Navoiy qadami tekkan «Dari-zanjir» butkul yo‘qolib ketadimi?

Samarqandning eski shahar qismida, Registon maydoni yaqinida Dari-zanjir mahallasi bor. Bu nom shu yerdagi «Dari-zanjir» madaniy yodgorligi bilan bog‘liq. So‘zma-so‘z tarjima qilinganda «zanjirlangan eshik» ma’nosini bildiradi.

Ab-u Tohir Xojaning «Samariya» asarida «Dari-zanjir Amir Temur Ko‘ragon xotinining raboti bo‘lib, Chokardizaning g‘arb tomonida va musulmonlarning qabristoniga tutashgan» deb qayd qilingan. XVI-XVII asrlarda mazkur hudud Hayoti Xon (Xonning hovlisi) nomi bilan ham yuritilgan. XVIII asrda hududda madrasa, maktab, hovuz, savdo do‘konlari faoliyat ko‘rsatgan.

– Ota-bobolarimizdan Dari-zanjir XI asrda dastlab qal’a bo‘lgani, XIV asr oxirlarida aholi yashash manziliga aylantirilgani haqida eshitganmiz, – deydi Dari-zanjir mahallasida yashovchi Jo‘raxon Mallaxo‘jayev. – Bu yerda Amir Temur va temuriylarning yaqin qarindoshlari, keyinchalik din peshvolarining oilalari yashagan. Ular ayollarini nomahramlardan himoya qilib, hujra eshiklarini zanjirlab qo‘yishgan va begonalarning kirishi taqiqlangan. Shundan «Dari-zanjir» iborasi kelib chiqqan deyishadi. XIV asr oxiri XV asr boshlarida Dari-zanjir yaqinida katta masjid bo‘lgan, masjidga keluvchilar bu yerdagi hujralardan darsxona sifatida foydalangani haqida ham ma’lumotlar bor. Jumladan, Alisher Navoiy Samarqandda yashagan yillari bu yerga kelib turgani to‘g‘risida manbalarda qayd etilgan.

Afsuski, asrlar silsilasida mazkur obidaga ham zarar yetib, ayni chog‘da yaroqsiz holga kelib qolgan. 2009-2016-yillarda o‘zim ushbu mahallaga raislik qilganimda hashar yo‘li bilan yoki homiylar ko‘magida obyektni ta’mirlash bo‘yicha taklif bergandim. Ammo mas’ullar madaniy merosga ziyon yetishini aytib, obyekt 2014-yilda ta’mirlanishi, buning uchun mablag‘ ajratilishini ma’lum qilgandi. Biroq hozirgacha hech qanday amaliy ish qilinmadi. Ayni paytda majmua xaroba holatda turibdi.

«Dari-zanjir» madaniy meros obyekti mahalla binosi ro‘parasida joylashgan bo‘lib, to‘rt hujradan iborat. Hozir obyekt devorlari abgor holatga kelib qolgan va bitta hujra nurab tushgan. Qolgan uchta hujradan aholi omborxona sifatida foydalanib kelmoqda. Agar majmua tez fursatda himoyaga olinmasa, qolgan qismi ham yo‘q bo‘lib ketishi mumkin.

– «Dari-zanjir» yodgorligi moddiy- madaniy merosning ko‘chmas mulk obyektlari milliy ro‘yxatiga kiritilgan va mahalliy ahamiyatdagi moddiy-madaniy meros obyekti hisoblanadi, – deydi Samarqand viloyati madaniy meros boshqarmasi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi Ziyodulla Nasimov. – Obyektning umumiy maydoni 70,13 kvadrat metrni tashkil etadi va uzoq yillardan buyon restavratsiyaga muhtoj. Shu boisdan madaniy meros ilmiy-tadqiqot instituti va madaniy meros obyektlari restavratsiyasi direksiyasi bilan hamkorlikda «Dari-zanjir» majmuasining loyiha smeta hujjatlari ishlab chiqilib, obyektda ta’mirlash, tiklash va konservatsiya ishlarini olib borish rejalashtirilgan. Lekin bundan avval ham ushbu majmuani ta’mirlash va konservatsiya qilish bir necha marta dasturga kiritilgan. Afsuski, bu ishlar qog‘ozda qolib ketdi.

Viloyat madaniy meros boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda Samarqandda 130 ta madaniy meros obyekti yo‘qolib ketish xavfi ostida turibdi. Ular orasida «Dari-zanjir» madaniy meros obyekti ham borligi achinarli.

Turizm haqida gap ketganda sayyohlik sohasi jadal rivojlanayotgan mamlakatlarda yaqin o‘tmishga ham o‘zgacha munosabat shakllangani to‘g‘risida eshitamiz. Hatto, o‘tgan asrda ishlangan badiiy filmlar suratga olingan obyektlar saqlab qolinib, bu joylardan turistik obyekt sifatida foydalanishayotganini bilamiz. Biz esa turkiy adabiyotning buyuk vakili, dunyoga mashhur Alisher Navoiy bobomiz qadami tekkan manzillarni asrab-avaylab, bu joylarni sayyohlik obyektlari qatoriga kirita olmayapmiz.

Ulug‘ bobomizning qabri qo‘shni davlatda, unga munosabat ham turlicha ekanligini eshityapmiz. Hech bo‘lmaganda, Navoiy hazratlari nomi bilan bog‘liq o‘zimizdagi mavjud joylarga e’tibor qaratsak, ularga turizmda daromad topish manbai sifatidagina emas, balki o‘tmishimiz, o‘zligimizning bir bo‘lagi sifatida qarab, xalqimizni bundan bahramand etsak, ayni muddao bo‘lardi.

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat Kengashining 2023-yil 22-dekabr kuni o‘tkazilgan yig‘ilishida Davlatimiz rahbari Samarqanddagi Amir Temur bog‘larini tiklash va bir qator tarixiy obidalarni ta’mirlash zarurligini qayd etgandi. Ana shu obidalar qatorida «Dari-zanjir»ga ham e’tibor qaratilsa, xalqimiz tarixi, ma’naviy qadriyatlarimizni tiklash yo‘lida muhim qadam qo‘yilgan bo‘larmidi?