Bandlik: byurokratik to‘siqlar bartaraf etilmoqda

Bandlik: byurokratik to‘siqlar bartaraf etilmoqda

“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishi “Fitosanitariya talablari yengillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining “O‘simliklar karantini to‘g‘risida”gi Qonunining 29-moddasiga o‘zgartirish kiritish haqida”gi qonun loyihasi muhokamasi bilan boshlandi.

Garchi keyingi yillarda aholini sifatli oziq-ovqat bilan ta’minlash, narx-navo barqarorligini saqlash hamda ijtimoiy ahamiyatga molik mahsulotlarni chetdan olib kirish uchun tadbirkorlarga qator yengilliklar yaratilayotgan bo‘lsa-da, sohada tashqi savdo talablariga muvofiq bo‘lmagan byurokratik to‘siqlar saqlanib qolyapti.

Ushbu qonun loyihasi ana shunday to‘siqlardan birini olib tashlashga qaratilgan bo‘lib, unda xalqaro amaliyotdan kelib chiqib, xorijdan keltirilayotgan fitosanitar xavfi past bo‘lgan mahsulotlarga eksport qiluvchi davlatning sertifikatini talab etish amaliyotini bekor qilish nazarda tutilgan. Bunda karantin ostidagi xavfi past bo‘lgan 230 ta mahsulot nazarda tutilmoqda. Shu bilan birga mamlakatimizdan olib chiqilayotgan mahsulotlarga ham shunday talabni bekor qilish nazarda tutilgan.

Amaldagi tartibga ko‘ra, O‘zbekistonga karantin ostidagi mahsulotni olib kirish uchun karantin ruxsatnomasi, eksport qiluvchi davlatning fitosanitariya sertifikati yoki guvohnomasi talab etiladi.

Fraksiya a’zosi Bekmirza Eshmurzayev qonun loyihasiga munosabat bildirarkan, bunday o‘zgarish boshqa xavflarni yuzaga keltirishi mumkinligini ta’kidladi. Masalan, chetdan kirib kelgan bargxo‘r kolorado qo‘ng‘izi bugun nafaqat kartoshkaga, boshqa mahsulotlarga ham jiddiy zarar yetkazmoqda.
 
Import mahsulotlariga berilayotgan bunday yengillik boshqa turdagi  zararkunandalarning ko‘payishiga ham sabab bo‘lmaydimi? – dedi deputat.

Qonun tashabbuskorlari bu savolga javob qaytarar ekan, xavotirga o‘rin yo‘qligini, yengillik faqat fitosanitar xavfi past bo‘lgan mahsulotlarga berilayotganini bildirishdi. Bular asosan qayta ishlangan tayyor mahsulotlar bo‘lib, ular jumlasiga quritilgan meva-sabzavotlar, qoplangan choylar kiradi. 

Ma’lumki, bu qo‘ng‘iz 1859 yilda AQSHning Kolorado shtatida aniqlangan bo‘lib, keyinchalik Yevropa va Osiyo davlatlarida keng tarqaldi. O‘zbekistonga esa bu zararkunanda Belorusdan keltirilgan kartoshka urug‘i orqali kirib kelgani aytiladi. Har tup kartoshka o‘simligidagi 20-40 dona kolorado lichinkasi va qo‘ng‘iz barglarning 50-100 foizini nobud qiladi hamda hosildorlikni o‘n baravargacha kamayishiga sabab bo‘ladi.
  
Kolorado qo‘ng‘izi uch yilcha hech narsa yemasdan yashashi mumkin va bu borada u yer yuzidagi yagona jonzot hisoblanadi. Jonivor juda ayyor bo‘lib, xavf sezganda o‘zini “o‘likka” solib olishdek “yuksak fazilatga” ega. Shuningdek, uning organizmi har qanday zaharga moslashuvchan, ya’ni tezda unga qarshi immunitet hosil qila oladi. 
Deputatlar loyihada ko‘plab kamchiliklar borligini, ikkinchi o‘qishda albatta, ular ustida jiddiy ishlanishini ta’kidlab, qonun loyihasini birinchi o‘qishda konseptual jihatdan ma’qulladilar. 

Yig‘ilishda “O‘zbekiston Respublikasida bandlik xizmatlari takomillashtirilishi munosabati bilan “Aholi bandligi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi ham birinchi o‘qishda  muhokama qilindi.

Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda davlat xizmatlarini ko‘rsatishni raqamlashtirish, shaffoflikni ta’minlash, ulardan foydalanishdagi to‘siqlarni bartaraf etish, tadbirkorlik bilan shug‘ullanish uchun qulay sharoitlar yaratish, ishsizlarni kasb-hunarga o‘qitish va aholi bandligini ta’minlash orqali kambag‘allikni qisqartirishga qaratilgan qator islohotlar amalga oshirilmoqda. Shu bilan birga, o‘zgarishlar samaradorligini oshirish, aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash va  bandligini ta’minlashga qaratilgan ishlarni yanada faollashtirish maqsadida yangi normalarni qonunchilikda aks ettirish talab etilmoqda.

Ushbu qonun bandlik xizmatlarini ko‘rsatishdagi kamchiliklar, ortiqcha byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish hamda aholining davlat organlariga nisbatan ishonchini mustahkamlash maqsadida ishlab chiqilgan. Jumladan, loyiha bilan amaldagi qonunchilikka ish beruvchilarga mahalliy mehnat organlariga bo‘sh ish o‘rinlarini taqdim etish jarayonini soddalashtirish, ommaviy ishdan bo‘shatilganda ishchilarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, mahalliy bandlik organiga murojaat qilgan fuqarolardan keraksiz hujjatlarni talab qilishni to‘xtatish bilan bog‘liq o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda. 

Yig‘ilishda “Tovar belgilari bo‘yicha qonunlar to‘g‘risidagi Singapur shartnomasini (Singapur, 2006 yil 27 mart) ratifikatsiya qilish haqida”gi qonun loyihasi ham muhokama qilinib, ma’qullandi.

Ushbu loyiha intellektual mulk sohasidagi navbatdagi xalqaro huquqiy hujjat bo‘lib, O‘zbekistonda bu shartnoma 1998 yilda kuchga kirgan. Uning o‘ziga xos afzalliklari shundaki, davlatlarning milliy qonunchiligida tovar belgilarini ro‘yxatdan o‘tkazish jarayonida nazarda tutilgan talablarni belgilab beradi. Bu tadbirkorlik sub’yektlari uchun qulay bo‘lib, Singapur shartnomasi Butunjahon intellektual mulk tashkilotiga a’zo davlatlarning milliy qonunchiligida aynan tovar belgilarini ro‘yxatdan o‘tkazish jarayonidagi talablarni muvofiqlashtirishni maqsad qilgan. Uning yana bir muhim jihati, barcha talabalar elektron tarzda topshiriladi va bu vaqtni ham, mablag‘ni ham tejaydi. Hozircha 54 ta davlat ushbu shartnomaga a’zo bo‘lgan.
       
Yana bir muhim fakt: ushbu xalqaro shartnomaga qo‘shilish O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga kirish jarayonlariga ijobiy ta’sir ko‘rsatib, mamlakatimizning dunyodagi imiji hamda investision jozibadorligini oshirishga xizmat qiladi.