Korrupsiyaga murosasiz avlod o'z-o'zidan paydo bo'lmaydi

Korrupsiyaga murosasiz avlod o'z-o'zidan paydo bo'lmaydi

Vazirga taklifim bor!

2024 yilning 6 oyida jinoyatga qo‘l urganlar orasida mansabdorlar soni 34 foizga oshibdi. Boshqacha aytganda, 2525 ta jinoyat ishi bo‘yicha 2389 nafar mansabdor shaxs jinoiy javobgarlikka tortilibdi. 2023 yilda esa 3575 nafar mansabdor shaxs jinoiy javobgarlikka tortilgan bo‘lib, bu 2022 yilga nisbatan 14,7 foizga ko‘p bo‘lgan.

Qayd etilishicha, bunda asosan o‘zlashtirish, talon-toroj qilish, firibgarlik va pora oldi-berdisi bilan bog‘liq jinoyatlarga qo‘l urilgan. Ulardan yetkazilgan zarar 2024 yilning birinchi yarim yilida 1 trillion 466 milliard so‘mni tashkil etibdi. (2023 yilda 879 milliard so‘m). 

Ma’lumki, korrupsiyaga qarshi kurash maktabdan, lozim bo‘lsa, bog‘chadan boshlanishi zarurligi qayta-qayta ta’kidlansa-da, biz asosiy e’tiborni targ‘ibot tadbirlariga qaratishda davom etyapmiz. Ammo achchiq haqiqat shundaki, bu illatni ma’naviyat soatlari yoki tarbiya darslarida muhokama qilish bilan natijaga erishib bo‘lmaydi. Zotan, yangi avlod korrupsiyaga o‘ta murosasiz bir ruhda ulg‘ayishi, na ko‘rinish va na shaklu shamoyilga ega bu illat o‘zi, oilasi va yaqinlari, umuman jamiyat uchun xavfli ekanini to‘la anglashi uchun unga qarshi kurashning eng zamonaviy usul va uslublaridan foydalanish talab etilmoqda. 

Korrupsiyaga qarshi kurashuvchi xalqaro tashkilotlar xulosasiga ko‘ra, bugun dunyo davlatlarining milliy muammosiga aylangan bu illat nafaqat davlatning iqtisodiy xavfsizligiga, balki har bir millatning qadriyat va an’analari, axloq, huquqiy asoslari va ijtimoiy adolat tuyg‘ularining mohiyatini ham butunlay yo‘q qilar ekan.

Bu borada olib borilgan tadqiqotimiz axborot, g‘oya va ta’lim dunyoni o‘zgartirishga xizmat qiladigan eng kuchli qurol ekanligini ko‘rsatdi. Korrupsiyaga qarshi kurashish chora-tadbirlarini kompleks, tizimli ishlab chiqish uchun nafaqat huquqshunoslik, balki boshqa fanlar imkoniyatlaridan ham maksimal foydalanish zarur. Xususan, korrupsiyaga qarshi ta’lim vertikal va gorizontal ravishda o‘quv jarayonlariga ham integratsiya qilinishi shart. Vertikal integratsiya bu – o‘quvchilarning yoshini hisobga olgan holda korrupsiyaga qarshi ta’lim mazmunining uzluksizligi va yaxlitligini ta’minlash. Gorizontal integratsiya esa – uzluksiz ta’limning har bir bosqichida korrupsiyaga qarshi ta’limni o‘quv jarayoniga kiritish. Korrupsiyaga qarshi ta’lim faqat boshlang‘ich sinflar yoki faqat o‘rta maktabda bo‘lmasligi kerak.

Ta’kidlash joizki, bugunning yoshlari o‘tgan o‘n yilliklardagi tengdoshlariga qaraganda ancha ilg‘or. Ular axborotga muhtoj emas! Axborot bugun hamma joyda – darsda, tanaffusda, uyda ham yetarli. Yoshlar o‘zlariga kerak bo‘lgan barcha ma’lumotlar, hatto kerak bo‘lmaganlaridan ham hech qanday to‘siqlarsiz foydalanishmoqda. Ya’ni farzandlarimizga yangiliklar lentalari, son-sanoqsiz chatlar, kontekstli reklama va boshqa axborot oqimi turli formatlarida yog‘dirilmoqda. Ularni tahlil qilish, o‘ylash, solishtirish yoki shunchaki tushunish uchun esa yetarlicha VAQT berilmayapti... Aynan ana shu vaqtni izlash, topish, samarali foydalanish bugungi pedagogning asosiy vazifasidir.

Biz taklif qilayotgan pedagogik yondashuvda esa ushbu yo‘nalishda mustaqillik, ijodkorlik, maqsadlarga erishish kabi zarur fazilatlar shakllantiriladi. Ta’lim tashkilotlarining ta’lim-tarbiyaviy ishlarida shaxsning korrupsiyaga qarshi pozisiyasini shakllantirish uchun ma’ruzachilik, nazoratchilik, rahbarlik kabi formatlar emas, balki ta’lim oluvchilarning bevosita ishtirok etish imkoniga ega bo‘lgan amaliy mashg‘ulot, rolli o‘yinlar, treninglarga ustunlik berish kerak.

Yuqoridagi vazifalarni amalga oshirish uchun ta’lim tizimi barcha ilm-fan yo‘nalishlari hamkorligida aniq harakatlar strategiyasi va tobora murakkablashib borayotgan dunyoda zamonaviy shaxsning modeli, sifat va fazilatlarini shakllantirishninig pedagogik texnologiyalar majmuini ishlab chiqish zarur.
Korrupsiyaga qarshi ta’lim muayyan ijtimoiy tizimning hayotiy faoliyatini ta’minlashga qaratilgan bo‘lib, uning asosiy xususiyati korrupsiyaning axloqiy, huquqiy, iqtisodiy, siyosiy, texnologik, ekologik, ijtimoiy-pedagogik va ijtimoiy-psixologik jihatlariga yaxlit, tizimli qarashni nazarda tutadi.

Umuman olganda, nafaqat davlat iqtisodiyotiga, balki insoniyatga ham halokatli ta’sir ko‘rsatayotgan korrupsiyaviy holatlar evolyusiyasi bizni yoshlar bilan faol ma’naviy-axloqiy va ma’rifiy ishlar olib borish haqida jiddiy o‘ylashga majbur qiladi. Ta’kidlash lozimki, bugun huquqshunoslik, kriminologiya fanlari bilan pedagogika fani o‘rtasida bog‘liqlik yo‘qligi, ularning bir-biridan uzilib qolganligi korrupsiya holatlarining ham davom etishidan dalolat beradi.

Vaholanki, profilaktika (yun. profilaktikos – saqlovchi, oldini oluvchi) pedagogikaning asosi, ajralmas qismidir. Korrupsiyaga qarshi kurashda pedagogik imkoniyatlardan foydalanishni ilmiy nuqtai nazardan o‘rganishning dolzarbligi shundaki, huquqshunoslik, kriminologiyadan farqli ravishda, pedagogika har bir shaxsda ijobiy sifat va fazilatlarni shakllantirishga xizmat qiladi.

Xulosa o‘rnida qayd etish joizki, korrupsiyaga qarshi kurashishni aynan bog‘cha va maktablardan boshlasak, ta’limning boshqa bo‘g‘inlari o‘z-o‘zidan “tozalanadi”. To‘g‘ri, buning uchun yillar kerak bo‘ladi. Shuning uchun ham Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi mutasaddilari ta’lim maskanlarida korrupsiyaga qarshi immunitetni mustahkamlash uchun maqbul modullar ustida ko‘proq o‘ylasalar, bu borada barqaror rejalar qabul qilsa maqsadga muvofiqdir.