munosabat masalasidagi muhokamada domla kuyinib: «Biz hozir hammamiz xizmat vazifamizni bajarish bilan, o‘zimizning unchalik yomon ishlamayotganimizni ta’kidlash bilan, o‘zimizning ancha savodli va «o‘zbekparast» ekanimizni ko‘rsatish bilan ovora bo‘lyapmiz. Hozir qaysidir tadbirkorni to‘g‘ri tushunish kerakligi, Adliya vazirligi nihoyatda to‘g‘ri ishlar qilayotgani yoki Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti qancha tadbirlar ishlab chiqqani haqidagi gaplar, bu – masalani yechish, tilni rivojlantirish, o‘zbekning ko‘kragini ko‘tarish haqida emas.

Bu xuddi men zimmamdagi ishni qilyapman, deganga o‘xshaydi. Nega bizda o‘zimizdan boshqaga bo‘lgan narsaga intilish kuchli, chunki bizda g‘urur yo‘q! Nega bizda reklama bannerlarida boshqa tilda yoziladi, chunki bu o‘sha odam uchun yoziladi, demakki, o‘zbekni hurmat qilmaydi. U ingliz, italyan yoki rusni hurmat qilishi mumkin, lekin o‘zbekni emas. Bu yerda o‘tirganlarga: sizda ham, menda ham, senatorlar, deputatlarda ham nega o‘zi shunaqa bo‘lyapti, degan iztirob paydo bo‘lishi kerak, lekin shu iztirobning o‘zi yo‘q.

Bir o‘ylab ko‘raylik, axir. Azbaroyi vazifa bajarish uchun emas, balki «Ha, biz ulgurolmayapmiz, yomon ishlayapmiz», deya olmaymizmi?! Nega Toshkentday shaharda 53 foiz maktab rus maktabiga aylanib boryapti, buni o‘ylab ko‘rish kerak. Bu katta fojia aslida. O‘qishni Navoiydan emas, Tolstoy yoki Pushkindan boshlagan bola dunyoni ularning ko‘zi bilan ko‘radi. Qur’onning, hadisning, Navoiyning ko‘zi bilan ko‘rolmaydi-da, albatta. Biz masalani hal qilish haqida emas, hal qilayotganga o‘xshab ko‘rinish haqida o‘ylayapmiz.

O‘zbek tilini bayram qilishdan oldin maqomini joyiga qo‘yish, uni himoya qilish haqida o‘ylashimiz kerak. U halokat yoqasiga kelib qoldi. Ilmiy til yo‘q, ilmiy atamalar boshqacha qabul qilinadi. Agar bizda intilish bo‘lsa, shunga erk bo‘lsa, bu uddalasa bo‘ladigan ish. Yomon ishlayotganimiz, o‘zimizning sohamiz bo‘yicha qilinishi kerak bo‘lgan ishning o‘ndan birini ham bajarmaganimiz bor haqiqat. Hadeb keyingi vaqtda yaxshi bo‘lib ketdi, ancha siljish bor degan bilan ish bitmaydi», – degan edilar.

Chindan ham bugun xalqaro ekspertlar dunyo aholisi savodsizlik, ijtimoiy ongsizlanish  fojiasiga yaqinlashayotgani haqida ko‘proq gapirishyapti. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, keyingi 50 yil ichida sayyorada savodli insonlar sonining barqaror o‘sib borayotganiga qaramasdan, katta qismi ayollar bo‘lgan 763 million kishi savodsiz ekan. 2017 yilda esa bu ko‘rsatkich 750 millionni tashkil etgan. 

Yodingizda bo‘lsa, 2017 yili YUNISEF dunyoning 22 ta davlatida yashovchi, 6 yoshdan 15 yoshgacha bo‘lgan 25 mln dan ko‘proq bolaning maktabga bormayotgani haqidagi xavotirli statistikani e’lon qilgan edi. Bu borada eng yomon ko‘rsatkich – Janubiy Sudanda qayd qilingan (72 foiz) bo‘lsa, bu ko‘rsatkich Chadda 50 foiz, Afg‘onistonda 46 foizni tashkil etgan. 

Afsuski, xalqaro ekspertlar xulosasiga ko‘ra, bu borada jiddiy qadamlar tashlanmasa, dunyo ta’limidagi tanazzul muqarrar deganidir. Eng yomoni, savodsizlik nafaqat notinch mamlakatlarda, balki rivojlanayotgan davlatlarda ham uchrab turibdi.

Mamlakatimizda esa yoshlar, xususan, xotin-qizlar ta’limiga oid imtiyozlar soni ko‘payyapti. Ammo afsuski, savodxonlik masalasida jiddiy oqsayotganimizni ham inkor etib bo‘lmaydi. Ustoz Qozoqboy Yo‘ldoshev ta’kidlaganidek,  balki savodsizlikka oddiy hol deb qarash chindan ham odatga aylanib qolyaptimikin? «Savodsizlik, xatolarga ko‘nikish o‘quvchilarimizdan tortib, ziyolilarimiz, ijodkorlarimizgacha borgan sari odatga aylanib bormoqda?

Buning birgina sababi  bor, bu ham bo‘lsa kitob o‘qimay qo‘ydik. Hamma zamonlarda savodli odamlar o‘zini-o‘zi saviyasini kitob orqali yuksaltirib borgan. Kitob o‘qigandan keyin demak, so‘zni qanday yozish kerakligini, so‘zni qayerda qanday ishlatish kerakligini o‘rganadi va o‘z saviyasini yuksaltiradi.

Afsuski, bugunning odami kitob o‘qimay qo‘ydi. Bugunning odami og‘zaki oldi-berdi va ijtimoiy tarmoqdagi chala-pula qilingan muloqot yo‘sini bilan qanoatlangani uchun ham demak o‘zi shunday bo‘lishi kerak ekan, deb o‘ylayapti. Bu esa savodsizlikni keltirib chiqaruvchi omillardan biri bo‘lib xizmat qilayotir.

Bundan 4 yil avval domla «O‘zbek tilini bayram sifatida nishonlashdan avval uni mavqeini joyiga qo‘yish kerak»ligini aytib, O‘zbek tilini rivojlantirish departamenti mutasaddilari oldiga: bu boradagi gap va bahslarni yig‘ishtirib, «bir oy ichida barcha-barcha peshlavha, reklama va e’lonlar davlat tilida bo‘lsin»,  degan qaror chiqarish qiyinmi? deya savol qo‘ygandi. Ayni paytda ham bu savol o‘z ahamiyatini yo‘qotgan emas.  «Reklama to‘g‘risida»gi qonun qabul qilingan bo‘lsa-da, hanuz ko‘chalarimiz o‘zga tilli reklama matnlari bilan to‘la.

Yaqinda esa domla: biz shu ishni boshladik, mayli kimlargadir qiyin bo‘ladi, qaysidir bir avlod yangi yozuvda o‘qishga qiynaladi. Lekin buning tagida juda katta ezgu bir maqsad yotgan edi. Butun turk dunyosi bir xil yozuvda yozsa, bora-bora bir-birini o‘qiydigan holatga keladi, bir-birini o‘qishni boshlasa, bir-birini tushunadigan darajaga ko‘tariladi. Natijada biz bir-birimizni tarjimonsiz tushunadigan bir-biriga yaqin etnoslarga, millatlarga aylanamiz. O‘zi lotinga o‘tmoqdan murod shu edi. Bugun bir hovuch amaldorlarimiz deymizmi, shu ishlarni boshida turgan azamatlar deymizmi, xullas, ular sabab to‘rtta harfni o‘zlashtirish uchun 35 yil sarf qildik.

Ammo hali ham bir to‘xtamga kela olishgani yo‘q. Holbuki, bugungi kunda turk davlatlari degan tashkilot va uning boshida turgan prizedentlar bitta g‘oyaga intilishayapti. Ya’ni turk dunyosi uchun bitta alifbo bo‘lsa, bir xil bo‘lsa, o‘zbek ham, qozoq ham, turk, ozarbayjon ham o‘qiyversa, shuni va ayrim xalqlar o‘sha majburiy alifboda bir xil alifboda bo‘lmagan tovushlarni tovushlarga o‘zlarini harflarini qo‘shib olsa...  Lekin afsuski biz hali umumiy jarayonga qo‘shilish tursin, o‘zimizdagi boshqalardan farq qiladigan qilib ishlangan tovushlarniyam tuzib, bir to‘xtamga keltira olmayapmiz... 

Domlaning o‘zbek tili, xususan, millat ma’naviyatini yuksaltirish, yoshlar savodxonligini oshirishga doir fikrlarini ko‘plab keltirish mumkin. Har birida «tesha tegmagan» takliflar bor, albatta. Ular bilan tanishganingiz sari esa xulosa qilaverasiz: zamonamizda «...til haqida hamisha bir jazava bilanmi, qandaydir bir ehtiros bilan gapiraman. Holbuki, til haqida ehtirossiz gapirib bo‘lmaydi....» deb hisoblab, umrini o‘zbek tili rivojiga hissa qo‘shish, yoshlarga ta’lim berishga bag‘ishlagan, 35 ta kitob, 393 nomdagi ilmiy maqolalar muallifi, pedagogika fanlari doktori, professor Qozoqboy Yo‘ldoshevdek til jonkuyarlari, millatning chin farzandlari ko‘payaversin!