Hamza Hakimzoda Niyoziy 100 yil avval nega faryod chekkan edi?

Hamza Hakimzoda Niyoziy 100 yil avval nega faryod chekkan edi?

O‘tgan asr boshida Turkiston tarixidagi eng muhim voqea sifatida jadidchilik harakati momoqaldiroq shiddatidek hayotimizga kirib keldi... Jadidlar xalqning «ko‘zini ochish», jondan aziz Turkistonni uyg‘otish uchun qora bulutlar egallagan osmonimizda chaqindek porladilar. Filologiya fanlari doktori, professor Begali Qosimov ta'kidlaganidek, jadidchilik g‘oyalari erta bahorning shiddatli shamollari singari po‘panak bosib, biljirab ketgan o‘rta asrchilik turmushini eng pastki qatlamlarigacha ochib tashladi.  

Ma'lumki, jamiyat hayotiga madaniy-ma'rifiy harakat sifatida kirib kelgan jadidchilik keyinchalik keng ijtimoiy harakatga aylandiki, uning a'zolari bo‘lgan Turkiston taraqqiyparvarlari o‘zlarining asosiy maqsadini xalqni mustaqillik va ozodlikka olib chiqishda ko‘rdilar. Xalqning, Turkistonning hayot-mamoti masalasi haqida jar solinishida jadidlar asos solgan matbuotning, xususan, «Sadoi Turkiston» gazetasining roli beqiyos bo‘lganini alohida ta'kidlash joiz. Bu milliy gazetaga ma'rifatparvar Ubaydulla Asadullaxo‘jaev (1885-1938 yillar) muharrirlik qilgan. U gazeta jamoasini Munavvarqori Abdurashidxonov, Abdulla Avloniy kabi jadidlar bilan tashkil etadi.  1914 yilning 4 aprelidan chop etila boshlagan nashr ijtimoiy-siyosiy, ma'naviy-ma'rifiy, madaniy va axloqiy mavzulardagi muammolarni dadil olib chiqishi hamda millat va milliylik masalasiga birlamchi e'tibor berishi orqali ham jadid matbuoti ichida ajralib turgan.

Shu o‘rinda gazetaning 1914 yil 10 avgust sonida e'lon qilingan Hamza Hakimzoda Niyoziyning «Faqirlik nimadan hosil o‘lur?» nomli maqolasiga e'tibor qaratsak: «Jigarning qon tomchilarini kundan kun ziyod taraqqiy ettirmoqda bo‘lgan illatlarning eng birinchi moddasi nimadir, deb so‘rasangiz, vahshat, g‘aflat va jaholat deb javob olursiz. Bu uch qish oylari ila tan, aql va ko‘zlari muzlab, sovuq urgan daraxtlar kabi mevasiz qolgan ota va bobolarimizning mukofotlaridan iborat bo‘lib chiqdi».

E'tibor bergan bo‘lsangiz, Hamza «vahshat, g‘aflat va jaholat»ni qish faslining uch oyiga o‘xshatyapti. Millatning fojiasida mana shu uchta illatni alohida ta'kidlamoqda. Jadid bobomiz xalq jismi, shuurining muzlab qolishini g‘aflat va jaholatga botib, umrguzaronlik qilayotganida deb bildi.  Aynan shu g‘aflat, jaholat millatni qay darajada xoru zor etganini muallif maqola davomida shunday ifodalaydi: «... Yigirma yil avval, bosturma tagida, poxol ustida chaksa jo‘xorini ikki oy go‘ja oshi qilub ahlu ayollari ila ichub, bo‘zdan yaktak va lozim, olachadan to‘n kiyub, haftada uch kun sayr, to‘rt kun na'lchilik qilub, shul tariqa bir hunar ila bo‘lsa ham taxmini maishat mukammallanub, o‘zlarining doxiliy va xorijiy fisqu-fasod, shar'u-shuurlarig‘a yetishub, yana besh pul, o‘n pul yonlarida qolar ekan. Ajabo, nima bo‘lmishdirki, ul ustalarning ko‘plari gado bo‘lub ketgandirlar».

Aholi turmush darajasining bunday keskin pasayishi, qashshoqlashuv muammosi maqolada chuqur tahlil etilib, bunga 1912 yildan ko‘plab kosiblar zarar ko‘rgani, oqibatda ularning mardikorlik qilishlariga to‘g‘ri kelayotgani, kuchsiz mardikorlarni esa bozor olmay, gadoylar qatoriga qo‘shilgani aytiladi.  «1914 yil ramazonda gadoylar boshqalarga qaraganda yuzga qirq prosent bo‘lub ketgan, desak ham lof bo‘lmaydir», deb yozadi muallif. Xo‘sh, Hamza Hakimzoda Niyoziy nima uchun bu kabi mulohazalar bilan qog‘oz qoraladi? Maqolani boshdan oxir o‘qisangiz, muallif muammoning siyosiy va ijtimoiy jihatiga e'tibor qaratganini anglaysiz: «-Turkistonni G‘arb usulida zo‘rlik bilan zamonaviylashtirish asosida doimo qoloqlikda ushlab turishga harakat qilindi;

-mamlakatdagi ishlab chiqarishni chor Rusiyasi markaziy sanoat hududlari talab va ehtiyojlariga bog‘liq qilib qo‘yildi;

- kapitalistik ishlab chiqarish o‘choqlari barpo etilishi natijasida Turkistonda sanoat tovarlarining raqobati orta borib, hunarmandchilik va kosibchilik yemirila boshlandi;

o‘lka xo‘jaligi chor Rusiyasi iqtisodiyoti uchun xomashyo yetishtirishga bog‘liq qilib qo‘yildi.»

Chindan ham o‘sha paytda Turkistonning iqtisodiy tobeligi yanada kuchaygan edi, kosibchilik, hunarmandchilik bilan bog‘liq mahalliy ishlab chiqarish tanazzulga uchragan edi. Hamza esa muammo yechimi sifatida ilmni, ma'rifatni ilgari suradi va «Bu xo‘rliklarning ilmsizlikdan kelganin shoyad o‘ylagan va aqlga solub qaragan kishi bilur. Mana siz ila insonlikda barobar bo‘lub, ilm o‘qigan odamlarni ko‘rasizmi? Sizdan davlati taraqqiy etmagan bo‘lsa ham, siz kabi xoru zor bo‘lmasdan bir falon ila maishat o‘tkarub kelmakdadir», deydi.

Hamza g‘aflatdan qutilish uchun ilm-fanga e'tibor qaratish, rivojlanayotgan davlatlardan o‘rganish masalasini ilgari suradi. Istibdodga, zulmga qarshi birlashtiruvchi muhim kuch bo‘lgan islom negizlari, axloq va qadriyatlarining jamiyatda buzila boshlaganini millatning jaholatga botishi bilan  izohlaydi. «Holiq va roziqi haqiqiylari bo‘lg‘an janobi bori taolloning buyurgan besh vaqt sajdasidan bo‘yin tortgan mard yigitlar chorak gaz chit uchun o‘zlarig‘a o‘xshagan bir xudo bandasining eshigiga borib, buncha ta'zimlar qilub, tashakkurlar aytub va mehnatlar chekub, darbadar yurishlari, oh, qaysi bir inson naslini tahayyir zulmatiga cho‘mdurmas, qaysi bir haqiqiy musulmonning badanig‘a o‘tlar tushurmas va olamni zindon qilmas?!»

Bu mustabid tuzumning jamiyat begonalashuviga, ijtimoiy tuzilmalar zaiflashuviga va oqibatda millatni qoloqlikka mahkum etishga qaratilgan makkor siyosati mevasi edi. Buni anglagan Hamza faryod chekib yozadi: «Oh, qani islomiyat ahkomi? Koshki ul zakot beruvchi zotlar beradirgan bir necha vershuk chitlarini minnatsiz va ozorsiz bersalar edi!». 

Muallif qoloqlik, nodonlik va jaholatdan xalos bo‘lishning yo‘li sifatida millatni ma'rifat sari chorlashga, najot ilmda ekanini aytishga chog‘langandek ko‘rinsa-da, faqirlikdan qutilish uchun zulmga qarshi kurashga, ya'ni istiqlol uchun birlashishga chorlaydi. Buni maqola oxiridagi «mundan ham battar kunlarga qolmasam edi?!» degan jumlalar ham isbotlab turibdi.