Umra ziyorati fuqarolar uchun sayohatga va turfirmalar uchun esa biznesga aylantirilyapti

Umra ziyorati fuqarolar uchun sayohatga va turfirmalar uchun esa biznesga aylantirilyapti

Turoperatorlarning noqonuniy daromadi kesiladi: 
«Umra» ziyorati huquqiy jihatdan tartibga solinmoqda

«Milliy tiklanish» demokratik partiyasi fraksiyasi yig‘ilishida «Lisenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi qonun loyihasi qizg‘in muhokama qilindi.

Ma’lumki, keyingi yillarda fuqarolarning vijdon erkinligi bilan bog‘liq konstitutsiyaviy huquqlarini ta’minlash maqsadida «Umra» va «Haj» ziyoratini erkin amalga oshirishga imkoniyat yaratib berildi. Turizm bilan shug‘ullanuvchi xususiy sektorga ham rasman lisenziya asosida «Umra» xizmatlarini ko‘rsatishga ruxsat berilgani ziyoratchilar sonini keskin oshirdi. Xususan, o‘tgan yili 58 mingdan ortiq yurtdoshimiz diniy amallarini bajardilar. Ammo shuni alohida qayd etish joizki, keyingi paytlarda bir qator firmalar faoliyatidagi xatolar ziyoratchilarning ham haqli e’tirozlariga sabab bo‘la boshladi. 

Bunga hududlarda «Umra» xizmatlarini lisenziyasiz amalga oshiradigan turoperatorlar ko‘paygani ham sabab bo‘lyapti. Misol uchun bugun 70 ga yaqin turoperator lisenziya bilan faoliyat ko‘rsatayotgan bo‘lsa, 200 dan ortiq firmaning noqonuniy shug‘ullanayotgani aniqlandi. 

Qonunchilikda bu borada qat’iy normalar belgilanmagani bois bunday firmalar hatto diniy amal bilan bog‘liq oddiy talablarni ham bajarmayaptilar. Shuningdek, ziyoratchilarga hamrohlik qilish uchun diniy sohada yetarli malaka va tajribaga ega bo‘lmagan «ellikboshi»larni yollash holatlari ham ko‘paymoqda. Natijada ziyoratchilarni e’tiqodimizga zid adabiyotlar bilan tanishtirish, an’anaviy ziyorat talablaridan chetga chiqish, fuqarolarimizning Saudiya Arabistonida bo‘lish qoidalariga to‘liq amal qilishini nazorat qilmaslik holatlari uchrayapti. 

Ziyorat bo‘yicha reklamalarda berilayotgan va’dalar ham bajarilmayapti. Ya’ni, Masjidul Nabaviy va Masjidul Xaramga yaqin joydan mehmonxonalar bilan ta’minlash va’dasi berilib, manzilga yetib borilganidan keyin ziyoratchilar uzoq masofadagi mehmonxonalarga joylashtirilayotgani, ovqatlanish, transport bilan bog‘liq muammolar jiddiy noroziliklarga sabab bo‘lmoqda. Eng yomoni, bunday holatlar O‘zbekistonning obro‘-e’tiboriga ham salbiy ta’sir ko‘rsatyapti.

Joriy yilning yanvar oyida «Panorama Airways» xususiy aviakompaniyasi parvozlari orqali «Umra»ga jo‘natilgan ziyoratchilar qaytishi uchun aviachipta xarid qilinmagani natijasida qariyb 13 ming nafar fuqaro Saudiya Arabistonida qolib ketdi. Bu masala faqat hukumat darajasiga ko‘tarilganidan keyingina fuqarolarimizning ortga qaytishiga yordam ko‘rsatildi. O‘tgan haftada ham 500 nafar yurtdoshimiz ushbu davlatda qolib ketdi.  

Belgilangan tartibga ko‘ra, «Umra» ziyoratini amalga oshirayotgan turoperatorlar har bir ziyoratchini ro‘yxatdan o‘tkazib, Saudiya Arabistoniga o‘rnatilgan tartibda soliq to‘lashi kerak. Ammo qing‘ir yo‘llar axtarilib, bu qoida ham bajarilmayapti. Shuningdek, ziyoratga ketayotgan fuqarolar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilmayapti. Ziyorat davomida yetarlicha tibbiy xizmat ko‘rsatilmayotgani natijasida 2022 yilda 10 nafardan vatandoshimiz Saudiya Arabistonida vafot etdi.

Yuqoridagi muammolar e’tiborga olinib, ushbu qonun loyihasi bilan «Umra» xizmatlarini tashkil etish bo‘yicha alohida lisenziya turini joriy etish hamda Din ishlari bo‘yicha qo‘mitani lisenziyalovchi organ sifatida belgilash taklif etilmoqda. Bu bilan «Umra» ziyorati huquqiy jihatdan tartibga solinadi va ziyoratchilarning haq-huquqlari ta’minlanadi.

Fraksiya rahbari Alisher Qodirov ushbu qonun loyihasini qo‘llab-quvvatlar ekan, keyingi paytlarda ayrim fuqarolar ziyoratni sayohatga, turfirmalar esa biznesga aylantirayotganini, aslida «Umra» bu – diniy ibodat ekanini ta’kidladi.

– «Umra»ning ham tartib-qoidalari, talablari va hurmati bor. Ziyoratga sharoiti yetgan odamlar borishi kerak, oilasi, farzandlarining rizqini qiyib, qarz-havola qilib emas, – dedi Alisher Qodirov. 

Fraksiya a’zosi Kozimjon Tojiyev alohida lisenziyaning joriy qilinishi davlat monopoliyasini paydo qilmaydimi, degan mazmunda savol berdi.

Qonun tashabbuskorlari bunga javoban, bu yerda gap ta’qiqlash haqida emas, tartibga solish haqida ketayotganini bildirishdi. Lisenziyaning joriy qilinishi endi bu faoliyat bilan faqat Diniy qo‘mita shug‘ullandi degani emas. Bu bo‘yicha ishlab chiqiladigan talablarga javob beradigan har qanday turoperatorga lisenziya beriladi va bugungi kunda bunday imkoniyatga ega firmalar juda ko‘p.

Yig‘ilishda «Seysmik xavfsizlikni ta’minlash tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi ham ko‘rib chiqildi.

Ta’kidlanganidek, so‘nggi vaqtlarda dunyoning turli mamlakatlarida sodir bo‘layotgan kuchli zilzilalar oqibatida yuzaga kelayotgan zarar va talafotlar mamlakatimizda seysmik xavfsizlikni ta’minlash, bino va inshootlarning zilzilabardoshligini oshirishga qaratilgan bir qator manzilli chora-tadbirlarni amaliyotga tatbiq etish zaruratini yuzaga keltirdi. Xususan, bu jarayonda ishtirokchi tashkilotlar mas’uliyatini oshirish, shaharsozlik normalariga qat’iy rioya etish bo‘yicha nazoratni kuchaytirish ehtiyoji paydo bo‘ldi.

Ruxsatsiz qurilish qilish, bosh rejani buzish, ko‘p xonali uylarni o‘zboshimchalik bilan yerto‘la va birinchi qavatini buzish yoki rekonstruksiya qilganlik uchun ma’muriy jarimalar kamligi sabab bunday huquqbuzarliklar yildan yilga oshib boryapti. Misol uchun, 2021 yilda 833 bor ruxsatsiz qurilish qilingan bo‘lsa, 2022 yilda bu raqam 1870 taga ko‘paygan. Tasdqilangan bosh rejani buzish holati esa 2021 yilda 17 ta, 2022 yilda 24 tani tashkil qilgan. 

Ayniqsa, ko‘p qavatli uylarning birinchi qavati yoki yerto‘lasini «nejiloy» qilib, tayanch qismini buzib tashlagan holda do‘kon, kafe, restoran va boshqa xizmat ko‘rsatish ob’yektlariga aylantirish odatga aylandi. 2021 yilda 13249, 2022 yilda 11778,  o‘tgan yil esa 13095 bor shunday huquqbuzarliklarga yo‘l qo‘yilgan. Sir emaski, o‘tgan yilning fevralida Turkiyada sodir bo‘lgan kuchli zilzilada qulagan uylarning 30 foiziga aynan pastki qavatlarga kiritilgan o‘zgartirishlar sabab bo‘lgan.

Amaldagi qonunchilikda shaharsozlik talablarini buzganlik uchun ma’muriy jarimalarning kamligi hamda to‘g‘ridan-to‘g‘ri jinoiy javobgarlik belgilanmagani sababli bunday huquqbuzarliklar yildan yilga oshib boryapti. Qurilish sifati esa borgan sari tushib ketmoqda. Eng yomoni, qonunbuzarlar arzimagan miqdordagi jarimani to‘lab, noqonuniy harakatlarini bepisandlik bilan yana davom ettirmoqdalar.

Bunday holatlarning oldini olish maqsadida ushbu qonun loyihasi bilan huquqbuzarliklarning xavfliligi darajasi hamda xorijiy tajribadan kelib chiqib jarimalar miqdori 2 baravardan 10 baravargacha oshirish taklif qilinyapti. Taqqoslash uchun: mamlakatimizda ruxsatsiz qurilish qilganlik uchun eng yuqori jarima amalda  2 740 dollar bo‘lsa, bu miqdor Gruziyada 6 000, Belorussiyada 7 000, Rossiyada 10 500 dollarni tashkil qiladi.

Shuningdek, binoning tayanch va to‘siq qismini noqonuniy buzganlik uchun ma’muriy jarima miqdori oshirilib, jinoiy javobgarlik belgilanyapti. Xususan, buning uchun jarima 2 baravarga oshirilib, fuqarolarga 17 million so‘m, mansabdorlarga esa 34 million so‘m tarzida belgilanmoqda. Noqonuniy qurilish bartaraf etilgan taqdirda esa jazo qo‘llamaslik talabi saqlab qolinmoqda. Umuman, bu kabi qilmishlar uchun 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi ham taklif etilayotganini aytish joiz.

Fraksiya a’zosi Farhod Zayniyev ushbu qonun loyihasi juda ham dolzarbligini, biroq loyihada yuridik va tahrir jihatdan kamchiliklar ko‘pligini ta’kidladi. Deputat qonun loyihasiga mas’ul qo‘mita vakili sifatida ikkinchi o‘qishda bu kamchiliklar albatta tuzatilishini ma’lum qildi.

Deputatlar shuningdek, noqonuniy qurilishlar inson hayoti bilan bog‘liq ekan, loyihada taklif etilayotgan jarimalar miqdori kamligini ta’kidladilar. Ikkinchi o‘qish jarayonida ushbu masala bo‘yicha fraksiyada alohida ishchi guruhi tuzilib, bu borada xorijiy tajriba o‘rganilib, jazo choralarini yanada kuchaytirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqishga kelishib olindi. Yakunda shunday fikr bildirish mukin: jazolar qonunni buzmoqchi bo‘lgan qurilish kompaniyalari uchun qo‘rqitadigan, to‘xtatadigan darajada bo‘lmas ekan, bunday holatlarni to‘xtatib bo‘lmaydi.