Qaytmas jamoaning navbatdagi loyihasi ham muvaffaqiyatli yakunlandi

Qaytmas jamoaning navbatdagi loyihasi ham muvaffaqiyatli yakunlandi

Nihoyat, “Farg‘ona haqiqati”–“Ferganskaya pravda” gazetalari tahririyatining “Bir makon, bir yo‘l”ni qurish, insoniyatning yagona taqdiri hamjamiyatini barpo etish: O‘zbekistondan nazar” publisistik tahliliy maqolalar tanlovi yakunlandi. Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda tahririyatga 40ga yaqin maqolalar kelib tushgani ma'lum qilindi. 

Tanlov g‘oliblarini taqdirlash marosimida hay'at raisi O‘zbekiston Milliy Axborot agentligi direktori Abdusaid Ko‘chimov so‘z olib, ushbu gazeta O‘zbekiston va Xitoy munosabatlarini yanada yaxshilashga xizmat qilganini ta'kidladi. 

Xitoy xalq Respublikasining O‘zbekistondagi elchisi Yuy Szyun' esa endi nafaqat iqtisodiy munosabatlar, balki, ma'naviy, ma'rifiy sohalarda, jumladan jurnalistika borasida yangi qo‘shma loyihalar amalga oshirilishini bildirdi.

Tadbirda shuningdek, senator Farmon Toshev, O‘zbekiston tashqi ishlar vazirligining “Dunyo” axborot agentligi direktori Omonullo Fayzullaev, akademik Nurislom To‘xliev, Farg‘ona Davlat universiteti rektori, professor Bahodir Shermuhammadov, “Jahon adabiyoti” jurnali bosh muharriri Ahmadjon Meliboevlar so‘zga chiqib, bu kabi tanlovlar jurnalistlar hamkorligini yanada mustahkamlashga xizmat qilajagini bildirdilar.

***

Aytish joizki, “Farg‘ona haqiqati” – “Ferganskaya pravda” gazetalari tahririyati, aniqrog‘i taniqli jurnalist Muhammadjon Obidovning tashabbusi bilan ilgari surilgan g‘oya Farg‘onada boshlanib, Toshkentda muvaffaqiyatli yakunlandi... 

To‘g‘ri, bugungi tezkor zamonda tadbirlardan, tadbirbozliklardan ko‘pi yo‘q. Ammo ushbu tadbir bir jihati bilan ko‘pchilik e'tiborini tortdi deyish mumkin: garchi ushbu tanlovga viloyatda “start” berilgan bo‘lsa-da, u shunchalar zo‘r targ‘ib qilindiki, beixtiyor respublika miqyosidagi tadbirga aylanib ketdi. 

Bu, albatta, M.Obidovning tashkilotchiligi bilan bog‘liq. Tan olish kerak, hali jurnalistlar uyushmasining biron-bir hududiy bo‘limi Farg‘ona bo‘limidagidek faollik ko‘rsatayotgani yo‘q. Turli safarlar, tanlovlar, kutilmagan kechalardan tortib, oddiy muloqotlargacha Farg‘ona oldinda. Muhammadjon Obidov yetakchilik qilayotgan gazeta haq gapni gapirib, Farg‘onada qora ro‘yxatga tushib qolganda ham jamoa tashabbus ko‘rsatishdan tiyilmadi, aksincha, ko‘proq izlandi. To‘g‘ri, qiyinchiliklar har qanday odamni, jamoani ham ikkilantiradi, yo‘ldan qaytaradi. Ammo Obidov jamoasi qaytmadi, turdosh gazeta paydo bo‘lganda ham sir boy bermadi...

Bugungi tadbirda bildirilgan fikr-mulohazalar, iliq so‘zlar esa ushbu jamoani yanada yangi tashabbuslar sari ilhomlantirishiga ham shubha yo‘q.