Bu – Mening tanlovim

Bu – Mening tanlovim

2024 yil insoniyat tarixidagi eng yirik saylovlar yili deyilmoqda. Zero, joriy yil dunyoning 60 dan ortiq mamlakatida saylovlar o‘tishi belgilangan. Tahlilchilarning fikricha, ana shu saylovlarda 2 milliardga yaqin fuqaro, ya’ni dunyo aholisining to‘rtdan bir qismi ishtirok etadi. 

Mamlakatimizda esa Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy kengashlarga bo‘ladigan saylovlar 27 oktyabr – yakshanba kuniga belgilandi. 
MSKning shu haqdagi qaroridan keyin siyosiy partiyalar bu jarayonga qizg‘in tayyorgarlik ko‘ra boshladi. Saylovlarda yuqori natijalarga erishishni bosh maqsad qilgan “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi ham dastlab, hududiy kengashlar raislari uchun maxsus o‘quvlar tashkil qildi. Keyin esa bu tadbirlar viloyatlarga ko‘chdi. Dastlab, Toshkent va Namanganda mintaqaviy o‘quvlar o‘tkazildi. Keyin Buxoro davlat pedagogika institutida  mezbon viloyat va navoiylik partiyadoshlar uchun o‘quv seminar tashkil etildi.

Partiyaning Jizzax, Samarqand va Sirdaryo viloyatlari vakillari uchun Jizzax davlat pedagogika universitetida, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazmlik partiya faollari uchun esa Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetida o‘quvlar tashkil qilindi. 

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, soha mutaxassislari, shuningdek, partiya Markaziy kengashi vakillari ishtirok etgan tadbirlarda Yangi O‘zbekiston islohotlarida saylovlarning ahamiyati, yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga kiritilgan o‘zgarishlar, xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlar kuzatuvchilarining ishtiroki bo‘yicha ma’ruzalar tinglandi. Shuningdek, partiyaning 2020-2024 yillarga mo‘ljallangan Saylovoldi dasturi ijrosi va, albatta yangi dastur loyihasi haqida ma’lumotlar berildi. 

– Maqsadimiz saylovda eng yuqori natijalarga erishish ekan, buning uchun bir kuch bo‘lib birlashishimiz, hamjihatlikda partiyaning maqsad va vazifalarini kengroq targ‘ib qilishimiz lozim, – dedi partiya Markaziy kengashi raisi o‘rinbosari Bahodir Mamatxonov Toshkentda bo‘lib o‘tgan tadbirda.

Buxorodagi mintaqaviy o‘quvda esa Markaziy kengash raisi o‘rinbosari Mirodil Abdurahmonov asosiy e’tiborni yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga kiritilgan o‘zgarishlar – majoritar va proporsional saylov tizimning ahamiyati, bu yilgi saylovlarda partiyaning munosib ishtirok etishi lozimligiga e’tibor qaratgan bo‘lsa, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida o‘tkazilgan o‘quvda Markaziy kengash raisi o‘ribosari Feruza Muhammedjanova partiyaning so‘nggi besh yildagi faoliyati natijalariga to‘xtaldi.

– Bunday o‘quvlarning ahamiyati shundaki, partiyamiz vakillari o‘z bilim va ko‘nikmalaridan saylovlar davrida foydalanishadi, bo‘lajak siyosiy tadbirning xalqaro talablar asosida o‘tishida, eng asosiysi, partiyamizning bosh maqsadiga erishishida bu tajribalar muhim ahamiyat kasb etadi, – dedi Feruza Muhammedjanova.

Ma’lumki, Saylov qonunchiligiga ko‘ra, partiya saylovda ishtirok etish uchun saylov kampaniyasi boshlangan kundan kamida to‘rt oy oldin Adliya vazirligida ro‘yxatga olingan bo‘lishi, shuningdek, o‘zining saylovda ishtirok etishini qo‘llab-quvvatlovchi kamida 40 ming saylovchining imzosini to‘plashi zarur. 
Shundan kelib chiqib, 31 iyul kuni Markaziy saylov komissiyasi tomonidan “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining vakolatli vakiliga partiyaning saylovda ishtirok etishini qo‘llab-quvvatlovchi saylovchilar imzosini to‘plash uchun belgilangan namunadagi imzo varaqalari topshirilgan edi.

Ayni paytda hududlarda imzolar yig‘ish jarayoni qizg‘in pallaga kirdi. Bunda eng avvalo, faol a’zolar, Boshlang‘ich partiya tashkilotlari vakillari, mahalliy kengash deputatlari, «Ayollar» va «Yoshlar» qanoti fidoyilari mahallalar, ta’lim muassasalari, korxona va tashkilotlar, aholi gavjum maskanlar – bozorlar, park va saylgohlarda bo‘lib, imzo to‘plamoqdalar.

Andijon shahrida o‘tkazilgan ana shunday tadbir avvalida saylovlarning mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotidagi ahamiyati, saylov qonunchiligidagi so‘nggi o‘zgarishlar hamda “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining g‘oya va tashabbuslari haqida batafsil ma’lumotlar berildi.

– Imzo yig‘ishda asosan faol va tashabbuskor a’zolarimiz kuchiga tayanyapmiz. Fidoyi a’zolarimiz ko‘magi bilan qamrovni kun sayin kengaytiryapmiz, – dedi partiya viloyat Kengashi raisi Hamidjon Omanov.

Namangan viloyatida ham bu jarayonga qizg‘in kirishildi. Masalan birinchi tadbir – Davlatobod tumanidagi “Yangi O‘zbekiston – yoshlar ziyo maskani”da o‘tkazilgan bo‘lsa, keyingi tadbirlar shahar va tumanlarga ko‘chirildi.

– O‘zim “Milliy tiklanish” a’zosiman. Partiyamizning bo‘lajak saylovda ishtirok etishini qo‘llab-quvvatlab, imzo qo‘ydim va bu, shubhasiz, to‘g‘ri tanlovim bo‘ldi, – deydi tadbirda ishtirok etgan Nodira Omonova.

Toshkent shahar Kengashi tomonidan esa imzo yig‘ish tadbiri uchun poytaxtimizdagi "Magic City" oilaviy ko‘ngilochar bog‘i hamda Seul ko‘chasi tanlandi. Unda avval shaharliklar va shahar mehmonlariga “Milliy tiklanish” partiyasi hamda bo‘lajak siyosiy jarayonining mazmun-mohiyati xususida tushunchalar berildi.

– O‘zim o‘qituvchiman. Shuning uchun ham bizga g‘oyalari yaqin bo‘lgan “Milliy tiklanish”ni qo‘llab-quvvatlab imzo qo‘ydim. Bu partiya biz pedagoglar manfaatini ko‘zlayapti, ta’lim tizimidagi kamchiliklarni ochiq aytayapti, tanqid ham qilyapti. Shuning uchun boshqa hamkasblarni ham “Milliy tiklanish”ni yoqlab ovoz berishga chaqiraman. Chunki hali oldimizda ta’lim-tarbiya sohasida qiladigan tog‘dek ishlarimiz bor, – dedi Nodira Olimova.

Vodiyning eng aholisi zich hududi sanalgan Farg‘onada ham imzo to‘plash jarayoniga faol kirishildi. Islom Karimov nomidagi Farg‘ona teatr va konsert saroyida tashkil etilgan birinchi tadbirda yuzlab fuqarolar “Milliy tiklanish” ishtirokini qo‘llab-quvvatlab, o‘z imzolari bilan niyatlarini tasdiqladilar.
Farg‘ona viloyati Kengashi raisi o‘rinbosari Abror Husainovning aytishicha, yurtdoshlarimizga imzo varaqasi imzoni to‘plagan shaxs tomonidan o‘z familiyasi, ismi, otasining ismi ko‘rsatilgan holda to‘ldirilishi to‘g‘risida ma’lumotlar berilyapti. Shuningdek, tegishli siyosiy partiyaning tuman, shahar tuzilmasi rahbari tomonidan muhr bosib tasdiqlanishi tushuntirilmoqda.

– Aholimizning 60 foizga yaqinini yoshlar tashkil etishini hisobga olsak, bugungi muhim tadbir – imzo yig‘ish jarayonlarida ham tengdoshlarim faolligi bejiz emasligini ko‘ryapman, – deydi Nukus shahridagi Markaziy amfiteatrda tashkil etilgan imzo yig‘ishda ishtirok etgan Bayrambay Do‘stmuratov. – Biz yoshlarga nima kerak? Tinch o‘qisak, o‘zimiz xohlagan sohada ishlasak, oila qurib, Vatanimiz ravnaqiga hissa qo‘shsak, deymiz. Ana shularni o‘ylab “Milliy tiklanish” uchun imzo qo‘ydim. Chunki bu partiyaning asosiy g‘oyalarida ta’lim-tarbiya va yoshlar masalasi ustuvor. 

Partiyaning Navoiy viloyati Kengashi tomonidan “Yangibozor” buyum bozorida o‘tkazilgan imzo to‘plash jarayoni ham ishtirokchilar bilan gavjum bo‘ldi. Avvalo saylov tizimidagi so‘nggi o‘zgarishlar va “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi faoliyati, maqsad va vazifalari haqida atroflicha ma’lumotlar berildi.       
– Bozor qilgani kelgandim. Saylov uchun imzo yig‘ilayotganini ko‘rib keldim va «Milliy tiklanish» partiyasini yoqlab imzo qo‘ydim. Ishonchim komil, buni o‘zim uchun, oilam, farzandlarim uchun eng to‘g‘ri qaror deb bilaman. Partiyaning oilaviy qadriyatlar va yoshlar himoyachisi ekanidan xabarim bor, – deydi navoiylik uy bekasi Gulandom Aminova. 

Ayni paytda imzolarning qariyb 40 foizi yig‘ilgan bo‘lib, bunda Andijon, Buxoro, Namangan, Navoiy va Sirdaryo viloyatlari faol.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy kengashlar saylovining eng muhim bosqichi hisoblangan imzo to‘plash jarayoni 15 avgustgacha davom etadi. Shundan so‘ng partiya Siyosiy Kengashi ijroiya qo‘mitasida hududiy partiya tashkilotlaridan imzo varaqalarini qabul qilish bo‘yicha maxsus ishchi guruhi tuziladi. So‘ngra siyosiy partiyaning vakolatli vakili Qoraqalpog‘iston Respublikasi, har bir viloyat va Toshkent shahri bo‘yicha alohida-alohida qilib tikilgan imzo varaqalarini Markaziy saylov komissiyasiga topshiradi. 

Siyosiy partiyalar taqdim etgan imzo varaqalarining to‘g‘ri to‘ldirilganligi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tekshiriladi va qonun talablariga muvofiqligi to‘g‘risida xulosa beriladi.