Inklyuziv ta’lim: Ilgari qog‘ozda edi, bugun esa amalga oshganini ko‘ryapmiz

Inklyuziv ta’lim: Ilgari qog‘ozda edi, bugun esa amalga oshganini ko‘ryapmiz

Yurtimizda alohida ta’limga muhtoj bolalar uchun inklyuziv ta’limni rivojlantirish, jumladan, umumta’lim maktablarida boshlang‘ich tayanch korreksion sinflarni ochishga alohida e’tibor qaratilayotgani bejiz emas. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad bitta: imkoniyati cheklangan insonlarni umidsizlik, ishonchsizlik kayfiyatidan xalos etish, yashashga ishtiyoqini oshirish hamda boshqalar qatori jamiyatda o‘z o‘rnini egallashlariga ko‘maklashishdir.

Xo‘sh, inklyuziv ta’lim nima o‘zi, nega so‘nggi yillarda bu masalaga katta e’tibor qaratilmoqda? Aytish joizki, inklyuziv ta’lim – bu nogiron yoki boshqa sabablar tufayli maxsus yordamga muhtoj bolalar uchun moslashuvchan va individuallashgan yordam tizimi hamda barcha bolalarni teng ko‘rishni ko‘zda tutadigan ta’lim turidir.

Bugun mamlakatimizda ixtisoslashtirilgan bunday maktab va maktab internatlari soni 90 taga yetdi. Ularda 21 447 nafar bola ta’lim olayotgan bo‘lsa, sanatoriy turidagi 22 ta maktab-internatlarida 5804 nafar o‘quvchi, 24 ming 196 nafar imkoniyati cheklangan o‘quvchilar esa umumta’lim maktablarida tahsil olmoqda.

Shuningdek, 17 ta ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi o‘quvchilar uchun ixtisoslashgan maktab va maktab internetlarida 2 941 nafar o‘quvchi ta’lim olyapti. O‘tgan davrda mazkur ta’lim muassasalarini zarur adabiyotlar, o‘quv qurollari, turli kasblar bo‘yicha o‘qitish uchun moddiy-texnik baza va jihozlar bilan ta’minlash bo‘yicha ham muayyan ishlar amalga oshirildi.

Xususan, ushbu toifadagi maktablar uchun 2022-2023 o‘quv yiliga 28 nomdagi 26 936, 2023-2024 o‘quv yilida esa 27 nomdagi 42 131 nusxada Brayl yozuvidagi darsliklar chop etilib, joylarga yetkazib berildi. Nogironligi bo‘lgan ota-onalarni qo‘llab-quvvatlash va ularga psixologik yordam ko‘rsatish maqsadida 13 nomdagi metodik qo‘llanmalar ishlab chiqildi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari qo‘mitasi a’zolaridan iborat bir guruh deputatlar bu borada belgilangan vazifalar ijrosi ustidan deputatlik nazoratini o‘rnatish maqsadida hududlardagi ta’lim tashkilotlarida bo‘lib, yoshlar uchun yaratilgan sharoitlarni o‘rgandilar.

Xususan, Uzun tumanidagi o‘rganishlarimiz jarayonida tumanda 3 maktabda inklyuziv ta’lim tashkil etilgani, 1-5 va 49-maktablarda boshlang‘ich sinflarda inklyuziv ta’lim joriy etilganiga guvoh bo‘ldik. Ushbu ta’lim muassasalarida o‘quvchilar uchun yaratilgan sharoitlar kishini xursand qiladi. Sababi bu yerda yoshlarning sifatli ta’lim olishlari uchun barcha qulayliklar yaratilgan.

Bunday ijobiy o‘zgarishlar, yangilanishlar Buxoro viloyatida ham yaqqol ko‘zga tashlanmoqda. Masalan, birgina Olot tumanidagi 7-9-14-27-umumta’lim maktablarida 2023-2024-o‘quv yilida alohida ta’lim ehtiyojlariga ega bo‘lgan bolalar uchun inklyuziv sinflarida ta’lim-tarbiya yo‘lga qo‘yilgan.
Andijon viloyatining Qo‘rg‘ontepa tumani hamda Xonobod shahrida tashkil etilgan inklyuziv sinflarda ham imkoniyati cheklangan o‘g‘il-qizlarimiz uchun barcha imkoniyatlar, qulayliklar yaratilibdi. 

Ochig‘ini aytish kerak, yaqin yillargacha imkoniyati cheklangan bolalarning boshqa sog‘lom bolalar bilan teng sharoitda o‘qiyapti, deb maqtana olmasdik. Bugungi kunda ushbu toifadagi ko‘plab yoshlarimiz inklyuziv ta’lim bilan to‘liq qamrab olinmoqda, deya baralla aytolamiz. 

Bir so‘z bilan aytganda, bugun mamlakatimizda nogironligi bo‘lgan bolalarga nafaqat sifatli ta’lim berish, balki jamiyatning ularni ham barcha qatori qabul qilishi uchun hamma sharoitlar yaratilmoqda. Zero, ularning ham shu yurtning teng huquqli fuqarolari sifatida o‘z orzu-maqsadlariga erishishga haqlari bor.