- Siz o‘zingizdan lavozimi yuqori rahbarlar oldida qulluq qilib, tavoze bilan so‘rashishni boplaysizu, lekin ishingizning sira tayini yo‘q. Oqoltindagi perinatal markazning qurilish-ta'mirlash ishlari haligacha boshlanmadi. Bu borada sizga oldin ham aytgandim. Nima, sizga alohida deputatlik so‘rovi kerakmi? Yoki masalangizni Xalq deputatlari viloyat kengashiga qo‘yib, sharmanda qilishlarini kutayapsizmi? Sal orqa-oldingizga qarab oling. Eski ko‘priklar allaqachon yonib ketgan. Bir hafta muddatda Oqoltinda ta'mirlash ishlari boshlanmasa, masalangiz alohida ko‘rib chiqiladi...
Bundan bir yilcha avval Soatovning ushbu gaplaridan so‘ng viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasining sobiq “kattakoni”ning tazzasidan mador ketdi va nimalarnidir ming‘irlagandek bo‘lib idorasiga yo‘l oldi. Lekin ... lekin o‘sha kuniyoq Oqoltin tumanidagi tug‘ruqxonada zudlik bilan qurilish-ta'mirlash ishlarini boshlash haqida o‘z o‘rinbosarlariga topshiriq berdi.
“Milliy tiklanish” demokratik partiyasining 11-Oqoltin saylov okrugidan viloyat kengashiga saylangan deputat Norbobo Soatovni ko‘pchilik shartaki, el tili bilan aytganda “o‘ta chars” odam deydi. Yo‘l qo‘yilgan kamchilik va qonunbuzarliklarni ko‘rganda qoni qaynab ketadigan va ular bartaraf etilguncha o‘zini ham, o‘zgani ham tinchitmaydigan bu odamni viloyatdagi ba'zi bir tepsa-tebranmas rahbarlarning ko‘rishga ko‘zi, otishga o‘qi yo‘qligiyam bor gap.
– 2022-yilning 26-oktyabr' kuni Prezidentimiz rahbarligida o‘tkazilgan kengaytirilgan videoselektor yig‘ilishida 14 ta tuman va shaharlardagi tug‘ruqxonalarni tumanlararo va shaharlararo perinatal markazlarga aylantirish to‘g‘risida qaror qabul qilingan va bu borada 74-sonli yig‘ilish bayonnomasi ham imzolangan edi. Unga ko‘ra, Qoraqolpog‘iston Respublikasi, 7 ta viloyat va Toshkent shahar hokimlari ushbu ishlar uchun mas'ul sanalib, zarur mablag‘ respublika va mahalliy byudjetdan ajratilishi belgilangandi. Jumladan, Sirdaryo viloyatining Oqoltin tumanidagi tug‘ruq kompleksi ham 3 ta tumanga – Oqoltin, Mirzaobod va Sardoba tumanlaridagi 150 ming aholiga xizmat ko‘rsatuvchi perinatal markazga aylantirilishi kerak edi.
Viloyatning o‘sha paytdagi rahbari G‘ofurjon Mirzaev bu xayrli ish uchun 865 mln. so‘m mablag‘ni ajratish to‘g‘risida, umuman, Prezident topshirig‘i ijrosini ta'minlashni o‘z o‘rinbosari V.Ibodullaevga qat'iy tayinlagandan keyin kerakli mablag‘ viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi hisob raqamiga o‘tkazildi. Ammo negadir bu janoblar aravani ortga sudray boshlashdi. Shuning uchun ular bilan keskinroq gaplashishga to‘g‘ri keldi,– deydi Norbobo Soatov.
To‘g‘risi, oqsoqolni ancha yillardan buyon taniyman. Biroq.... bu inson haqidagi bir savol doimo meni qiziqtiradi.
Shu odam ham uxlarmikan?! Agar boshqalarga o‘xshab tin olish uchun yostiqqa bosh qo‘ysa qachon uxlab qachon uyg‘onarkin? Chunki uni muttasil ish ustida uchrataman. Juda bo‘lmasa qo‘ltig‘ida bir dasta kitob bilan yoningizda paydo bo‘lib qoladida, hozir sotib olingan yangi asarlar xususida so‘zlay boshlaydi. Ha, darvoqe, uning kitobga o‘chligiyam bor gap. Soatovning chin shogirdlaridan biri bo‘lmish, hozirda viloyat hokimligida mas'ul lavozimda ishlovchi Sherzodjon Nurmatovning ta'kidlashicha, uning uyida uch mingta o‘zbek va jahon adabiyoti namoyandalarining kitoblari saqlanar ekan.
– AQShning sobiq prezidenti Barak Obama Oq uyda o‘tirib, har kuni ikki soat vaqtini kitob o‘qishga ajratar ekan. Butun davlatning tashvishi zimmasida bo‘lsayam kitob, gazeta mutolaasiga vaqt toparkan. Bas, shunday ekan, o‘qishimiz shart. Bu to‘g‘rida hech qanday izoh va uzrga hojat yo‘q, deya ustoz bizlarni doimo o‘qishga da'vat etadilar – deydi Sherzodjon Nurmatov.
1959-yilning 11-dekabrida Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz tumanidagi o‘sha mashhur Ommag‘on qishlog‘ida tavallud topgan Norbobo Soatov o‘rta maktabni bitirgach, Toshkent Rus tili va adabiyoti Oliygohiga o‘qishga kirdi. 1981-yilda institutni muvaffaqiyatli bitirgach, yo‘llanma bilan qo‘riq Sirdaryo vohasiga ishga keldi va Oqoltin tumanidagi 1-sonli o‘rta maktabda o‘qituvchilik qila boshladi.
Yosh, serg‘ayrat, mulohazali, lekin shu bilan birga o‘ta haqiqatparvar bu mutaxassis tez orada o‘zini ko‘rsata bildi. Va... va tuman rahbarlarining nazariga tushdi.
Xullas, N.Soatov 1982-yildayoq tumandagi “Yosh kuch” ko‘ngilli sport komiteti raisi o‘rinbosarligiga, oradan bir yil o‘tib Oqoltin tuman sport qo‘mitasi raisligiga tayinlandi. Bu orada tumanda sportga bo‘lgan e'tibor shunday rivojlandiki, viloyatning manaman degan mutaxassislari ham o‘sha paytlarda tumanda erishilgan yutuqlarni haligacha og‘zining tanobi qochib eslashadi. 1993-yildan 2006-yilgacha tumanda ma'sul lavozimlarda faoliyat yuritgan N.Soatovga yanada yuksak ishonch bildirildi. U xuddi shu yildan boshlab Respublika Xalq ta'limi vazirligi huzuridagi Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi Sirdaryo viloyati filiali direktorligiga tayinlandi. Ushbu sohani yetti yil boshqargan paytlarda viloyatda bolalar sporti rivojlandi, asosiysi moddiy baza yaxshilandi. Ko‘plab sport sohasidagi ta'lim-tarbiya maskanlari qurib foydalanishga topshirildi.
Ustoz yosh mutaxassislardan shogirdlar yetishtirdi. Hozirda viloyatning qaysi bir sport dargohiga bosh suqsangiz uning shogirdlaridan biriga duch kelasiz. Uning xayrli ishlari poytaxtdagi, “kattakonlar”ning ham nazariga tushib, uni 2013-yilda Toshkentga chorlashdi va Xalq ta'limi vazirligi huzuridagi Bolalar sportini rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlashdi. Bir necha yillar bu vazifada sidqidildan ishlagan N.Soatov 2019-yilda yana Sirdaryoga qaytdi va shu yildan boshlab “Milliy tiklanish”ning Sirdaryo viloyat Kengashi raisligiga saylandi.
Ha, darvoqe, qahramonimiz ikki chaqiriq – 2015- va 2019-yillarda Xalq deputatlari viloyat Kengashi deputatligiga saylangan.
– Otam Xoliyor Soatov, onam Sanam Melieva biz – to‘qqiz nafar farzandga doimo bir gapni uqtirib kelganlar: Och bo‘l, yupun bo‘l lekin adolatdan ayrilma. Haq gapni odamning yuziga ayt, aslo ortidan gapirma. Manfaat uchun imoningdan ayrilma. Agar shunday qilsang aslo sendan rozi emasmiz...
Oqoltin tumani “Yangi hayot” MFYda yashovchi Nodiraxon Isroilova ming bir umid va istihola bilan o‘z deputati N.Soatovga murojaat qilib og‘ir xastalikka chalinganligi bois, bir necha yildan buyon to‘rt marotaba jarrohlik amaliyotini boshidan o‘tkazganligi, hozirda ahvoli tobora og‘irlashayotganligi sababli poytaxtdagi xususiy klinikalarda davolanishi lozimligi, lekin mablag‘i yo‘qligidan arz qildi. Murojaatchi bilan batafsil “dardlashgan” deputat o‘sha kuniyoq “Mahalla” xayriya jamoat fondi viloyat bo‘limi boshlig‘i B.To‘xtasinovga bor gapni tushuntirdiyu ertasi kuniyoq zarur mablag‘ bemorning bank plastik kartasiga o‘tkazib berildi.
Mirzaobod tumanidagi Mirzo Ulug‘bek MFY Rohat ko‘chasi 84-uyda yashovchi Dildora Niyozova qaramog‘ida ikki nafar farzandi borliginiyu, boquvchisi yo‘qligi, doimiy ish joyiga ega emasligini, boz ustiga qariyb o‘n yildan buyon ijarada yashab kelishayotganligi bois uy-joy bilan ta'minlanishda amaliy yordam so‘radi.
Murojaatchining yashab turgan manziliga “qadam ranjida” qilgan deputat uning sharoiti bilan to‘liq tanishib chiqdi va viloyat hokimining o‘rinbosari Nargiza Tojiboevaga deputatlik so‘rovi yo‘lladi. Natijada Dildora Niyozova Guliston shahridagi to‘qimachilik korxonasiga ishga joylashtirildi va ayollar daftariga kiritilib, subsidiya asosida kam ta'minlangan, boquvchisi yo‘q oilalarga ajratiladigan uylardan birini olish uchun ro‘yxatga qo‘yildi.
Oqoltin tumani “Ko‘rkam Diyor” MFY E'zoz ko‘chasi 9-uyda yashovchi, 1-guruh nogironi G‘ofur Adilov deputatga murojaat qilib, muttasil davolanishga mablag‘i yetarli emasligi bois davlat tomonidan beriladigan bepul dori-darmon bilan ta'minlanishida amaliy yordam so‘radi. O‘z navbatida tumandagi soha mutasaddilari bilan telefonda “qattiqroq ohangda gaplashgan” deputatning sa'yi-harakatidan so‘ng tuman tibbiyot birlashmasining bosh shifokori qo‘li ko‘ksida bemor oldida dori-darmon bilan hozir – nozir bo‘ldi.
Ayni kunlarda Mirzaobod tumanida yashovchi keksa o‘qituvchi Mamarajab Hazratqulov o‘ta ko‘tarinki kayfiyatda yuribdi. Chunki uning suyukli nabirasi, tumandagi 30-umumta'lim maktabining 11-sinf o‘quvchisi Parvina Zohirovaning ilk she'riy to‘plami nashrdan chiqdi. Bunga esa Norbobo Soatovning Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi boshlig‘i M.Sirojiddinovga birgina qo‘ng‘irog‘i kifoya qildi. Ana shu quling o‘rgilsin qo‘ng‘iroqdan so‘ng yosh shoira va uning bobosi M.Hazratqulovlarning kitob chop ettirish uchun mablag‘ izlab ikki yillik yelib yugurishlariga batamom chek qo‘yildi.
Bular 11-Oqoltin saylov okrugidan viloyat kengashiga saylangan deputat N.Soatovning kamtarona xizmatlarining bir shingili, xolos. Agar deputatning birgina 2023-yilda amalga oshirgan ishlarini to‘liq bayon etsak bizningcha bir kitobga “yuk” bo‘lar...
Biz yuqorida Norbobo Soatovni kitobga juda o‘ch shaxs deya ta'riflagandik. Suhbat chog‘ida u bir mulohazani bildirib qoldiki, buni-da qog‘ozga tushirishga jazm etdik.
– Ma'lumki, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi o‘zining “Adabiyot” nashriyotida shoir va yozuvchilarning asarlarini katta-katta nusxalarda chop etib ta'lim muassasalariga tekin tarqatyapti. Bu juda yaxshi albatta. Galdagi vazifa menimcha bu savobli ishni mahalla va oilalarga ham ko‘chirmoq kerak... “Adabiyot” nashriyoti faqat ta'lim muassasalarining nashriga aylanib qolmasligi lozim. Bilasizmi, zo‘r kitoblarni nashr qilishadi lekin erkin savdoga deyarli chiqarishmaydi. Shuning uchun uning mahsulotlaridan MFY kutubxonalarini va oilalarni ham bahramand etish zarur. Men bir fikrda doimo sobitman. Uyda kitob bo‘lsa, albatta o‘qiladi. Qolaversa, o‘zbek millati kitobni hech qachon javonlarda chang bostirib qo‘yadigan xalq emas!