Imzo to‘plash yakuniy bosqichda

Imzo to‘plash yakuniy bosqichda

1 avgustda saylov kompaniyasining eng muhim bosqichlaridan biri – imzo to‘plash jarayoni boshlangan edi. 

Ta’kidlash lozim, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining hududiy kengashlari ham ushbu jarayonda faol ishtirok etmoqdalar. Partiya a’zolari, BPT vakillari, mahalliy kengash deputatlari, «Ayollar» va «Yoshlar» qanoti fidoyilari mahallalar, ta’lim muassasalari, korxona va tashkilotlarda bo‘lib, imzo to‘pladilar. Shu jarayonda saylov qonunchiligi va partiya faoliyati haqida ma’lumotlar ham tarqatdilar.   

Ayniqsa, navoiyliklar bu jarayonda o‘ziga xos faollik ko‘rsatishdi. Masalan, viloyatning Karmana tumani tibbiyot birlashmasida o‘tkazilgan imzo yig‘ish tadbirida sog‘likni saqlash tizimi xodimlari 27 oktyabrda o‘tkazilishi belgilangan saylovda “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining ishtirokini qo‘llab-quvvatlashini o‘z imzolari bilan tasdiqladilar.

– Bugun yurtimiz tinch, oilalarimiz xotirjam. Barcha sohalardagi o‘zgarishlarni ko‘rib, bilib turibman. Bularni kundalik hayotimda ham his qilyapman. Eng asosiysi, farzandlarim kelajagidan xotirjamman. Shuning uchun ham milliy qadriyatlarni qadrlash siyosatini olib borayotgan “Milliy tiklanish” partiyasini qo‘llab-quvvatlab imzo chekib chiqdim, – dedi Xurshida Qo‘chqorova.

Sirdaryoliklar ham bu jarayonga befarq bo‘lmadilar. Partiya viloyat Kengashi tomonidan imzo yig‘ish tadbirlari uyushqoqlik bilan tashkil etildi. Guliston tumani Madaniyat markazida o‘tkazilgan ana shunday tadbirlardan birida 200 nafarga yaqin yurtdoshimiz ishtirok etib, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining bo‘lajak siyosiy tadbirda ishtirokini qo‘llab-quvvatlab imzo chekdilar.

– Ko‘rib turganingizdek, sirdaryoliklar ham hech bir jarayonga befarq emaslar. Chunki viloyatimiz ahli ham barcha sohalardagi o‘zgarishlarni kundalik hayotlarida his qilib yashayaptilar. Eng asosiysi, oilalarimiz tinch, topganimizda baraka bor, farzandlarimiz kelajagidan ham xotirjammiz. Odamga bundan boshqa yana nima kerak? – deydi viloyat kengashi raisi Norbobo Soatov.

Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Surxondaryo filialida o‘tkazilgan imzo yig‘ish tadbirida esa 300 nafarga yaqin fuqaro ishtirok etib, bo‘lajak saylovda “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining ishtirokini qo‘llab-quvvatladilar.

– Shu yurtning bir fuqarosi sifatida turmush o‘rtog‘im bilan milliy qadriyatlar, ayniqsa, til, tarbiya masalalarini ko‘tarayotgan “Milliy tiklanish” demokratik partiyasini yoqlab imzo chekdik, – dedi «O‘zbekiston» mahallasi fuqarosi Malika Komilova.
Kechadan boshlab imzo to‘plash jarayonlari yakuniy bosqichga kira boshladi. Shundan so‘ng partiya Siyosiy Kengashi ijroiya qo‘mitasida hududiy partiya tashkilotlaridan imzo varaqalarini qabul qilish bo‘yicha maxsus ishchi guruhi tuziladi. So‘ngra partiyaning vakolatli vakili Qoraqalpog‘iston Respublikasi, har bir viloyat va Toshkent shahri bo‘yicha alohida-alohida tikilgan imzo varaqalarini Markaziy saylov komissiyasiga topshiradi. 

Ma’lumki, Saylov qonunchiligiga ko‘ra, siyosiy partiya saylovda ishtirok etishi uchun kamida 40 ming saylovchi imzosini to‘plashi zarur.