Yana hayratlar olamiga sayr

Asl she'riyat, go‘yo muattar va yoqimli iforni his etish, undan zavqlanish, go‘zallikning zuhurlanishini qalb ko‘zi bilan idrok etish kabidir. Shu ma'noda bugungacha olimu fozillar tomonidan tahlil etib kelinayotgan Navoiy ijodini asl she'riyatning marvaridi deyish mumkin. Bejiz atoqli shoirimiz Maqsud Shayxzoda “Navoiy haqiqatan ham o‘zbek adabiy tilining va o‘zbek adabiyotining mustahkam poydevorini qo‘ygan, dohiy-adib xususiyatlarini o‘zida jamlab olgan bir siymo edi. Fors-tojik mumtoz adabiyotida bir guruh ulug‘ shoirlar bajarib ketgan vazifani tarix deyarli yakka Navoiy zimmasiga yukladi. U bu yukni sharaf bilan ko‘tarib, manzilgacha yetkazgan mutafakkir edi”, – deb yozmagan. 

Navoiy, mabodo boshqa asar yozmasdan faqat “Xazoyin ul-maoniy”ni yoki uning tarkibidagi bitta devon - “G‘aroyib us-sig‘ar” yohud “Navodir ush-shabob”, “Favoyid ul-kibar”ni yaratganda ham adabiyotimiz tarixida eng ulug‘ shoirlarimizdan biri bo‘lib qolar edi.

Darhaqiqat, Navoiydek g‘azal, muxammas, musamman, tarkiband, qasida, qit'a, muammo, tuyuq, mustazod, musaddas, tarjiband, masnaviy, soqiynoma, ruboiy, lug‘z, fard kabi yigirmaga yaqin janrlarda ijod qilgan muallifni topish qiyin. Shoir asarlari tadqiqi bilan shug‘ullangan navoiyshunoslarning maqsad-vazifasi esa Navoiy tafakkuri hosilasi bo‘lmish tilsimotni kashf etishdir. Birgina “Hayrat ul-abror” dostoni – hayrat ichra yo‘g‘rilgan ummon, uning har bir bayti bir asar. Dostonning hukmi bepoyon, javohirlar maskani misol. Jumladan, dostonning XIV bobida: “So‘z ta'rifidakim, bashar vujudi sipehrining kavkabi jahontobi va inson zoti ma'danining javhari serobi durur...” deb yozadi.  

Navoiy she'riyati poetik qurilishi jihatidan butun bir qolipga bo‘ysundirilgan so‘zlar silsilasidan tashkil topgan va badiiy stilistik jihatdan nutqiy mutanosibligi, ohangdorligi, jozibadorligi, nozikligi, fikriy uyg‘unligi, ma'naviy butunligi, shuningdek, sir-jumboqligi bilan ham o‘quvchini hayratlar olamiga boshlaydi. Xususan, Navoiyning “Ey sabo...” g‘azali bunga yorqin misol bo‘la oladi.

“Ey sabo...” g‘azalida bir qarashda oshiqning dil izhoriga oid tuyg‘ular aks etayotganday ko‘rinsa-da, aslida ob'ektiv voqelikka bo‘lgan estetik munosabat ifodasi bosh o‘rinda turganligini payqash qiyin emas. Oshiq saboga murojaat qiladi:

Ey sabo, holim borib sarvi xiromonimg‘a ayt,

Yig‘larimning shiddatin gulbargi xandonimg‘a ayt.

Sabodan kutilayotgan iltifot bitta: oshiqning holatini, chekayotgan iztiroblarini ma'shuqaga yetkazish. Ammo ma'shuqa oddiylar qatorida turmaydi. Uning birinchi belgisi – “sarvi xiromon”ligida. Oshiqning “holi” uning “yig‘larimning shiddati” ifodasida ochiq ko‘rsatilgan. Ma'shuqa – “gulbargi xandon” sifatida buni anglasa, oshiq ko‘ngli tasalli topadi.

Yorning ezgu xislatlar bilan yodga olinishi tasodifiy emas. Buning real asoslari bor. Eng muhimi, dastlab yorning o‘zi ham oshiqqa beparvo va loqayd munosabatda bo‘lgan emas, balki ahdi-yu paymon qilishga imkon yaratgan. Faqat bugun bu ahddan qaytgan holda namoyon bo‘lmoqda. Shuning uchun ham yor “bad ahdu paymon” sifatiga “musharraf” bo‘lgan.

Buki aning ahd-u paymonida o‘lsam dag‘i

Yaxshi fursat topsang, ul bad ahd-u     paymonimg‘a ayt.

Mazkur g‘azaldagi oshiq mumtoz adabiyotimizdagi boshqa oshiqlar bilan bir nuqtada hamfikr va o‘xshash: u o‘z yoridan yorning o‘zi-u go‘zallikda tengsiz, qiyossiz:

Buki yuz ming fitna ko‘zing paydo onsizin,

Qilmag‘im nazzora hargiz ko‘zi     fattonimg‘a  ayt.

Nihoyat, oshiq ko‘ngli yorning ta'rifini yana bir pog‘onaga ko‘taradi. Endi u “shohi suxandon” sifatida ta'riflanadi. Birinchi marotaba shu o‘rinda oshiq ham o‘zining asl qiyofasini oshkor etishga jazm etadi, o‘zining “xushnavo bulbul” ekanligini bildirib o‘tishni lozim topadi.

Ey Navoiy, hech gulshanning seningdek husnaro

Bulbuli yo‘q erkanin shohi suxandonimg‘a ayt.

Ushbu g‘azalda qo‘llangan so‘zlar oshiq va ma'shuqa holatining o‘ziga xosligi va darajasini baholashning mezoni bo‘lib xizmat qilgan. Bu yerda ma'shuqaning oshiq uchun naqadar aziz va qadrli ekanligi obrazli tarzda aks etgan.  Navoiy ijodidan bunday go‘zal g‘azallarga yana ko‘plab misollar keltirish mumkin. 

Garchi, Alisher Navoiyning g‘azallari ma'nolarini anglash oddiy o‘quvchi uchun mushkul bo‘lsa ham, daho shoirning xalqimiz orasida mashhur bo‘lib ketgan purma'no so‘zlari behisob. Xususan, shoirning “Bordir inson zotida oncha sharaf, Kim yamon axloqin etsa bartaraf”, “Sarvi gul-u lola xaridori bor, Lek o‘tinning dog‘i bozori bor”, “Chunki tama bo‘ldi gadolar ishi, Bilki gadodir tama etgan kishi”, “Bo‘lamasa ishq, ikki jahon bo‘lmasin, Ikki jahon demaki, jon bo‘lmasin”, “Xushdurur bog‘i koinot guli, Barchadin yaxshiroq hayot guli”, “Haq yo‘lida kim senga bir harf o‘qitmish ranj ila, Aylamak bo‘lmas ado aning haqin yuz ganj ila”, “Bilmaganni so‘rab o‘rgangan olim, Orlanib so‘ramagan o‘ziga zolim”, “Oz-oz o‘rganib dono bo‘lur, Qatra-qatra yig‘ilib daryo bo‘lur” kabi hikmatlari qon-qonimizga singib ketgan...