O‘zbek xalqining insoniyat taraqqiyotidagi xizmati ulug‘, albatta. Islom tamaddunining yuzaga kelishi va gullab-yashnashida ham ajdodlarimizning o‘ziga xos o‘rinlari bo‘lgan. Ularni o‘rganish va ommalashtirish ilm-fan ahli zimmasida ekan, biz bu muqaddas vazifani bajarish, o‘tmish qadriyatlarimizni yoshlar qalbiga singdirish, ularni Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalashda tarixiy tafakkur va haqiqatning ahamiyati cheksiz ekanini to‘liq anglaymiz, albatta.
Shu ma'noda bir fikrni aytgan bo‘lardik: musulmonchilik faqat ibodatdan iborat emas, balki biz, birinchi galda juda keng ma'nodagi ta'limotdir. Uni tushunish uchun Qur'oni karim oyatlari va hadislarning diniy va dunyoviy mazmunlarini ajrata bilmoq kerak. Bu masalada men arxeolog bo‘lganim bois, dinshunoslik, islomshunoslikda bilimdon sharqshunoslar bilan tez-tez uchrashib, ularga qalbimni tirnagan savollar bilan murojaat qilib, o‘z qarashlarimga oydinlik kiritib boraman. Ayniqsa, bu masalada bedilshunos ustoz I. Mo‘minov, diniy qarashlarning arxeologik talqinida tenggi yo‘q ustoz Ya. G‘ulomov, forobiyshunos M. Xayrullaev. Qur'oni karim va xadisshunoslik ilmining darg‘alari Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf, M. Usmonov, N. Ibrohimov, U. Uvatov, A. Hasanov, Abdulaziz Mansur, M. Nuriddinov kabi olimlar bilan kechgan o‘zaro fikr almashuvlarim mening ilmiy izlanishlarimni to‘g‘ri yo‘lga burib, Qur'oni karim suralarida yashiringan bir olam tarixiy haqiqat «Sendan harakat, mendan barokat» g‘oyasi zamirida Xazrati Inson omili mujassam ekanini tushunib yetdim.
Ma'lumki, Qur'oni karim bizgacha kufiy arab alifbosi va arab tilida yetib kelgan. Qur'oni karim asliyatini o‘qiy oladigan islomiy diniy mutaxassislar bizda yetarli darajada bor. Ammo ularning gumanitar fan yo‘nalishlarida tarixiy tafakkurlari mukammal bo‘lmaganliklari tufayli, ularni bunday murakkab qomusiy ta'limot ustida ish olib borishlari ancha yil qiyin kechishi masjidlarda o‘qiladigan juma nomozlarida ayon bo‘lib qoldi.

Aslida islomshunos olimlarning ta'kidlashicha, Qur'oni karim botiniy bilimlar xazinasi, uning oyatlarida yashirinib yotgan ilmiy ma'nolar, kashf etilishini kutayotgan mo‘'jizalar shunchalar ko‘pki, ularni o‘rganish qur'onshunoslikning tub mohiyatini ochishni taqozo etadi.
Jahon ilmiy olamida Qur'on lug‘ati, Qur'on qomusi, Qur'on tafsirlari, Qur'on tarjimalari bor. Lekin Qur'on falsafasi yo‘q. Chunki Qur'on falsafasini yaratish uchun tadqiqotchi Sharq falsafasini chuqur bilmog‘i, shu asosda Qur'onning ichki ruhiyatini o‘rganishi kerak. Bugun, ayniqsa, bu juda zaruriy va murakkab muammodir.
Yuqorida ta'kidlaganimizdek, Islom dini birinchi galda keng ma'nodagi buyuk va benazir ta'limotdir. Lekin uni aslo o‘zgacha, ya'ni faqat ibodat uchun qo‘llanma sifatida qabul qilish mumkin emas. Ibodat masalalari bu ta'limotning bir qismi, xolos. Qur'on oyatlarida yashiringan botiniy sir-asrorlarni o‘rganish, kashf etish bilan esa Muhammad alayxissalotu vassalomning vorislari – diniy va dunyoviy olimlar zimmasiga yuklatilgan. Ammo olimlar o‘z qarashlariga ko‘ra ikki xil yo‘nalishda tarbiya topganlar. Birinchisi, borliqni faqat ilohiyat qudrati bilan bog‘laydilar. Bular diniy ulamolar. Ikkinchisi, qalbida Alloh deya, barcha mo‘jizalarning yaratilishi inson omili bilan bog‘liq ekanini tarixiy haqiqat deb biladiganlar. Bular dunyoviy olimlar bo‘lib, ular islom tamadduni mujizalarini yaratilishida Xazrati Inson omili g‘oyasini olg‘a suradilar.
Aslida diniy va dunyoviy nuqtai nazaridan qaraganda iymonli bo‘lish kishining mukammalligidan dalolat beradi. Shuningdek, Qur'oni karimda ham avvalam bor iymon haqida gap boradi. Xo‘sh, iymon nima? Iymon islomda Allohning yagona ekanini tan olish, uning irodasi va hohishiga itoat qilishdir.
Uning irodasi nima? Alloh ko‘rsatgan yo‘ldan borish, ya'ni hayotda to‘g‘ri yo‘ldan borish.
Bor olamni yaratganning ko‘rsatgan yo‘li qanaqa?
Hidoyat yo‘li. Hidoyat yo‘lining o‘zi nima?
Alloh buyurgan amallardan tashkil topgan yo‘l.
U qanaqa amallar? Solih amallar.
Solih amallar nima? Insonning kundalik hayotiga faqat manfaat keltiradigan, boshqa insonlar bilan ziddiyat va nizolarni keltirib chiqarmaydigan, solih amalarga zid bo‘lmagan amallardir. Kur'onda ular «munkar amallar» deb yuritiladi. Solih amallarga teskari amallar esa «nahiy anil munkar» deyiladi. Shayton odamzodni doimo shu yo‘lga yetaklaydi.
Iymonni toza saqlashning birinchi yo‘li esa islomda Allohning yagonaligi, borlikni yaratguvchisi deb bilishlik, masjidga borish, ibodat amallarini tahoratda muntazam bajarishdir. Ammo, tahoratli masjidda namoz o‘qish bilan iymonni toza saqladim deb xotirjam bo‘lish mumkinmi? Yo‘q. Bu bilan iymon toza bo‘lib qolmaydi. Iymon sofligining birinchi talabi bu solih amallarga zid ishlardan saqlanish, sabr-toqat bilan solih amallarni bajarishni kundalik turmush tarziga aylantirish, muhsin bo‘lishlikdir. Bularning barchasi hayot taqoza etgan iymondir.
Xo‘sh, Muhsin degani nima? Faqatgina yaxshi solih amallarni bajarib, undan boshqasiga qo‘l urmaydigan insonlarga muhsin deb aytiladi. Bularning barchasi ruhiyatni tozalashdir. Bu islom diniga xos sifatlar belgisidir, ya'ni insoniy amallarning sifatlar belgisidir.
Islomda ruhiy ibtido tushunchasi bor. Hayotda moddiy ibtido bor.
Ruhiy ibtido nima? Ruhiy ibtido jannatda nurdan yaratilgan farishtalardek yashash. Xo‘sh, moddiy ibtido nima? Qoinotdagi borlik, shu jumladan Yer. Ularni boshqaruvchi kim o‘zi? Islomda Alloh. Amalda Xazrati Inson.
Alloh moddiy borlikni yaratganda u makonda yashaydirgan turli xil mahluqalarni yaratdi, ularga jon ato etdi, deyiladi. Ammo odamzodga ulardan farqli o‘laroq aql ham ato etdi, degan ibora bor. Odamzodni moddiy borlikka sinash, uning sir-sinoatlarini bilish, qiyomatgacha o‘rganishga tushirdi, deyiladi. Bu ham diniy, ham hayotiy haqiqatdir.
Yuqorida islom tor ma'noda ibodatdir, keng ma'noda esa ta'limot ekanini eslatdik. Moddiy borlikning botiniy sir-sinoatlari Qur'oni karim oyatlarida yashiringan. Uni o‘rganish, bilish islomda jismi loydan yasalgan Insonga yuklatildi. Alloh bandalariga moddiy dunyoda iymonini toza saqlash yo‘lidagi islomning besh rukunini bajarish bilan birga, Qur'oni karim oyatlarida berkingan botiniy bilimlarni kashf etishni ham yukladi. Shuning uchun islomni tor ma'noda tushinadigan bo‘lsak adashgan bo‘lamiz.
Qur'oni karimda «sendan harakat, mendan barokat» degan hayotiy so‘zlar bejiz yozilmagan. Ongli va jismoniy mehnat bilan ruhiy yuksaklikka erishgan ulamolarimiz «Qalbing Allohda, qo‘ling mehnatda bo‘lsin» degan naql bilan yashamaganda edi, odamzod ibtidoiy holatdan hozirgi raketalar parvoziga erishmagan bo‘lar edi.
Din jamiyat a'zolarini birlashtiruvchi, tarbiyalovchi ruhiy omil sifatida ham insoniyatga xizmat qiladi. Din poydevorida esa axloq bor. Axloqiy tarbiya shubhasiz, dinimizning asl mazmun va mohiyatini tashkil qiladi. Agar odamlar o‘zidan oldingi odamlarning hatolaridan kelib chiqib, tarixiy haqiqat izidan borib, ma'naviy hayotini shakllantirganda edi, jamiyatda bugungi kunda uchrayotgan xatolar bo‘lmas edi.
Afsuski, axloq tarbiyasida har bir inson o‘zini o‘rab olgan ijtimoiy muhitga burkanib yashadi. G‘arb dunyosidan kirib kelayotgan yalpilashuv jarayonlari ta'sirida inson sun'iy ravishda uyushtirilayotgan urf-odatlarga bo‘ysunib, xato qilayotganini sezmay ham qoladi. Eng achinarlisi shundaki, keyingi yillarda nafs balosiga giriftor bo‘lgan odamlar pulni ilohiylashtirdilar. Oqibatda aksariyat katta-kichik kishilar tarixiy tafakkur bo‘shligi uchun islom axloqiga zid hayot kechirdilar. Bu masalada turli telekanallar orqali efirga uzatilayotgan islom axloqiga zid ko‘rsatuvlar o‘zbek xalqining ham axloqiy tarbiyasiga zarar keltirmoqda. Agar islomni tom ma'noda emas, balki keng ma'noda tushunilganda edi, aholining barcha qatlami bunday hatolardan yiroqroq bo‘lardi.
Masalan, bizda – musulmon davlatlarda eshikdan kirib kelgan odamga o‘rnidan turib ta'zim bilan salomlashamiz. Buni axloq deb ataymiz. Amerikaliklarda esa ko‘pincha suhbatdoshlar oyoqlarini ro‘parasidagi stol ustiga qo‘yib o‘tirishadi. Bu bizda axloqsizlikning bir ko‘rinishi sanaladi. Yoki boshqa bir misol: Afrikaning ba'zi bir ibtidoiy an'analar tasavvuri bilan yashayotgan qabilalarida axloq deb qabul qilingan narsa bizda umuman axloqsizlikka kiradi.
Aslida esa axloq – madaniyatning bir turi. Madaniyat jamiyatda asrlar davomida urf-odatlardan tarkib topgan kadriyatdir. Umuminsoniy qadriyatlar o‘zidan kattani hurmat qilish, bolalar tarbiyasiga e'tibor berish, ota-ona bilan gaplashganda «uf» demaslik, hayotda ikki yuzlamachilik qilmaslik, ibratli bo‘lish, ezgu niyat, ezgu so‘z, ezgu amal bilan yashash, bularning barchasi ajdodlardan islomga o‘tgan, endilikda ular islom axloqining tub mazmunini tashkil etadi. Ular islomgacha ham boshqa dinlarda, masalan, zardushtiylikda bo‘lgan.
Demak, islom quruq yo‘qlikda, bo‘m-bo‘shlikda paydo bo‘lmagan. Bu tarixiy haqiqatdir. Jamiyatni johil odam boshqarganda ham ilm-fan mutlaqo to‘xtab qolmaydi. Insoniyat bor ekan ilm-fan bo‘ladi. Ammo, payg‘ambarimiz aytganlaridek, «olim xor bo‘lgan joyda jamiyat bog‘i ko‘karmaydi».
Islomda ilmga ham katta e'tibor berilgan, ilm inson omili tufayli rivojlanadi, deyilgan. Bugungi kunda yer sharida biror ulkan masala yo‘qki, ilmsiz hal etilsa. Shu bois, islom jahon taraqqiyoti omiliga aylangan. Islom omili xalqaro siyosat, iqtisodiyot, fan va madaniyat taraqqiyoti, bank tizimi, axloqiy tarbiya, sog‘likni saqlash tizimi, xullas jamiyatning barcha jabhalariga kirib borgan. Bular haqida izlanishlar olib borish, ilmiy asarlar yaratish, kinofilmlar yaratish payti keldi. Bularning barchasi jamiyatni ma'rifatli islom yo‘lidan borishga undaydi. Sharq faylasuflari ham shu yo‘lda ijod etganlar. Xo‘sh, nega bizning faylasuflarimiz bu yo‘lda ijod qilmayaptilar?. Jamiyatni mafkurasiz, tarixiy tafakkur bilan sug‘orilgan ma'naviyatsiz boshqarib bo‘lmaydi. Ma'naviyat dunyoviylikdan uzilib qolsa, diniy fanatizm avj oladi. Yosh avlodni boshqarish qiyinlashadi.
Islomni faqat din deb tushunsak, Qur'oni karimni esa faqat ibodat uchun ko‘llanma deb tushunsak, u xolda biz tuzatib bo‘lmaydigan xatolarga yo‘l qo‘ygan bo‘lamiz. Islom faqat din emas, balki yana takror aytaman, buyuk ta'limot, ijtimoiy ta'limot, tarixiy ta'limot, falsafiy ta'limot, tibbiy ta'limot, huquqiy ta'limot, xullas, jamiyat rivojlanishining barcha yo‘nalishlarini qamrab olgan ta'limotdir.
Ro‘za tutish, zakot to‘lash, namoz o‘qish, masjidga chiqish va haj ziyoratiga borish esa ibodat masalalaridir. Lekin islom faqat ibodatdan iboratgina emas-ku. Qur'oni karimning 114 ta surasini o‘z ichiga olgan matnning barchasi ibodat emas-ku. Qur'oni karim oyatlari ichida yashiringan botiniy bilimlar shunchalar ko‘pki, insoniyat ularni oxir zamongacha o‘rganadi, kashf etadi.
Yuqorida bayon etilgan Kur'on haqidagi tarixiy haqiqat esa islomshunos olim Mahmudjon Nuriddinov tomonidan amalga oshirilgan Qur'onning o‘zbekcha akademik tarjimasi va izohli lug‘atlarida ham o‘z aksini topgan. Arab, fors, ingliz, rus, nemis tillarining chuqur bilimdoni, zukko islomshunos olim Mahmudjon Nuriddinovning «Qur'oni karim ma'nolarining arab tilidan ilmiy izohli akademik tarjimasi» 2018 yili o‘zbek tilida Germaniyada chop etildi. Uning to‘ldirilgan ikkinchi nashri ham aynan nemislarning GLOBE.EDIT nashriyotida 2021 yili nashrdan chiqdi. 2020 yili salkam 4300 dan iborat murakkab Qur'on so‘z va iboralarining izohli lug‘ati o‘zbek tilida AQShda chop etildi. Bugun esa yangi ma'lumotlar bilan to‘ldirilgan, boyitilgan yangi nashri ham chop etilish arafasida.
Zotan, bugungi olimlar tomonidan yuzaga keltirilgan shunday qimmatli, ilmiy manbalarga asoslangan asarlarni xalqimiz mulkiga aylantirish maqsadga muvofiq bo‘lsa kerak.
Islomning bugungi kundagi ta'limot masalasidagi vazifasi jamiyatdagi barcha tabaqalarni birlashtirish, turli dinlararo g‘oyaviy kelishmovchiliklarni tinchlik yo‘li bilan hal etishga qaratilmog‘i kerak. Mustaqil O‘zbekistonimizning ta'lim tizimining o‘rta ta'lim maktablarida, oliy o‘quv yurtlarida, radio va tele-ko‘rsatuvlarda, mahalliy matbuotda, keng jamoatchilik orasida mana shu yo‘nalishda targ‘ibot-tashviqot ishlari muntazam ravishda olib borilsa maqsadga muvofiq bo‘lar edi.