Ijtimoiy tarmoq


Ma’lumotlarga ko‘ra, jami aholining 80 foizdan ortig‘i biron-bir ijtimoiy tarmoqda faol. Dunyo yoshlarining 96 foizi esa aynan u orqali o‘zaro muloqotga kirishmoqda. Dunyo bo‘ylab kompaniyalarning 80 foizdan ortig‘i o‘z faoliyatida ijtimoiy tarmoqlardan keng foydalanadi. Odamlarning 78 foizga yaqini ijtimoiy tarmoqlardagi ma’lumotlarga ishonadi.
Lekin yoshlarimizning internet va ijtimoiy tarmoqlardan, ulardagi ma’lumotlardan oqilona foydalanishlari borasida jiddiy o‘ylab ko‘rishimiz kerak bo‘lgan jihatlar ham talaygina.

Talabalar, o‘quvchilar, umuman, yoshlarni kuzatib boraman. Ularning aksariyati bo‘sh qoldi deguncha, darrov qo‘l telefonga andarmon bo‘ladi. Qandaydir o‘yin o‘ynaydi, qo‘shiq eshitadi, film tomosha qiladi. Ming afsuski, bunday ko‘rinish ko‘lami yildan-yilga ortib bormoqda. Ularning mobil telefon, internetga bu qadar bog‘lanib qolishlarini aslo e’tibordan chetda qoldirib bo‘lmaydi. Bu, eng avvalo, yoshlarimizning salomatligiga, ma’naviyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi, puxta bilim olishdan chalg‘itadi.

Bundan tashqari, jahon axborot makonida axloqsizlik, fahsh, buzuqlikni targ‘ib qiluvchi saytlar va ularning sahifalari keng yoyilgani: mish-mish, yolg‘on, uydirmalar, buzg‘unchi g‘oyalar tarqatilayotgani; e’lon qilingan ayrim maqolalarda ishonchli manbalarning yo‘qligi, qaysi kitob yoki saytdan olinganligi, kim yozganligi haqida manbalarning berilmasligi, mualliflar huquqining poymol etilishi, ma’naviy, intellektual huquqlarning buzilishi kabi holatlar yoshlar ma’naviyati va tafakkuriga salbiy ta’sir ko‘rsatmasdan qolmaydi.

Internetga bog‘lanib qolish oqibatida insoniy aloqalar zaiflashadi, yuzma-yuz ko‘rishish bo‘lmaganligi tufayli o‘zaro mehr kamayadi, voqelikdan uzilib qolish yuz beradi, oilaviy ahillikka putur yetadi; yoshlarning ijtimoiy tarmoqlardan noto‘g‘ri foydalanishi vaqtning isrof bo‘lishiga, me’yoridan ortiq foydalanish esa unga o‘rganib qolishiga olib keladi.
Shu bilan birga, ijtimoiy tarmoqlar o‘qish va bilim olishga yengiltaklik bilan munosabatda bo‘lishga (tayyor dars ishlanmalari, matematik masalalar yechimlarini osongina topish hisobiga dars topshiriqlarini mustaqil bajarmaslikka) sabab bo‘ladi. Yoshlarning faol harakatda bo‘lmasdan, uzoq vaqt monitor ro‘parasida o‘tirishi ularning jismoniy rivojlanishiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Muxtasar aytganda, bu jamiyatga va shaxslararo muloqotga, hamkorlik va o‘zaro yordamga layoqatsizlikni, ijtimoiy me’yorlar va umuminsoniy qadriyatlarga befarq munosabatni shakllantiradi.

YUNISЕF hisobotiga ko‘ra, 15 – 24 yoshdagi shaxslar internetdan eng ko‘p foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lgan guruhga kiradi. 18 yoshgacha bo‘lgan bolalar va o‘smirlar butun dunyo bo‘ylab internet foydalanuvchilarining uchdan bir qismini tashkil qiladi. Tahlillarga ko‘ra, bugungi kunda dunyo miqyosida maktab yoshidagi bolalarning 10 – 20 foizi ruhiy salomatlik bilan bog‘liq muammolarga uchramoqda va bu holat ularning aksariyati o‘n to‘rt yoshga to‘lgunga qadar rivojlanmoqda. Bunday vaziyatda maktablar bolalar hayotidagi asosiy tizimlardan biri sifatida o‘z faoliyati ko‘lamini kengaytirishi hamda bu kabi muammolarni hal etishda ishtirok etishi lozim.

Albatta, yoshlarning o‘z bo‘sh vaqtini nuqul ijtimoiy tarmoqlarda o‘tkazishi tashvishli holat. Bu jamiyatda ilmsizlik, johillik, axloqsizlik tomirining yoyilishiga olib keladi, yoshlar ongi va madaniyatiga salbiy ta’sir qiladi. Bularning oldini olish uchun yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli va qiziqarli tashkil etish: ta’lim muassasalarida sport seksiyalari, musiqa, fan to‘garaklarini davomiy tarzda va eng asosiysi, yoshlarni qiziqtira oladigan darajada uyushtirish, shu bilan birga, ularning ichidan iqtidorlilarini topib tarbiyalash zarur.

Yana bir mulohaza. O‘quvchilarning gohida yoshlikdan pul topishga majbur bo‘lib qolayotganligi – choyxonalarda, to‘yxonalarda, bozorlarda sarson kezayotgani ham bor haqiqat. Besh-o‘n so‘m pul topib, ota-onani mensimaslik, ularning o‘gitlariga quloq solmaslik esa o‘qish, bilim olishga qiziqishning susayishiga sabab bo‘lmoqda. Bola yarimtungacha choyxona, to‘yxonada ishlab, bozorda arava tortib, ertasiga darsga kechikib kelib, kelganda ham sinfda mudrab o‘tirib, to‘liq ta’lim olarmikan? Undan ham yomoni, ana shu to‘yxonalarda ba’zi kattalarda ko‘rgan yomon odatlarni o‘zlashtirib olishi ular tarbiyasining buzilishiga sabab bo‘lmaydimi? Ilm o‘quv dargohidan, hayotdan olinishi mumkindir, lekin odob, tarbiya, avvalo, oilada, uyda olinadi.

Shu bois aniq vazifalari va majburiyatlari belgilangan «Ota-onalar maktabi»ni shunchaki nomiga, xo‘jako‘rsinga emas, rasman tashkil etish lozim. Maktablarda ota-onalarga ularning burchi, javobgarligi, majburiyati to‘g‘risida bilimlar berilishi, bolalarga psixologik yordam ko‘rsatilishi kerak. Ota-onalarga farzandlarini o‘tish (ulg‘ayish) yoshi davrida muammolardan, internet, ijtimoiy tarmoqlardagi zararli ma’lumotlardan asrashni, tahlil qilishni, ma’naviy, estetik va madaniy tarbiya berishda nimalarga e’tibor qilmoqlikni o‘rgatish zarur, deb o‘ylayman. «Ota-onalar maktabi» saboqlari mahallada hech bo‘lmasa bir oyda bir marta tashkil etilishi kerak. Ushbu maktabda saboqlarni oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari, olimlar, psixologlar, diniy ulamolar, huquqshunoslar va umuman, tarbiya bo‘yicha yetakchi mutaxassislar olib borsa, nur ustiga a’lo nur bo‘lardi. Ana shunda «oila – maktab – mahalla» chambarchas bog‘langan, ota-onalar, ustoz-muallimlar, mahalla-ko‘y farzand tarbiyasida mas’uliyatni to‘la-to‘kis his qilgan bo‘lardi.

Haqiqatan ham, yangi O‘zbekistonni shakllantirish, erkin va demokratik fuqarolik jamiyatini qurish, uchinchi Renessans poydevorini bunyod etish jarayonlari ketayotgan bugungi kunda ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, yurtdoshlarimiz ongu tafakkurini yuksaltirish, xorij matbuoti, ayniqsa, internetdagi ijtimoiy tarmoqlarda «ochiqlik», «demokratiya», «ommaviy madaniyat» ko‘rinishlari ortidagi yot g‘oyalar, diniy ekstremistik qarashlar ta’siridan, ayniqsa, yoshlarni asrashda jamiyatimiz ziyolilari, o‘qituvchi va murabbiylarning o‘rni va roli nihoyatda katta.

Bugun mediamakonda madaniyatsizlik, axloqsizlik ko‘rinishlari, millatimiz ma’naviyatiga zid bo‘lgan g‘oyalar keng targ‘ib etilmoqda. Bu bilan kimlardir o‘zlarining g‘arazli manfaati yo‘lida milliy va diniy qadriyatlarimizga, xalqimizning ezgulik hamda yaxshilikka yo‘g‘rilgan o‘ziga xos, umrboqiy an’analari ildiziga bolta urishga urinmoqda. Bunday holatga biz, ziyolilarning tomoshabin bo‘lib qarab turishimiz yoki e’tiborsiz bo‘lishimiz hech bir mezonga to‘g‘ri kelmaydi.
Insoniyat tarixining barcha davrida ulug‘ ajdodlarimiz millatimiz sha’ni, qadr-qimmatini yuksaklarga ko‘tarish, milliy qadriyatlarimizni e’zozlash yo‘lida kurashgan, bu borada dunyo xalqlariga ibrat bo‘lgan. Bugun biz ham bu borada ko‘plarga ibrat bo‘lishimiz lozim. Navqiron avlodni yot va buzg‘unchi g‘oyalardan asrab-avaylash, ularga to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatish biz uchun ham qarz, ham farzdir.

Prezidentimizning 5-fevral kuni o‘tkazgan yig‘ilishida belgilangan vazifalardan kelib chiqib, albatta, bu borada targ‘ibot ishlarini kuchaytirishga, uning ilg‘or va samarali usullaridan keng foydalanishga yanada ko‘proq e’tibor  qaratishimiz lozim. Jahon axborot makoni orqali tarqatilayotgan buzg‘unchi g‘oyalar, g‘arazli axborotlar, hayotimiz ziynati bo‘lgan odob-axloqimiz, ma’naviyatimizga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan, yoshlarni zalolatga boshlaydigan jirkanch tasvir va mediamahsulotlar mohiyatini keskin fosh etib, oqni oq, qorani qora deb, asl haqiqatni yuzaga chiqarish uchun bor imkoniyatimizni ishga solamiz. Hech qachon unutmasligimiz kerak, ma’naviy kurashlar sohasida faqat va faqat azmu shijoat bilan dadil harakat qilgan, oldinga intilgan jamiyatgina maqsadiga yetadi.

Shunday ekan, yoshlarimiz ijtimoiy tarmoqlardan zaruriy ma’lumotlar manbai sifatida foydalanishi maqsadga muvofiq. Xususan, global tarmoq vositasida mamlakat imijini rivojlantirishga yo‘naltirilgan innovatsion loyihalarni amaliyotga joriy etish, O‘zbekiston yoshlarining ilmiy va intellektual faoliyati, ularning ijodiy ishlari, kashfiyotlari, ixtirolari va ratsionalizatorlik takliflarini butun dunyoga targ‘ib qilish kechiktirib bo‘lmas vazifalardan. Pirovardida, ijtimoiy tarmoqlar segmentini faol yoshlar ishtirokida tashqi targ‘ibot ishlarining samaradorligini jiddiy ravishda oshiradigan omil darajasiga olib chiqish zarur. Bu bilan biz navqiron avlodni turli balolardan himoya qilish, ularni ma’naviyatli, komil insonlar etib tarbiyalash ishiga hissa qo‘shgan bo‘lamiz. 

Manba