Tanzila Norboyeva: Bu “...Istalgan yerni egallab olib, imorat qursam bo‘laveradi, davlat rasmiylashtirib beraveradi,” degani emas

Tanzila Norboyeva: Bu “...Istalgan yerni egallab olib, imorat qursam bo‘laveradi, davlat rasmiylashtirib beraveradi,” degani emas

Mustaqillikning dastlabki yillaridanoq mulk va mulkiy munosabatlar og‘riqli masala bo‘lib kelgan. Mana, oradan 30 yildan oshsa hamki, mulkka bo‘lgan munosabat deyarli o‘zgarmadi.

Oliy Majlis Senatining navbatdagi yalpi majlisida ham ayni shu masala bosh masala sifatida kun tartibiga kiritilgani bejiz emas!  Majlisda “O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi atroflicha muhokama qilindi. Bundan oldinroq esa bir qator OAV va ijtimoiy tarmoqda ushbu “qonun loyihasi yo‘qolib qoldimi” qabilidagi chiqishlar ham bo‘lgandi. Senatorlarning fikricha, qonunning maqsadi o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalari hamda ularda qurilgan bino va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.

Qonunda yer uchastkasi va unda qurilgan imoratga bo‘lgan huquqni, shuningdek, yakka tartibdagi uy-joy qurilgan yer uchastkasiga ijara huquqini e’tirof etishning aniq tartiblari belgilandi. Ortiqcha egallangan yer uchastkasiga, bog‘dorchilik va uzumchilik shirkatlari hududida joylashgan turar joylar egallagan yer uchastkasiga, kichik sanoat zonalari hududidagi yer uchastkasiga bo‘lgan ijara huquqini e’tirof etish asoslari mustahkamlandi. 

Mazkur masala yuzasidan fikr bildirgan Senat Raisi T.Norboyeva ushbu qonun xalqimiz kutayotgan qonunlardan biri ekanini ta’kidladi. 

– Haqiqatdan ham o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yerlar hamda ularda qurilgan bino-inshootlarga mulk huquqini e’tirof etish bo‘yicha keyingi yillarda e’lon qilingan “aksiya”lar inson manfaatlari yo‘lida amalga oshirilmoqda, – dedi Tanzila Norboyeva. – Bu boradagi ishlarning alohida, yaxlit qonun bilan tartibga solinishi, shubhasiz, sifat va samaradorlikka xizmat qiladi. O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yerlar va binolarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etishda nogironligi bo‘lganlarga, kam ta’minlanganlarga yengilliklar nazarda tutilgani juda muhim. Ayni paytda shuni ham alohida aytish kerakki, qonun mazmun-mohiyati, tuzilishi va boshqa xususiyatlariga ko‘ra, har bir kishidan sinchkovlikni ham talab qiladi.

Qolaversa, ushbu qonun shahar aholisi uchun ham, uzoq tuman, qishloq, ovul aholisi uchun ham birdek muhim va dolzarb. Yana bir gap shuki, qonunning qabul qilinishi yaxshi, albatta. Biroq, bu odamlar ongida “istalgan yerni egallab olib, imorat solsam bo‘laveradi, davlat baribir rasmiylashtirib beraveradi”, degan noto‘g‘ri qarashni shakllantirib qo‘ymasligi kerak. Bu borada qonun ustuvor bo‘lishi zarur. 

Majlisda qonunda o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga taalluqli ma’lumotlar va hujjatlar avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali bosqichma-bosqich kiritilishi nazarda tutilayotgani qayd etildi. Senatorlar ma’qullagan qonun yer uchastkalariga nisbatan ijara huquqi hamda ularda qurilgan bino va inshootlarga nisbatan mulk huquqi e’tirof etilishiga ko‘mak beradi. Bu bilan esa aholining ijtimoiy, iqtisodiy hamda ushbu bino va inshootlarni kommunal tarmoqlarga ulash bo‘yicha tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishda yuzaga kelayotgan muammolarining hal etilishiga imkon yaratiladi.