Partiya kelishilgan o‘yinlaru, o‘yinchilarga ham, pirotexnikaga o‘yinchoq deb qarayotganlarga ham jinoiy javobgarlik belgilamoqchi

“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishida “Sport sohasida korrupsiyaning oldini olish maqsadida O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda muhokama qilindi.

Ta’kidlanganidek, keyingi ikki yilda sportni rivojlantirish bo‘yicha 30 dan ortiq normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilinib, oxirgi besh yilda qariyb 4 trillion so‘m ajratilgani soha rivojiga xizmat qilmoqda. Biroq bu soha ham korrupsiyadan holi emas, ayniqsa, futboldagi kelishilgan o‘yinlar bilan bog‘liq holatlar nafaqat sportchilarni, balki millionlab muxlislarning ham hafsalasini pir qilmoqda. Bu noxushlik mamlakatimizning xalqaro miqyosdagi obro‘-e’tibori va imijiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatayotir. 

Ma’lumotlarga qaraganda, 2019-2023 yillarda 30 nafardan futbolchi va hakamlar, 8 nafar murabbiy, 7 nafar futbol klubi rahbari va 2 nafar futbol klubi ma’muriyati xodimi – jami 77 nafar sportchining kelishilgan o‘yinlarda ishtirok etgani aniqlanib, ularga nisbatan tegishli choralar ko‘rilgan. Jumladan, ulardan 32 nafari ma’lum muddatga yoki umrbod sportdan chetlatilgan bo‘lsa, 26 nafari 1 million so‘mdan 50 million so‘mgacha jarimaga tortilgan. Ammo shuni alohida ta’kidlash joizki, qonunchilikda bu borada aniq javobgarlik belgilanmagani bois, tegishli hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yetib kelmayapti, aybdorlar esa yengil jazolar bilan qutilyapti. Kelishilgan o‘yinlar soni esa yildan-yilga ortyapti.   

Bir necha yildirki BMT va boshqa xalqaro tashkilotlar O‘zbekistonga bunday qilmishlar uchun qonunchilikda jinoiy javobgarlik belgilashni tavsiya etib keladi. Bilamizki, AQSH, Xitoy, Fransiya, Yaponiya, Germaniya, Janubiy Koreya, Ozarbayjon Latviya kabi aksariyat davlatlar qonunlarida shunday normalar belgilangan. 

Shu sababli, xalqaro norma va standartlarni milliy qonunchiligimizga moslashtirish maqsadida Jinoyat kodeksiga tegishli moddalar kiritilib, hatto bunday harakatlarni juda ko‘p miqdorda va uyushgan holda sodir etganlarni bazaviy hisoblash miqdorining 600 yuz baravarigacha (204 million) miqdorda jarimaga tortish yoki 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish taklif qilinyapti. Shuningdek, sport musobaqalari natijalariga qonunga xilof ravishda ta’sir ko‘rsatishning oldini olish va unga qarshi kurashish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilanmoqda.

Yig‘ilishda “O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga pirotexnika buyumlarining qonunga xilof muomalasining oldini olish tizimini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi qonun loyihasi ham muhokama qilindi.

Qonun tashabbuskorlarining qayd etishlaricha, amaldagi normada pirotexnika buyumlarining noqonuniy muomalasi uchun bir xil javobgarlik belgilangan. Xususan, bunday buyumlardan qonunga xilof ravishda foydalanish, ularni xavfsizlik talablariga javob bermaydigan joylarda saqlash, ishlab chiqarish va tayyorlash yoki O‘zbekistonga olib kirish 1,7 million so‘mdan 6,8 million so‘mgacha jarima bilan jazolanishi belgilangan.  

Biroq bu norma pirotexnika buyumlarining noqonuniy aylanmasini cheklay olmayapti. Ma’lumotlarga qaraganda, 2021–2023-yillarda 1 milliard 693 million so‘mlik shunday buyumlari qonunga zid holatda olib kirilgan.
Endi ushbu qonun loyihasi bilan xavflilik darajasidan kelib chiqib, javobgarlik uch toifaga ajratilmoqda va 5,1 million so‘mdan 17 million so‘mgacha jarima belgilash taklif qilinyapti. 

Shuningdek, pirotexnika buyumlarining noqonuniy aylanishiga qarshi kurashish tizimini mustahkamlash maqsadida tegishli ma’muriy bayonnomalarni rasmiylashtirish vakolati Milliy gvardiyadan tashqari ichki ishlar organlariga ham berilmoqda.
Fraksiya rahbari Alisher Qodirov qonun loyihasiga munosabat bildirib, pirotexnika vositalarini o‘ynayotgan yoshdagi bolalarni jazo bilan qo‘rqitib bo‘lmasligini ta’kidladi.

– Aslida jarimaning oshirilishi masalaning yechimi emas, pirotexnika  buyumlarining mamlakatimizga noqonuniy kirib kelishi butunlay cheklanmas ekan, muammo barham topmaydi, – dedi Alisher Qodirov.

Qonun tashabbuskorlari ham bu fikrni qo‘llab-quvvatlab, ushbu qonun loyihasi bilan aynan pirotexnika bumlarini olib kirganlar va tarqatganlarga nisbatan qat’iy jazo belgilanayotganini, bu o‘z-o‘zidan undan foydalanuvchilar sonining kamayishiga olib kelishini qayd etdilar. Chunki har qanday talab taklifdan kelib chiqadi.  

Deputat Jahongir Abdurasulov esa pirotexnika vositalarini kontrabanda yo‘li bilan olib kirayotganlarga qarshi jarima emas, jinoiy javobgarlik belgilash lozimligini ta’kidladi.

Qizg‘in muhokamalardan so‘ng deputatlar ikkinchi o‘qishda qonun loyihasini takomillashtirish, kerak bo‘lsa jarimalar miqdorini yanada oshirish, shuningdek, bu borada ota-onalarning javobgarligi va mas’uliyatini yanada kuchaytirishni taklif qildilar.