O‘zbekiston Milliy axborot agentligi tomonidan “Farg‘ona: “yoshlar ko‘li” o‘rnida ... Turar joy?” sarlavhali tahliliy video maqola e’lon qilingandi. Unda Farg‘ona viloyati hokimi asossiz ravishda shahar markazidagi saxni 2,2 gektar bo‘lgan “Yoshlar ko‘li”ni ochilganiga hali bir oy ham to‘lmagan “Unays building” MCHJga mehmonxona, restoran, savdo majmuasi va turar joy qurish sharti bilan doimiy muddatga biriktirib berganligi, holbuki amaldagi qonunchilik va me’yoriy hujjatlarda yer maydoni emas, balki bo‘sh turgan binolargina tadbirkorlik faoliyatini olib borish uchun foydalanib turishga biriktirilishi mumkinligi haqida yoritilgan. Videolavhada turli soha mutaxassislari va farg‘onalik yoshlar viloyat hokimining mazkur qarori xaqida o‘z fikrlarini bildirib o‘tishgan.
Mazkur holat yuzasidan avvalambor Farg‘ona viloyati hokimligi va Ekologik partiyasidan izoh va munosabat kutilgan edi…
Ammo kutilmaganda dolzarb masalalar muhokamasida hamisha faol ishtirok etuvchi “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Markaziy kengashi Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozarovning bahsli qaroriga tezkor munosabat bildirdi. Shuni aytish kerakki, OAV tomonidan jamiyat kayfiyatiga ta’sir ko‘rsatuvchi jiddiy muammolar haqida e’lon qilingan maqolalarga siyosiy partiyalar bunday keskin va qat’iy munosabat bildirganini eslolmaymiz. Shu ma’noda ham Milliy tiklanish demokratik partiyasining mazkur harakatini qo‘llab-quvvatlagan holda rasmiy munosabatni quyida keltirib o‘tamiz:
Xalqni rozi qilish, kelajakda emas, odamlarga aynan bugun qulay sharoitlar yaratish Yangi O‘zbekistonning bosh talabiga aylangan kunlarda yashayapmiz.
Keyingi yillarda amalga oshirilayotgan tub islohotlarning aynan ana shu tamoyil asosiga qurilayotgani shubhasiz, yurtdoshlarimizning ertangi kunga bo‘lgan ishonchini mustahkamlayotir.
Shunga qaramay, afsuski ayrim hollarda aholi kayfiyatiga salbiy ta’sir qiladigan holatlar ham uchrab turibdi. OAV hamda ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilanayotgan mavzu – Farg‘onadagi “Yoshlar ko‘li” o‘rnida uy-joy binolari qurish bilan bog‘liq holat bunga misol bo‘lishi mumkin. Bunda eng yomoni, ona tabiatga va aholi istagiga zid tarzda qabul qilingan qaror tufayli mahalliy aholi va yoshlarda asosli e’tirozlar yuzaga kelmoqda.
“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi 2020-yilda ta’mirlangan, keyingi uch yilda esa noma’lum sabablarga ko‘ra suvsiz qoldirilgan “Yoshlar ko‘li”ning taqdiriga, shuningdek, aholi talabi va qonunchilikka zid tarzda qabul qilingan qarorni bekor qilishi shart, deb hisoblaydi. Qayd etish joizki, amaldagi qonunchilikka muvofiq, viloyat hokimlarining yer berish bo‘yicha qaror qabul qilish vakolatlari tugatilgan.
Bas shunday ekan, Farg‘ona ahliga, ayniqsa yoshlarga sport bilan shug‘ullanish uchun xizmat qilgan hudud taqdirini bitta qaror bilan o‘zgartirib yuborish bugungi kun talabiga ham, bugungi kun qonunchiligiga ham ziddir.
Shundan kelib chiqqan holda “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi bunday noqonuniy qaror chiqarish amaliyotini keskin qoralaydi hamda Bosh prokuraturadan ushbu masalaga huquqiy baho berilishini so‘raydi.