BMT Bosh kotibi: «O‘zbekiston sivilizatsiya chorrahasi emas, balki sivilizatsiya markazi»

BMT Bosh kotibi: «O‘zbekiston sivilizatsiya chorrahasi emas, balki sivilizatsiya markazi»

Keyingi yillarda O‘zbekiston xalqaro munosabatlarning teng huquqli sub’yekti sifatida mintaqa va global darajada faol tashqi siyosatni yo‘lga qo‘yib, xorijiy hamkorlar bilan o‘zaro manfaatli munosabatlarni rivojlantirmoqda. Ushbu jarayonlar O‘zbekiston va BMT o‘rtasidagi hamkorlikning yangi bosqichida ham yaqqol namoyon bo‘lyapti.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish 2017 yilda ushbu lavozimdagi ilk rasmiy tashrifini O‘zbekistondan boshlab, BMT va uning tashkilotlari o‘rtasidagi hamkorlikning bugungi holati va uni rivojlantirish istiqbollari, mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik, jumladan, Orol fojiasining ekologik oqibatlarini yumshatishga doir masalalar bilan atroflicha tanishgan edi.

Qayd etish joiz, o‘tgan davr mobaynida O‘zbekiston hamda BMT o‘rtasida global va mintaqaviy tinchlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni ta’minlash borasida ko‘p qirrali hamkorlik kengaydi va bunda Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishga qaratilgan qo‘shma loyihalarga alohida e’tibor qaratildi.

Bugun bu borada 140 ta qo‘shma dastur va loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Xususan, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasining 10 ta maxsus rezolyusiyasi qabul qilindi, shundan 4 tasi to‘g‘ridan-to‘g‘ri Barqaror rivojlanish maqsadlarida belgilangan ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish sohasi, xususan, Orolbo‘yi mintaqasining ekologik xavfsizligini ta’minlashga yo‘naltirilgani bilan ahamiyatlidir.

Ma’lumki, O‘zbekiston 2015 yilning sentyabr oyida BMT Sammitida e’lon qilingan Barqaror rivojlanish maqsadlarining milliy darajada bajarilishiga doir shartlarini qabul qilgan. Shundan keyin Hukumat tomonidan majburiyatlarni amalga oshirishning tashkiliy-xuquqiy asoslari ishlab chiqilib, tizimli ishlar olib borila boshlandi.

2020 yilda esa Oliy Majlis palatalari kengashining qo‘shma qaroriga asosan O‘zbekiston Respublikasini barqaror rivojlantirish sohasidagi milliy maqsadlar va vazifalarning 2030 yilgacha bo‘lgan davrda amalga oshirilishini nazorat qilish bo‘yicha Parlament komissiyasi tashkil etildi.

2020 — 2024 yillarda ushbu komissiya tomonidan 2030 yilgacha bo‘lgan davrda Barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalar yuzasidan 10 dan ortiq nazorat-tahlil faoliyati amalga oshirildi. Masalan, komissiya barqaror rivojlanish sohasidagi 12-maqsadning 12.5 - vazifasi doirasida Toshkent viloyatida chiqindilar masalasida muayyan kamchilik va muammolar borligini ko‘rsatib o‘tdi. Eng asosiysi, har bir o‘rganilgan maqsad va vazifalar yakunida Parlament komissiyasining qarorlari qabul qilinib, tegishli organga ijro uchun taqdim etib borilmoqda.

Darhaqiqat, bugun ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish masalalari davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. O‘tgan qisqa davrda aholining markazlashgan tarzda ichimlik suvi ta’minoti 73 foizga yetkazilgani, agrar sohada har yili 7 mlrd.kub suv iqtisod qilinayotgani, Orol dengizi tubidagi 1,7 mln. gektar maydonda «yashil qoplamalar» barpo etilgani hamda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish 15 foizga yetkazilgani sohada inqilobiy o‘zgarishlar boshlanganidan dalolat, albatta.

BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishning O‘zbekistonga navbatdagi tashrifi o‘zaro hamkorlikni yangi darajaga ko‘tardi, deyish mumkin. Martabali mehmon Barqaror rivojlanish maqsadlarini ro‘yobga chiqarish borasidagi islohotlar bilan yaqindan tanishdi.

Xususan, Bosh kotib Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumanida Saudiya Arabistonining «ACWA Power» kompaniyasi tomonidan qurilayotgan, jami quvvati 200 MVt bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyasi faoliyati, shuningdek, «O‘zbekiston — 2030» strategiyasiga asosan qayta tiklanuvchi energiya manbalari salmog‘ini 40 foizga yetkazish borasidagi energetika strategiyasi taqdimoti bilan tanishdi.

Safar taassurotlari asosida esa janob Guterrish amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlarga baho berib, «O‘zbekiston sivilizatsiya chorrahasi emas, balki sivilizatsiya markazi», deya ta’kidladi. 

Bu shubhasiz, barcha davlat va hokimiyat organlari hamda fuqarolarimizga katta faxr va iftixor to‘yg‘usi bilan birga yuksak ma’suliyat ham yuklaydi.