Asr vabosi.  Undan yoshlarimiz qay darajada himoya qilingan

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, 2020 yili dunyo bo‘yicha 275 million kishi psixoaktiv moddalar qabul qilgan, 2030 yilga borib esa bu ko‘rsatkichning 11 foizga ko‘payishi taxmin qilinmoqda.

Qayd etilishicha, ayni paytda o‘ttiz olti million kishi giyohvand moddalar qabul qilmoqda, jahonda sodir etilayotgan jinoyatlarning qariyb 60 foizi ham giyohvandlar hissasiga to‘g‘ri kelyapti. Ushbu holatlar ijtimoiy xavfliligi bilan ham alohida e’tibor qaratishni taqozo etmoqda.
Ma’lumki, giyohvandlikka qaramlik aholining mehnatga qobiliyatli qismini zararlashi, bunday fuqarolarning ijtimoiy himoyasiga yo‘naltiriladigan mablag‘larning ko‘pligi va sarf-xarajatlarning kattaligi, demografik holatga ta’sir qilishi bilan birinchidan, iqtisodiy taraqqiyotga, ikkinchidan, aholining sog‘lom, bexavotir turmush kechirishiga xavf tug‘diryapti.

Ta’kidlash joiz, mamlakatimizda aholi orasida psixotrop va giyohvand moddalarga qaramlikning profilaktikasi va undan davolanish samaradorligini oshirish hamda bunday moddalarning noqonuniy aylanishining oldini olish bo‘yicha mustahkam huquqiy asos yaratilgan. “Narkologik kasalliklar profilaktikasi va ularni davolash to‘g‘risida”gi, “Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar to‘g‘risida”gi qonunlar shular jumlasidandir.

Davlat bojxona qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, bojxonachilarimiz tomonidan 2023 yil hamda joriy yilning o‘tgan davrida 596 ta qonunbuzilish holatlari aniqlangan bo‘lib, ularda umumiy og‘irligi salkam 9,5 tonna giyohvandlik vositalarining noqonuniy olib o‘tilishi va tarqalishiga chek qo‘yilgan.
Ichki ishlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, 2023 yilda giyohvandlik vositalarini yoki ularning analoglarini yoxud psixotrop moddalarni oz miqdorda tayyorlash, olish, saqlash, tashish yoki jo‘natish bilan bog‘liq 1027 ta ma’muriy huquqbuzarlik aniqlangan, bu 2022 yilga (863 holat) nisbatan 164 taga ko‘pdir.
Yana bir raqam: 2023 yili giyohvand moddalar iste’mol qiluvchi 101 nafar, psixotrop dorilarni iste’mol qiluvchi 4 nafar fuqaro vafot etgan. 

Qisqasi, ushbu illat bizning yoshlarga ham xavf solyapti. Shuning uchun ham maktablarni giyohvandlik vositalaridan asrash uchun profilaktik tadbirlar kuchaytirilmoqda. Ta’lim tizimidagi yoshlarga giyohvandlik vositalarining salbiy oqibatlari va xatarlarini ochiq-oydin tushuntirib beruvchi o‘quv dasturlari joriy etilmoqda.

Shu bilan birga, maktablarda muntazam ravishda tasodifiy tanlov asosida tekshiruvlar o‘tkazilishi yo‘lga qo‘yilgan.
Ushbu muammo o‘ta jiddiy bo‘lgani sababli huquqni muhofaza qilish, sog‘liqni saqlash, ta’lim hamda nodavlat tashkilotlari bu boradagi sa’y-harakatlarini birlashtirgan holda ishlamoqdalar.

Ma’lumki, giyohvand shaxsning farzandi tibbiy o‘rganishlarga ko‘ra, jismoniy yoki aqliy nuqson bilan tug‘iladi. Bu esa nafaqat oila, balki jamiyat uchun ham tashvishlanarli holatdir. Shunday ekan, bugungi dorilomon kunlarda sog‘lom avlodni giyohvandlik balosidan asrash har birimizning vazifamizdir.
Eng muhimi, bu masalada befarq bo‘lmasligimiz lozim. Profilaktik tadbirlar ko‘lami va samaradorligini yanada kuchaytirishimiz zarur. Chunki bu xavf ma’lum muddatda yo‘qolib ketmaydi. Aksincha, o‘z domiga yangi “o‘ljalar”ni tortishda davom etadi. Demak, bunga qarshi barcha tashkilotlar, ta’lim muassasalari, ota-onalar qat’iy kurashishlari, farzandlari salomatligi va kamoloti uchun doimo hushyor bo‘lishlari kerak.