Deputatlar “aqlli hisoblagich”lar bo‘yicha “Hukumat eshituvi” o‘tkazishni taklif etishdi

“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishida “Yoqilg‘i-energetika sohasida davlat nazorati mexanizmlari hamda ijro ishini yuritishning soddalashtirilgan tartibi yanada takomillashtirilgani munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi muhokama qilindi.

Ta’kidlaganidek, so‘nggi yillarda yurtimizda yoqilg‘i-energiya resurslaridan samarali foydalanish, ularni talon-toroj qilish holatlarining oldini olish, sohaga investisiya jalb etish orqali bozor mexanizmlarini joriy etish borasida tizimli ishlar olib borilmoqda.

Shu bilan birga, yoqilg‘i-energetika sohasida davlat nazoratini ta’minlash borasida bir qator muammolar saqlanib qolyapti. Jumladan, yoqilg‘i-energiya resurslarini ishlab chiqarishdan boshlab iste’molchiga yetkazib berilgunga qadar bo‘lgan jarayonlarni nazorat qilishda zamonaviy axborot-kommunikatsiya vositalari to‘liq tatbiq etilmagani inson omilining yuqori darajada saqlanib qolishiga sabab bo‘lyapti.

Belgilangan normaga ko‘ra, Majburiy ijro byurosi organlariga taqdim etilayotganda ijro hujjatlariga iste’mol qilingan energiya va ichimlik suvi uchun majburiy to‘lovlarni undirish to‘g‘risidagi ariza vakolatli organga yoki mansabdor shaxsga berilguniga qadar qarzdor – yuridik shaxs energiya va suv ta’minotidan uzilganligini tasdiqlovchi hujjatlar ilova qilinishi belgilangan. Biroq jismoniy shaxslar uchun bunday talab mavjud emas va ushbu qonun loyihasi bilan endilikda mazkur normani jismoniy shaxslarga ham qo‘llash taklif etilyapti. 

Zero, joriy yilning o‘tgan davridagina 7 713 nafar qarzdor iste’molchi bo‘laturib, ularni tarmoqdan uzish imkoni bo‘lmadi. Oqibatda qarzdorlik o‘z vaqtida uzilmagan va bu MIBning mazkur toifadagi hujjatlar ijrosini ta’minlashda ortiqcha vaqt, kuch va vositalar sarflashiga sabab bo‘lgan.

Vaholanki, 2022 yilning 1 iyunidan ishga tushirilgan Byuroning axborot texnologiyalari yordamida masofaviy ishlaydigan 15 ta tumanlararo bo‘limlari tomonidan fuqarolar ishtirokisiz va majburiy ijro harakatlari o‘tkazilmasdan 2,7 mln. ta (1 trln. so‘m) hujjat ijro qilingan. Mazkur tumanlararo bo‘limlarning bir nafar xodimi tomonidan bir oyda o‘rtacha olti baravar ko‘p hujjatlar ijrosi ta’minlanmoqda.

Bundan tashqari, kam ahamiyatli bo‘lgan pochta xarajatlarini ham majburiy ijro harakatlari o‘tkazmasdan ijro ishini soddalashtirilgan tartibda yuritish zarurati mavjud. Shu bois, pochta xarajatlari uchun majburiy to‘lovlarni undirish to‘g‘risidagi sud hujjatlarini soddalashtirilgan tartibda yuritish tatbiq etilmoqda. 

Fraksiya rahbari Alisher Qodirov qonun loyihasiga munosabat bildirib, bugun aholi deyarli to‘liq “aqlli hisoblagich”lardan, ya’ni masofadan boshqaruv tizimidan foydalanayotgan bo‘lsa, bunday muammo qayerdan paydo bo‘lmoqda, degan savolni o‘rtaga tashladi.

– Tegishli qaror bilan iste’molchilar to‘liq ushbu tizimga o‘tkazilishi kerak edi. Demak, yuqoridagi kabi muammolarning paydo bo‘lishi aslida aholi to‘liq “aqlli hisoblagich”lar bilan ta’minlanmaganida, – dedi fraksiya rahbari. 
Fraksiya a’zosi Davron Aripov ham bu fikrni qo‘llab-quvvatlab, birgina Bekobod tumanining o‘zida 3000 fuqaro ushbu masalasida murojaat qilganini, ishlab chiqaruvchi tashkilot ikki yildan buyon “aqlli hisoblagich”larni yetkazib berolmayotganini ma’lum qildi.

Qonun tashabbuskorlari bu savolga javob qaytarar ekanlar, bu Majburiy ijro byurosining xizmat doirasidan tashqaridagi masalalar ekanini, bu ishlarga energosotish idoralari mas’ul bo‘lib, MIB qarzdorlikni faqat sud qaroridan keyin undirish bilan shug‘ullanishini bildirdilar. 

Qizg‘in muhokamalardan so‘ng fraksiya a’zolari aholi nima uchun shu paytga qadar to‘liq “aqlli hisoblagich”lar bilan ta’minlanmagani masalasida “Hukumat eshituvi”ni o‘tkazish taklifini ko‘tarib, qonun loyihasini birinchi o‘qishda ma’qulladilar.  
Yig‘ilishda “Ijrochilar, fonogramma tayyorlovchilar va eshittirish tashkilotlari huquqlarini muhofaza qilish to‘g‘risidagi xalqaro konvensiyani (Rim, 1961 yil 26 oktyabr) ratifikatsiya qilish haqida”gi qonuni loyihasi ham muhokama qilindi.

Ta’kidlanganidek, hozirgi kunda mamlakatimizda xorijiy turdosh huquq egalarining ijro, fonogramma, eshittirishlarga bo‘lgan huquqlari Bern konvensiyasi bo‘yicha mualliflik huquqi doirasida muhofaza etiladi. Biroq o‘rganishlarda aniqlanishicha, xorijiy huquq egalarining ijrosidan, fonogramma va eshittirishlar tayyorlovchi tashkilotlarning eshittirishlaridan foydalanish noqonuniy asosda amalga oshirilish holatlari ko‘p uchramoqda.

O‘zbekistonning xalqaro konvensiyaga qo‘shilishi shubhasiz, mualliflik huquqi va turdosh huquqlar borasidagi faoliyatni tartibga solishga xizmat qiladi. Jumladan, O‘zbekiston Rim konvensiyasi ishtirokchisiga aylangach, bu boradagi xalqaro standartlarni ro‘yobga chiqarishni o‘z zimmasiga oladi hamda bozor munosabatlarini rivojlantirishga xizmat qiladi. Shuningdek, mamlakatimizning jahondagi imiji, investision jozibadorligini oshirish hamda Jahon savdo tashkilotiga kirishida ham Intellektual mulk bilan bog‘liq qoidalarni implementatsiya qilish imkonini beradi.

Ma’lumki, bugunga kelib dunyoning 97 ta davlatini birlashtirgan Rim konvensiyasi funksiyalarining ma’muriy boshqaruvi Butunjahon intellektual mulk tashkiloti tomonidan BMTning ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha tashkiloti – YUNESKO va Xalqaro mehnat tashkiloti bilan hamkorlikda amalga oshiriladi.