Parlamentlararo ittifoq Assambleyasida O‘zbekiston Senati raisi muhim taklif va tashabbuslarni ilgari surdi

Parlamentlararo ittifoq Assambleyasida O‘zbekiston Senati raisi muhim taklif va tashabbuslarni ilgari surdi

Shveysariyaning Jeneva shahrida Parlamentlararo ittifoq (PI)ning 148-Assambleyasi bo‘lib o‘tmoqda. Bir yilda ikki marta o‘tkaziladigan Assambleyada dunyoning turli mamlakatlaridan yuzlab parlament a’zolari, shu jumladan, O‘zbekiston delegatsiyasi ishtirok etmoqda.

PI – milliy parlamentlarning global tashkiloti hisoblanadi. 130-yil oldin tashkil etilgan mazkur tuzilma barcha mamlakatlar o‘rtasida hamkorlik va muloqotni rag‘batlantiradigan dunyodagi birinchi ko‘p tomonlama siyosiy tashkilotdir.  

Bugungi kunda PIga 180 milliy parlament va 15 mintaqaviy parlament a’zo. Tuzilma demokratiyani targ‘ib qiladi va parlamentlarni kuchliroq, yoshroq, “yashilroq”, gender jihatdan muvozanatli va innovatsion institutlarga aylantirishga yordam beradi.

Bu galgi Assambleya “Parlament diplomatiyasi: tinchlik va o‘zaro hamjihatlik uchun ko‘prik yaratish” mavzusiga bag‘ishlandi.  Asosiy e’tibor umumiy mavzuda delegatlarga muhokama uchun platforma yaratish va parlament faoliyatini kuchaytirish yuzasidan fikr almashishga qaratildi.

Assambleyada Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva nutq so‘zlab, muhim taklif va tashabbuslarni ilgari surdi. Jumladan, tez o‘zgarib borayotgan va oldindan aytish qiyin bo‘lgan xalqaro vaziyat hamda davlatlararo munosabatlarda bir-birini tushunish tobora taqchil bo‘layotgan bir davrda parlamentlar roli har qachongidan muhim ahamiyatga ega bo‘layotgani ta’kidlandi.  

PIning parlament diplomatiyasini mustahkamlashga qaratilgan konseptual tamoyillarini to‘liq qo‘llab-quvvatlagan holda alohida e’tibor qaratish lozim bo‘lgan ustuvor yo‘nalishlarga to‘xtaldi. Xususan, parlament diplomatiyasi davlatlar o‘rtasida ishonchni mustahkamlashning asosiy mexanizmi sifatida nizolarning oldini olishda muhim o‘rin tutishi, parlamentlar aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari huquqlarini faol himoya qilishi kerakligi alohida qayd etildi.

Ishtirokchilar e’tibori parlament a’zolari o‘rtasida ishonchli munosabatlarni o‘rnatishga, umumiy muammo va vazifalarni hal etishga ko‘maklashadigan mintaqaviy hamkorlik muhimligiga qaratildi.

Assambleyada avtonom qurol tizimlari hamda sun’iy intellektning ijtimoiy va gumanitar ta’sirini bartaraf etish hamda iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish bo‘yicha hamkorlik: arzon yashil energiyadan foydalanishni rag‘batlantirish va innovatsiyalar, mas’uliyat va adolatni ta’minlash bo‘yicha  rezolyutsiyalar qabul qilinishi kutilmoqda. Umumiy mavzu bo‘yicha yakuniy hujjat  qabul qilinishi ham nazarda tutilgan.