Xitoylik “professional”lardan o‘rgansak bo‘larkan

Xitoylik “professional”lardan o‘rgansak bo‘larkan

Keyingi yillarda raqobatning innovasion texnologiyalar asosida shiddatli tus olayotgani ishlab chiqarishni  takomillashtirish, talab va taklif muvozanatini barqaror saqlashdek murakkab vazifalarni kun tartibiga qo‘ymoqda. Bunda easa, eng avvalo, professional ta’limni rivojlantirish, zamonaviy mehnat bozori talablariga javob beradigan salohiyatli kadrlarni tayyorlashga bo‘lgan ehtiyojni oshiryapti. O‘zbekistonda ham bu borada yangi tashabbuslarning rag‘batlantirilayotgani quvonarli hol, albatta.

Ayni paytda mamlakatimizda 700 ga yaqin professional ta’lim muassasalari, 20 dan ortiq «Ishga marhamat» monomarkazlari faoliyat ko‘rsatayotir. Qayd etilishicha, ularda deyarli 800 ta kasb va mutaxassislik hamda 10 ga yaqin xorijiy tillar o‘rgatilyapti. Bir vaqtda ham o‘qish, ham ishlab daromad topish imkonini beradigan «dual ta’lim» shakli joriy etilgani esa sohada tub o‘zgarishlarga kirishilganini ko‘rsatadi, albatta.

Albatta, sohada yutuqlar bilan birga kamchiliklar ham yetarli. Xususan, mutaxassislar ta’kidlaganidek, ayrim ta’lim dasturlari hayot talabiga uyg‘un emas. Professional ta’lim o‘quvchilarini o‘ziga yetarlicha jalb eta olmayotgani natijasida mavjud quvvatlardan samarali foydalanilmayapti. Monomarkazlar ham o‘rta bo‘g‘in kadrlariga bo‘lgan ehtiyojni to‘liq qondira olmayapti. Kasbiy ta’limning sanoat bilan yetarlicha integratsiyalashmagani, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi bilan professional ta’lim o‘rtasida hamkorlik yaxshi yo‘lga qo‘yilmagani esa sohaning zamon bilan hamnafas rivojlanishiga to‘siq bo‘lmoqda. 

Shundan kelib chiqib, Prezidentimiz tomonidan 2023 yilning 4 oktyabrida o‘tkazilgan tanqidiy yig‘ilishda kasblar va professional ta’lim klassifikatorlarini bosqichma-bosqich yangilab, xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish, xorijiy ta’lim dasturlarini joriy etish, monomarkazlarda kasbga o‘qitish sifatini yaxshilash, bitiruvchilar malakasining ichki va tashqi bozorda tan olinishini ta’minlash bo‘yicha mas’ul idoralarga tegishli topshiriqlar berilgan edi.
Albatta, professional ta’limda xorij tajribasini o‘rganish va foydali jihatlarini amaliyotga joriy etish zamon talabi. Bizda ham bu boradagi hamkorlik kengayib borayotgani diqqatga sazovor. 

Ana shunday hamkorlik kelishuvlari asosida 8-21 may kunlari Pekin shahrida Xitoy hukumati tashabbusi bilan «Bir kamar, bir yo‘l» loyihasi mamlakatlari uchun kasbiy ta’lim boshqaruvi» mavzusida xalqaro seminar bo‘lib o‘tdi. O‘nga yaqin davlat vakillari ishtirok etgan tadbirda professional ta’limni rivojlantirish orqali raqobatbardosh kadrlar tayyorlashga ko‘maklashishni ustuvor vazifa deb bilgan «Milliy tiklanish» partiyasi vakillari ham ishtirok etdilar.  
Ma’lum bo‘lishicha, Szyansi xorijiy tillar kasb hunar kolleji seminar tashkilotchisi bo‘lib,  ushbu muassasa xorijiy tillar, tashqi iqtisodiy va savdo yo‘nalishida mutaxassislar tayyorlaydigan yagona ilmiy maskan hisoblanadi. Kollej ikki yil ketma-ket Xitoyning eng yaxshi 50 ta xalqaro kasb-hunar kollejlari ruyxatiga kiritilgan. Kollejda hozirda 15 mingdan ortiq talaba tahsil oladi va 11 ta xorijiy til o‘rgatiladi. Shuningdek, bu yerda xalqaro savdo, elektron tijorat, buxgalteriya hisobi va logistika menejmenti kabi yo‘nalishlardan iborat 50 ta mutaxassislik bo‘yicha o‘quvlar yo‘lga qo‘yilgan. 

Seminar ishtirokchilari bir nechta o‘quv yurtlarida ham bo‘lib, dars jarayonlari, professor-o‘qituvchilar hamda talabalar hayoti bilan tanishdilar.
Biz esa o‘z navbatida O‘zbekistondagi o‘zgarishlar, jumladan, ta’lim islohotlari va bu borada qonunchilikdagi o‘zgarishlar haqida ma’lumotlar berdik. Milliy professional ta’lim tizimi haqida taqdimot o‘tkazib, yangi ta’lim standartlari va texnologiyalarini joriy etish tajribasi bilan o‘rtoqlashdik ham.

Qayd etilishicha, keyingi yillarda Xitoyda kasbiy ta’limga davlat ahamiyatidagi masala sifatida qaralmoqda. 2022 yilda «Kasbiy ta’lim to‘g‘risida»gi qonunning yangi tahrirda qabul qilinishi sohadagi katta islohotlarga sabab bo‘lgan. Natijada so‘nggi uch yilda kasbiy ta’lim qamrovi keskin oshgan va Xitoy bu yo‘nalishda dunyo peshqadamiga aylangan. Xususan, 2022 yili 1521 ta oliy kasb-hunar maktabi faoliyat yuritgan va o‘quvchilar qamrovi 5,46 million nafarni tashkil etgan bo‘lsa, hozir 9752 ta o‘rta kasb-hunar maktabi bo‘lib, ularda 17,8 milliondan ortiq o‘quvchi ta’lim olmoqda.

Xitoyning bu yo‘nalishdagi tajribasi mamlakatda qadriyat va tamoyillarni asrash hamda singdirish orqali hozirgi davrni uzoq sivilizatsiya bilan bog‘lashga alohida e’tibor qaratilayotganini ko‘rsatyapti. Bilamizki, Xitoy dunyodagi eng yirik sanoat mamlakati hamdir. Shu bilan birga ushbu mamlakat ilg‘or texnik va kasb-hunar ta’limiga ham ega ekan. Bunda aniq metodologiya asosida ish olib borilayotganini alohida ta’kidlash joiz.

Aytish joizki, kasb-hunar kollejlari, institut va universitetlar o‘rtasida ilmiy-tadqiqot, mahsulot ishlab chiqarish, ishchi-xizmatchilar tayyorlash, shuningdek, ixtisoslashgan ta’lim markazlarida ishlab chiqarish liniyalarini ochish orqali kompaniya va sanoat muassasalari bilan mustahkam hamkorlik o‘rnatilgan. Hatto global darajadagi kompaniyalar bilan ham uzviy aloqalar yo‘lga qo‘yilgan. Chunki mamlakat milliy iqtisodiyotini rivojlantirishda texnik va kasb-hunar ta’limining ahamiyati beqiyos bo‘lib, bu sanoat kompaniyalari va tijorat muassasalari uchun eng asosiy poydevor deya e’tirof etiladi. Bu yo‘nalishda ish olib borayotgan sanoat muassasalari va kompaniyalariga qulayliklar yaratish, xususan, soliqlarni kamaytirish, kreditlar foizini pasaytirish uchun esa rag‘batlantirish mexanizmlari ham ishlab chiqilgan.

Ya’ni, hukumat hunarmandlar, professionallar va texniklarning ijtimoiy mavqeini yaxshilash, yuqori qadriyatli malakaga asoslangan jamiyat g‘oyasini ilgari surish doirasida zarur choralarni ko‘rmoqda. Shuningdek, mamlakatda IT va sun’iy intellekt yutuqlaridan o‘quv jarayonini yaxshilash, talabalarga ilmiy materiallarni chuqur va qiziqarli tarzda taqdim etish, shuningdek, o‘qitish xarajatlarini oddiy ta’limga nisbatan kamaytirish uchun keng foydalanilmoqda. Shu jihatlardan, Xitoy modeli rivojlanayotgan sanoat, texnik va kasb-hunar ta’limi tizimida mamlakatlar duch kelayotgan ko‘plab muammolarni hal qilishda ilg‘or model sifatida o‘zini namoyon qilyapti, desak xato bo‘lmaydi.

Ana shularni inobatga olib, bizda ham Xitoyning ta’lim jarayonlarini tashkil qilish va boshqarish bilan bog‘liq tajribalarini milliy OTMlarga moslashtirib, amaliyotga joriy etsak, foydadan xoli bo‘lmasdi. 

Xulosa qilib aytganda, bugun zamonaviy mehnat bozori talablaridan kelib chiqib, yangicha yondashuvlarga tayangan, bilim va ko‘nikmalarni bir nuqtada birlashtira oladigan tizimgina milliy iqtisodiyotga kuchli tayanch bo‘la oladi. Buni biz Xitoy tajribasi misolida ko‘rdik.