To‘g‘risi, hali hech kimning oldida bunchalik mulzam bo‘lmagandim. Leyma va uning oilasini Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportidan Moskvaga kuzatib qo‘ygach, uyga qaytarkanman, kela-kelguncha dilimda savollar charx uraverdi: Qayoqqa qarab ketyapmiz o‘zi?! Nimalar qilyapmiz?! Umuman bunaqalarni jilovlaydiganlar bormi?!
Va, beixtiyor suyukli adibimiz Xurshid Do‘stmuhammadning bir intervyusidagi quyidagi so‘zlari yodimga tushdi: «Men Qur’oni Karimda kelgan bir oyatni ko‘p takrorlayman. «Qayon ketmoqdasizlar» deydi Alloh. Muqaddas oyati kalimadagi shu savolni men har bir tanish va notanish kishiga bergim keladi».
Jilla qursa kitob varaqlagan inson men guvoh bo‘lgan holatlarga sira yo‘l qo‘ymaydi. O‘ylaydi, mushohada qiladi... va o‘z-o‘zini nazorat qila biladi.
Leyma Tomkute Litva poytaxti – Vilnyusda yashaydi. Bundan 10 yilcha avval ushbu davlatning Trakay shahridagi sihatgohlardan biriga borganimda u bilan tanishganman. To‘g‘risi, Leyma yurak-qon tomir kasalliklari bo‘yicha o‘tkir mutaxassis, mohir jarroh. Xullas, uning uzoq va mashaqqatli mehnatlari sabab yurakdagi xastalikdan butkul qutildim. Minnatdorlik sifatida uni O‘zbekistonga bir necha bora taklif qilsamda, ishlari ko‘pligi bois sira kelolmasdi. Nihoyat bu yil yozda u qizi va turmush o‘rtog‘i Viktoris bilan O‘zbekistonga keldi. Iltimoslariga binoan, ularni kirakash mashinada ko‘hna va azim Samarqandga olib bordim. Yo‘l uzoq. O‘zaro muloqot chog‘ida unga yurtimizdagi o‘zgarishlar haqida gapirib berdim. Shundan keyin biroz mizg‘ibman shekilli, Leyma ohistagina yelkamga turtib, mashina magnitofonidan taralayotgan qo‘shiqning ma’nosini tushuntirib berishimni so‘radi. Shunda...shunda banogoh qo‘shiq deb atalmish bu matohni eshitib tepa sochim tikka bo‘lib ketdi. To‘g‘risi, yer yorilmadiyu, yerga kirib ketmadim:
Rano utrom turaman
Umivatsya qilaman
Potom ko‘cha kutadi
U meni o‘qitadi.
Parvo qilma, hammasi
bo‘ladi okey
Krasavitsam,
bellaringga o‘l-ey...
Haydovchiga shuni ham qo‘yasanmi degandek yovqarash qildim-da, boshqasini qo‘yishni buyurdim. U esa navbatdagi diskni qo‘yib berdi:
Sening qoshing
qoshlarning dodasi
Sening ko‘zing
ko‘zlarning dodasi
Ya tebya xochu ey lyubimaya...
To‘g‘risi, bunday almoyi-jalmoyi valdirashlarni qanday tarjima qilishni ham bilmay turganimda Umidaxonning «yangiligi» yangrab qoldi. Ammo...
Moskvadan uchib keladi
gazama yor
Ya lyublyu desa u menya
dusha poyot
Yozgi ta’tilingda birga
bo‘lamiz, jonim, asalim
Seni ko‘rib onajonim
bo‘lmasa edi kasal...
Boltiqbo‘yi xalqlari, ayiqsa, litvaliklar o‘z ona tilini juda qattiq hurmat qiladigan, shu bilan birga metindek qo‘riqlaydigan xalq. Shuning uchun ham ming bir istihola bilan Leymaga keyinroq tarjima qilib berishni aytib, gapni boshqa yoqqa burdim...
Xullas, yurtimizda o‘n kun mehmon bo‘lgan Tomkutelar oilasi va uning boshlig‘i Viktoris ketar chog‘i men bilan quchoqlashib xayrlasharkan, qiynalibroq bo‘lsada o‘zbek tilida men va oilamni Vilnyusga taklif qildi. Mening hayratda qolganligimni ko‘rib, o‘zbekchalab tushuntirdi. U bir necha yillardan buyon turkiy adabiyotni, jumladan o‘zbek tili va adabiyotini ham o‘rganib kelarkan. Qadrdonim Leymaning dastlabki tanishtiruv chog‘idayoq uni filolog deb tanishtirgani shu yerdagina yodimga tushdi... Ana endi tushunayotgandirsiz mening nega bunchalik mulzam bo‘lganimni! Ular hammasini ko‘rib, bilib, eshitib ketishdi. To‘g‘ri, yurtimizning havosi-yu, odamlari, taomlari, urf-odatlari, mehmondo‘stligi, tarixiy obidalarimizning ulug‘vorligi ularni hayratda qoldirdi. Ammo boshqa tomondan o‘zbek san’atini o‘ta g‘ariblashtirib, xor qilayotganlarning qiliqlari-yu aljirashlari mehmonlarni ajablantirmaganiga kim kafolat beradi?!
O‘zbekning zabardast adiblaridan biri Qo‘chqor Norqobil bilan o‘zaro gurunglarimizdan birida kuyib-yonib shunday degandi: «Qo‘yib bersang, bu ukkag‘arlar er-xotinning to‘shakdagi munosabatini ham qo‘shiq qilib yuborishadi!»
O‘shanda bu gapga kulibgina qo‘ya qolgandim. Biroq yaqinda yoshi 60 larni qoralab qolgan, teleekranlarda doimo nevaralari bilan maqtanadigan ayol xonandalarimizdan biri xobgohda yotib olib, eshilib-to‘lg‘onib o‘z yorini sabrsizlik bilan kutayotganini aytib «zor-zor xonish qildi». Uning mo‘maygina aqchasini cho‘ntakka urgan TVchilar hech ikkilanmasdan bu qo‘shiqning klipiga qo‘shib xonandaning hayosiz qiliqlarini ham efirga uzatib yubora qolishdi.
Muhtaram o‘quvchi! Endi anglagandirsiz, Xurshid Do‘stmuhammadning Qur’oni Karimdagi Allohning «Qayon ketmoqdasizlar?» oyati kalimasini doimo o‘z-o‘ziga savol tarzida berib yurishini.... Endi anglayotgandirsiz mening nega izza bo‘lganligimni.... Eng yomoni, dilni yana shu savol qiynaydi: bir xorijlik oila o‘z yurtiga o‘zbek san’ati shu ekanda, deb ketmadimikan ishqilib?! Bunga yo‘l qo‘yayotganlarni tiyib qo‘yish, lozim bo‘lsa ularning yuziga qonun bilan «tarsaki tushirish» payti kelmadimikan?!

Fikrimizcha, 2023 yilning 20-aprelida qaytadan tashkil etilgan Davlat tilini rivojlantirish Departamenti rahbarlari yuqoridagidek holatlarga barham berishga qattiq kirishishlari lozim. Zotan, bu yerda millat sha’ni, qadr-qimmati, ori bor. Endilikda jamoasi deyarli yangilangan ushbu muassasa rahbar-xodimlaridan xalqimiz ko‘pdan-ko‘p yaxshiligu-yangiliklarni kutayotganligi bor gap!
Shu erda sevimli shoirimiz Muhammad Ismoilning quyidagi fikrlarini keltirishni joiz deb bildim:
«Bugungi o‘zbek 100 mln. so‘mga mashinasiga yangi, chapani nomer oladi-yu, ammo bolasiga o‘n ming so‘mga kitob olib berishga og‘rinadi. O‘zbekiston xalqi bir yilda 3 mlrd. dollar mablag‘ni to‘y-hashamga sarflaydi-yu, ammo butun yurt aholisi bir yilda 100 ming dollarlik kitob sotib olmaydi. Hatto Imom Buxoriy hazratlarining kitoblari do‘konlarimizda sarg‘ayib turaveradi. Olmoniya aholisining 95 foizining uyida o‘z shaxsiy kutubxonasi bor, minglab yillik tarixga, madaniyatga, ma’rifatga ega O‘zbekiston aholisining 95 foizining uyida esa shaxsiy kutubxonasi yo‘q.
Amir Temur bobomiz ham «Kitob – barcha bunyodkorlik, yaratuvchanlik va aql-idrokning, ilmu-donishning asosidir. Hayotni o‘rgatuvchi murabbiydir. Vasiyatim – kitob o‘qing!» degan ekanlar.
Muhaddislar sultoni Imom Buxoriy ilm sirlari bilan qiziqib, dunyo kezib 60 mingdan ziyod hadisni to‘plaganlarida endigina 16 yoshdan oshgan ekanlar. Shuningdek, u zotning 63 yillik umri davomida amalga oshirgan ishlari butun yer yuzida mavjud bo‘lgan 63 ta Fanlar Akademiyasining qilgan ishidan ko‘proqdir! Bu zot 300 mingdan ziyod hadisni yod bilgan. Forobiy bobomiz esa 70 dan ortiq tilda muloqot qila olgan bo‘lsa, Beruniy bobomiz 30 ta tilni mukammal bilgan! Abu Ali ibn Sino hazratlari yetti yoshligida Qur’oni Karimni yod bilib, umri davomida 100 dan ortiq ma’rifiy kitoblar bitgan.
29 ta davlatni egallagan Amir Temur bobomiz 15 ta xorijiy tilda erkin so‘zlashgan va harb ilmining otasi bo‘lgan. Mirzo Ulug‘bek bobomiz jahonda ilk marotaba 15-asrdayoq 1019 ta yulduzning harakat jadvalini tuzib, dunyo olimlarini hayratga solgan ekanlar.
Bas, shunday ekan, bu mo‘tabar zotlarga munosib bo‘lish o‘rniga yuqorida aytganimizdek, sahnaga chiqib olib aljirab, o‘zbek tilini, millatning nomi-yu g‘ururini, sha’nini yerga urishni bas qilish, bunga amal qilmaganlarni esa qonun bilan jazolash kerak.