1905 yilning 25 dekabrida Toshkent shahrida tug‘ilgan Xayrinisoning otasi el hurmat qilgan mahalla oqsoqoli Majidxon Jalilov ilmli, ma'rifatli inson edi. U Rossiyaning Moskva, Sankt-Peterburg kabi qator shaharlariga safar qilib, jadid g‘oyalari bilan tanishgani bois, oila a'zolari, xususan, qizlarining ham yevropada ta'lim olishiga to‘sqinlik qilmadi, aksincha ularning orzu-istaklarini qo‘llab-quvvatladi. Xayriniso dastlab Miroboddagi yangi maktabda tahsil olib, rus va nemis tillarini o‘rgandi. Dunyoqarashining shakllanishida Turkiston jadid matbuotining, shuningdek, bu vaqtda birinchi o‘zbek xotin-qizlar bilim yurtida o‘qiyotgan opasi Oyposhshaxonning ta'siri katta bo‘ldi. Uning 1922 yili «Turkiston» gazetasida chop etilgan maqolasida endigina 17 yoshni qarshilagan qizning vatan istiqboli haqidagi orzu-istaklari o‘rin olgandi. Maqolani o‘qir ekansiz, o‘tgan asrning boshida yashagan bir o‘zbek qizining tarixiy tafakkurining naqadar kengligi, Vatan taqdiri oldida o‘zini qanchalik daxldor sezishidan, jasorati, millatiga bo‘lgan mehridan hayratga tushasiz. Maqolada aks etgan davrga yuz yil bo‘lganiga qaramay, unda ilgari surilgan fikrlarning ba'zilari bugun ham dolzarb ekanini anglab, o‘shanday og‘ir bir zamonda aksar orzularining amalga oshganidan taajjubga tushamiz. Quyida Xayriniso Majidxonovaning maqolasidan iqtibos keltiramiz:
«Turkistonning dunyo savdo maydonida tutqon vaziyati XVII asrdan beri tuban darajada qolib keldi. Bu asr umuman musulmon mamlakatlarining tanazzul davri bo‘lib, tanazzulning ham ko‘p sababi karvon yo‘llarining ahamiyati ketib, g‘arblilar tarafidan dengiz yo‘llarining yuksaltirilishi edi. XIX asrda ham Turkiston G‘arbiy Ovrupodan uzoq bo‘lg‘onlig‘i uchun, taraqqiyot tomonidan boshqa musulmon mamlakatlaridan ham tuban darajada turdi. XX asrning boshida ham qo‘shnimiz bo‘lgan Eron xalqi siyosiy fikrlar bilan sug‘orilib, o‘z elida sanoat turg‘izish va chetlarning ta'siridan qutulish yo‘lida qon to‘kkani muddatda bizning Turkiston tinch uxlamoqda edi... Faqat Russiyadan temir yo‘l kelib, savdo maydoni kengaydi... Bundan ochiq anglashiladirki, bizning moziyimizni porloq qilg‘on - elimizdan o‘tgan karvon yo‘li bo‘lsa, istiqbolimizni porloq qilg‘uchi, elimizni jahon savdo maydonig‘a tutoshdirg‘uvchi ulug‘ temir yo‘ldir. Ular bizning savdomizni kengaytur, bizga boyliq va obodliq berur va o‘zimizga katta sanoat turg‘azishga imkon ochar».
Shuningdek maqolada uning uzoqni ko‘ra olgan teran fikr, bugunning ta'biri bilan aytganda, siyosiy-iqtisodiy tahlilchi ekani yaqqol namoyon bo‘ladi.
«Turkiston iqlimining qizg‘inlig‘i va yerining munbit (hosildor)ligi uni doim qiymatlik hosilot beruvchi ziroat mamlakati ravishida qoldirg‘usidir. Ikkinchi tomondan Turkiston tog‘larining ma'danga boylig‘i bunda tog‘ sanoatining yuksalishiga sabab bo‘lg‘usidir. Bu ikki asos – hayotni ta'min qilish yo‘llarining yuksalishi natijasida (paxta zavodlari, ipak fabriklari, ma'dan zavodlari, shekilli) katta sanoatning boshqa xillari ham yuksalgusidirlar. Turkistonning tabiiy boyliqlarini ishlata olg‘ali, katta sanoatni turg‘izgali va natijada yangi temir yo‘llar o‘tkazgali kuchi yetsun hozirgi xo‘jalikdan ortib qolib to‘plang‘on boyliqning bo‘lishi kerak. Hozirgi ziroatning mahsulotini ortdirish uchun birdan-bir chora bo‘lsa ziroatda har xil yangi ishlab chiqorish usullari, yangi qurollar va mashinalarni qo‘llanishidir. Hozir bu qurollarni Ovrupolilardan oltun barobariga olishga to‘g‘ri kelganidek, kelgusida ham har xil sanoat qurollarini Ovrupolilardan sotib olishg‘a majbur bo‘lamiz. Mashina qancha qimmat bo‘lsa ham uni qo‘llashimiz kerak. Chunki, ul bizning boylig‘imizni ortdira oladir. Buni G‘arb davlatlarining hayotida mashinaning tutqon o‘rni isbot qiladir».
Xayriniso Majidxonova maqolada Turkiston jamiyatining ma'naviy qiyofasiga ham to‘xtalib: «... bu dardimizning ham buyuk qurollari matbuot, maktab va teatrdir. Bizda bularning har qaysisi bor. Lokin, ular o‘zlarining tarixiy vazifalarini yeriga yetkaza oladirg‘on darajada emasdirlar. Bizning yangi maktablarimizdan shul vaqtg‘acha xalq hurkib keldi. Matbuotdan uzoq turdi. Teatrni anglamadi. Chunki, bularning har qaysisi o‘zining asosiy vazifasining haykal mujassami bo‘la olmadi. Xalqning ruhiga ehtiyot bilan yaqinlashib, unga ta'sir ijro qila olmadi. Har bir xalqning uyg‘onish davrida g‘oyat muhim o‘rin tutadirg‘on bu uch buyuk qurolni o‘z vazifalarining ruhi bilan sug‘orish bizning navbatdagi ishimizdir... Bizning tadrijiy taraqqiyotimiz shul yo‘llar bilan borsa kerak. Aks holda, biz o‘z moziyimizdan uzulib xalqning g‘urbatda qolishiga sabab bo‘lurmiz», – deb xulosalaydi.
Germaniyaga yo‘l
Qizlarning oddiy maktabga qatnashining o‘zi jiddiy qarshiliklarga uchrayotgan bir paytda 1922 yil oxirida Germaniyaga tahsil olishga yuborilayotgan talabalar qatorida Xayriniso Majidxonovaning ham bo‘lishi ulkan jasorat edi.
Hatto, yosh shoir Botu Xayrinisoning Germaniyaga ketayotgani munosabati bilan maxsus she'r bitdi:
Qaro turmush changalidan
qutilib,
Erk chechagi taqa olg‘on
kuchli qiz,
Eski odat sanamlarin
parchalab
Erk-Tangriga sajda
qilg‘on ruhli qiz,
Yo‘ling to‘g‘ri, ortga boqma,
ketaver!
Ilgarilash ashulasin
aytaver!...
Xayriniso Majidxonova 1923-24 yillarda Berlinda «Xorijliklar uchun nemis tilini o‘rganish» maktabida o‘qib, o‘rta ma'lumot olgani to‘g‘risida shahodatnoma ham oladi. 1924–26 yillarda esa Darmshtadtdagi (Darmstadt) o‘qituvchilar seminariyasida nemis tili va adabiyoti yo‘nalishida o‘qiydi.
1926– 28 yillarda Berlin shahridagi o‘quv muassasalarida amaliyotni o‘tab, o‘rta maxsus ma'lumot olgani to‘g‘risidagi diplomni qo‘lga kiritadi. U Berlinda pedagogik amaliyot bilan bir paytda mashhur doktor Fekkel'manning tibbiyot xodimlarini tayyorlovchi xususiy maktabida ham o‘qiydi.
Xayriniso Majidxonova 1928 yili O‘zbekistonga qaytadi va Toshkentdagi Kasaba uyushmalari Markaziy Qo‘mitasi xodimlari jumhuriyat boshlang‘ich va umumta'lim o‘qituvchilarining dam olish uyida shifokor sifatida ish boshlaydi. 1935 yili Toshkent tibbiyot institutini bitirib, o‘qituvchilar dam olish uyida vrach-terapevt hamda Fayzulla Xo‘jaev nomidagi O‘zbek poyabzal tresti ambulatoriyasida shifokor-vrach vazifalarida ishlaydi.
Ammo Xayriniso Majidxonova navqiron 32 yoshida totalitar tuzumning qonli qatag‘oni girdobiga tortiladi.
Afsuski bu paytda u hali oila qurib ham ulgurmagan edi...
«Katta qirg‘in»
O‘zbekiston tarixiga qora harflar bilan bitilgan 1937 yil. Millat oydinlarini mahv etishga kirishgan stalincha qatag‘on qilichi qonsiragan kunlar. O‘sha yilning 13 sentyabrida «1922 – 28 yillarda Germaniyada o‘qigan va 1928 yil SSSR hududiga josus sifatida qaytgan» degan soxta ayblov bilan Xayriniso Majidxonova ham qamoqqa olinadi.
Shu kuni berilgan order asosida u yashayotgan va otasiga tegishli Katta Mirobod ko‘chasi 43 uy, 1-xonadonda tintuv o‘tkaziladi. Natijada uning umri davomida to‘plagan kitoblari, tarjimalari, xatlari, suratlari, hatto qo‘l soatiyu, shaxsiy oynasi, uyning kalitiyu, tintuv paytida topilgan 30 so‘m pulgacha xatlanib dalolatnoma asosida olib ketiladi.
Shu o‘rinda qayd etish joizki, tergov jarayonida asosiy e'tibor Xayrinisoning 1927 yilning yozgi ta'tilida dugonasi Mariyam Sultonmurodova bilan birga Parijga uyushtirgan sayohati va u yerda Mustafo Cho‘qay hamda Buxorodan Germaniyaga tahsil olish uchun yuborilgan Ahmad Naimlar bilan kechgan tasodifiy uchrashuvi tafsilotlariga qaratiladi.
Xayriniso qiynoqlarga chidab bo‘lsa-da, tuhmatlardan iborat ayblovlarning barchasini rad etadi... Biroq, bu uning O‘zSSR Jinoyat Kodeksining 57-I (Vatanga xiyonat, harbiy va davlat sirlarini sotish, shpionaj), 62 (aksilsovet targ‘ibot), 67 (aksilinqilobiy tashkilotga a'zolik) moddalari bilan aybdor deb topilishiga to‘sqinlik qila olmaydi. 1938 yilning 9 oktyabrida o‘tkazilgan mash'um «Uchlik» sudi Xayrinisoga qo‘yilgan ayblar isbotlanmaganiga qaramay, unga o‘lim jazosini belgilaydi... Eng achinarlisi, hukm o‘sha kunning o‘zidayoq ijro etiladi.
Tiklangan haqiqat
Stalinizmning soxta ayblovlari fosh etilishi bilan uning opa-singillari ham Xayrinisoning ishi va uning so‘nggi taqdiri bilan qiziqadilar. Biroq, mas'ul idoraning Xayriniso Majidxonova jazoni ijro etish davrida vafot etgan degan xabaridan keyin, boshqa bu masala bilan qiziqmay qo‘yadilar. Boisi, ular sovet jazo organlarining nimalarga qodirligini yaxshi bilishar, xususan, 1937-38 yillarda 75 yoshli otalari Majid oqsoqolni qizining aksilinqilobiy faoliyatini yashirganlikda ayblab, ne kuylarga solganini hali-hanuz unutishmagan edi.
Faqat Mustaqillik sharofati bilan oqlangan jadidlar, qatag‘on qurbonlari qatorida Xayriniso Majidxonovaning nomi ham 1999 yilning 7 oktyabrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi tomonidan oqlandi. Undagi barcha ayblovlar, eng muhimi, tuhmat bilan peshonasiga bosilgan «vatan xoini» tamg‘asi olib tashlandi.
To‘g‘ri, tarixni o‘rganish zavqli, ayni paytda mas'uliyatli jarayon. Ammo Xayriniso Majidxonova singari oqila, vatanparvar, ilmu zakovatli xotin-qizlarimiz, Abdulla Qodiriy, Cho‘lpon, G‘ozi Yunus kabi millat oydinlarining ayanchli qismatlariga oid dalillarni o‘rganish, ko‘z yoshlarining dog‘lari qolgan maktublarini o‘qish azob desam xato bo‘lmaydi...