Qohirada “O‘tkan kunlar” romani arab tilida chop etildi

Qohirada “O‘tkan kunlar” romani arab tilida chop etildi

Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar” romani Misrning taniqli ijodkori, Al Shams va Luksor universitetlari professori Muhammad al-Jibali tomonidan tarjima qilinib, “O‘tkan kunlar: Turkistondagi achchiq sevgi qissasi” nomi ostida arab dunyosi o‘quvchilariga ilk marotaba taqdim etildi. Kitob Misrning eng yirik “Dorul – Maorif” nashriyotida chop etilgan.

–Bu arab dunyosi uchun muhim voqea bo‘ldi, – deydi O‘zbekistonning Misr Arab Respublikasidagi favqulodda va muxtor elchisi Mansurbek Qilichev. – Kitob nusxalari Misrning eng nufuzli kutubxonalari, oliy o‘quv yurtlariga yetkazilmoqda. 

Kitob taqdimotida bu ko‘hna diyorning taniqli ijodkorlari, yozuvchi – shoirlari, jurnalistlari va jamoat arboblari ishtirok etdilar. Shuningdek, ayni kunlarda Misr Arab Respublikasida ijodiy safarda bo‘lib turgan O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Farg‘ona viloyati delegatsiyasi a’zolari ham qatnashdilar.

Taqdimotda so‘zga chiqqan Misr – O‘zbekiston do‘stlik jamiyati raisi Mahdi Zabal, “Axbor al-Yaaum” gazetasi bosh muharriri o‘rinbosari Fotima Badaviy, O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati a’zosi, adib Farmon Toshev, “XXI asr” gazetasi bosh muharriri, shoir Norqobil Jalil, Qohira universitetida o‘zbek tilini o‘rganib hozirda ilmiy ish qilayotgan Rahima Ibrohim va boshqalar “O‘tkan kunlar” romani XX asr boshlaridagi o‘zbek milliy madaniyati, urf-odatlari, tarixi va taqdiridan darak beruvchi yuksak badiiy asar bo‘lib qoladi, dedilar. 

–Men ilgari ham o‘zbek adabiyoti namunalarini arab tiliga tarjima qilganman, - deydi professor Muhammad al-Jibali. –Ammo “O‘tkan kunlar” romanini tarjima qilishga o‘nlab yillar o‘qidim, o‘rgandim va tayyorgarlik ko‘rdim. Nihoyat u arab olami vakillari qo‘liga yetdi va men bundan behad baxtiyorman. Kelgusida esa Navoiy g‘azallari tarjimasiga kirishmoqchiman. 

Taqdimotda ishtirok etgan Abdulla Qodiriyning nabirasi Xondamir Qodiriy so‘zga chiqib yozuvchi avlodlari nomidan minnatdorchilik bildirdi. 

Muloqot chog‘ida “O‘tkan kunlar” kitobi Saudiya Arabistonida ham qayta nashr etilishi aytildi. Roman asosida tayyorlangan filmni esa arab tiliga tarjima qilish taklifi kiritildi.

Manba + video