Devid Kemeron O‘zbekistonga qanday maqsadda keldi?

Devid Kemeron O‘zbekistonga qanday maqsadda keldi?

Buyuk Britaniya Tashqi ishlar vaziri Devid Kemeron Markaziy Osiyo mamlakatlari va Mo‘g‘ulistonga tashrifi arafasida e’lon qilgan maqolasida o‘z mamlakatining xuddi O‘zbekiston kabi bugungi noaniqliklarga to‘la dunyoda xalqaro hamkorlikni diversifikatsiya qilishning ahamiyatini yaxshi tushunadi, deb yozgan edi.

– Biz rivojlanib borayotgan xavfsizlik bo‘yicha hamkorligimizni yanada mustahkamlashimiz, muloqotlarimizni chuqurlashtirib, xavfsizlik kuchlari bilan mashg‘ulotlarni kengaytirishimiz lozim. 

Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziri Devid Kemeron boshchiligidagi delegatsiya kecha O‘zbekistonga keldi. Taniqli siyosatchi 23 aprel kuni dastlab mamlakatimiz tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov bilan uchrashdi.

O‘zaro muloqot davomida mintaqaviy xavfsizlik, ta’lim, iqlim o‘zgarishlari, ikki tomonlama savdo hamda biznes aloqalarini rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi. Suhbatdan so‘ng Devid Kemeron ommaviy axborot vositalari vakillariga intervyu berdi.

O‘zA muxbiri O‘zbekiston va Buyuk Britaniya munosabatidan kelib chiqib, Birlashgan Qirollik tashqi siyosat idorasi rahbariga bir qator savollar bilan murojaat qildi.

– Janob vazir, O‘zbekiston va Buyuk Britaniya iqtisodiy hamkorligi salohiyatini qanday baholaysiz, mavjud aloqalarni rivojlantirish uchun qanday choralar ko‘rilmoqda?

– Biz birgalikda oldinga qarab dadil qadam tashlayapmiz. Mamlakatlarimiz o‘rtasida kichik biznes va investisiyani yanada rivojlantiryapmiz. Yashil texnologiya bo‘yicha hamkorlikning yangi bosqichini boshladik.
Yana bir gap, Buyuk Britaniya qishloq xo‘jaligi sohasida mavsumiy ishchilar uchun maxsus sxema bor. Ushbu dasturda o‘zbekistonliklar ham muntazam ishtirok etyapti.
Shuningdek, O‘zbekistonda Britaniyaning 10 dan ortiq universitetlari faoliyat yuritmoqda. Hamkasbim bilan qanday qilib yanada ko‘proq natijaga erishish mumkinligi xususida gaplashdik.
Ish o‘rni, savdo-sotiq, biznes va yashil texnologiyani har ikki mamlakatda kengaytirish umumiy manfaatimizga mos keladi, deb o‘ylayman.

– Yevropa davlatlari munosabati nuqtai nazaridan, qolaversa, Birlashgan Qirollik rasmiy vakili sifatida yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, o‘zgarishlarga qanday qaraysiz?

– Bilasizmi, mamlakatingizda amalga oshirilayotgan islohotlarni diqqat bilan kuzatib boramiz va mamnuniyat bilan olqishlaymiz. Bu yuksak natijalar O‘zbekiston uchun rivojlanish tendensiyasini belgilab beradi.
Safar davomida ta’lim sohasidagi hamkorlik ko‘lamini yanada kengaytirish, biznes va savdo aloqalarini kuchaytirish kabi ko‘plab masalalarni muhokama qilish rejalashtirilgan.

– Bugungi globallashuv zamonida Markaziy Osiyo mintaqasi Buyuk Britaniya uchun qay darajada jozibador, deyish mumkin?

– Markaziy Osiyo – dunyoning muhim mintaqalaridan biri. Hududda juda kuchli qo‘shnilar bor va ular bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. O‘z navbatida, biz ham sizlar bilan ta’lim, iqlim o‘zgarishi, biznes yoki savdo sherikligi rivojlanishini istaymiz.
Muammo nimada? Muammo butun dunyoda bir xil: qanday qilib yangi ish o‘rinlari yaratish, yuksak marralarga erishish va eng muhimi fuqarolarimiz farovonligini ta’minlash mumkin?
Ana shu masalalarni birgalikda hal etishimiz lozim. O‘ylaymanki, davlatlarimiz o‘rtasidagi munosabat yanada ravnaq topadi.