Zamonaviylik nima?

Zamonaviylik nima?

Qiziq savol: zamonaviylashish, ammo o‘z navbatida, g‘arblashmaslik mumkinmi? Zamonaviylashish deganda aynan g‘arb standartlariga moslashish nazarda tutiladimi?  Bu savolga turlicha javob qaytarish mumkin. Misol uchun, dunyodagi eng katta kazino – Makao Xitoyda joylashgan. Uni qurishda Venesiyadagi Avliyo Mark maydoni arxitekturasidan namuna sifatida foydalanilgan. Avliyo Mark maydoni esa o‘z davrida arab madaniyati elementlaridan foydalanilgan holda bunyod etilgan. Xo‘sh, savol tug‘iladi: kazinoni qanday nomlash kerak – xitoycha, yevropacha, arabcha? 

Yoki shunchaki «zamonaviy» deb atashning o‘zi kifoyami? Hayotning barcha sohalariga g‘arbning odatlari va an’analari chuqur kirib borgan – davlat boshqaruvi shakllari, biznes yuritish usullari, bayramlar, sport va hatto ko‘ngilxushlik shakllari degandek. Insoniyat tarixida madaniy qadriyatlarni eksport qilish bo‘yicha eng zo‘r rekordchi sifatida Buyuk Britaniyani ko‘rsatish mumkin. Britaniya imperiyasi butun dunyoga ingliz tilini yoyish bilan birga bank tizimi, inson huquqlari, jamoaviy sport shakllari, shaxs erkinligi tushunchalarini ham tarqata oldi.

Shu o‘rinda odamlar orasida «amerika orzusi» fenomeni paydo bo‘lmasidan oldin hammani ilhomlantiradigan «britancha hayot tarzi» tushunchasi mavjud edi. Keyinchalik esa... «makdonalds», «rok-n-roll», «jinsi»…  Bular Amerikaning dunyoga muvaffaqiyatli amalga oshirgan eksportlaridan bo‘ldi. Bugunga kelib 1.5 milliarddan ziyod aholi ingliz tilida gaplashadi. Globallashuv kengaygani sari AQSH standartlariga tushish zarurati ham ortib bormoqda. Ammo hozircha faqatgina Yaponiya superzamonaviy davlat bo‘lishi bilan birga sharqqa xoslikni ham saqlab qolish mumkinligini o‘z turmush tarzida isbotlamoqda.

Zamonaviylashish yaxshi, biroq biz bu yo‘lda tabiatni, sog‘liqni qurbon qilishimiz kerakmi? Bilamizki, shiddatli iqtisodiy o‘sish natijasida tabiiy resurslardan nooqilona foydalanib, atrof-muhitga zarar yetkazilyapti. Ichimlik suvi, toza havo, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari – bularning zaxirasi tugab borayotgani ham bor gap. Ma’lumotlarga ko‘ra, 2024-yilning 1 yanvarida sayyoramiz aholisi 8 milliard 19 million 876 ming kishiga, ammo ular sarflaydigan suv hajmi esa yana bir necha barobarga oshdi. Shundan 37 millioni O‘zbekiston fuqarolaridir. Ayni paytda aholimizning 60 foizi yoshlardir.

Demak, biz ham globallashmoqdamiz. Hatto tashqi ko‘rinishimizdan tortib, yashash tarzimizgacha ancha g‘arblashdik ham. Yoshlarimizning zamonaviy kiyimlariyu, hatti-harakatlari milliyligimizning sekin-asta yemirilishiga xizmat qilyapti. Milliy liboslarimiz, an’analarimiz asosan rasmiy tadbirlarda, yo bo‘lmasa, chet ellik mehmonlarga ko‘z-ko‘z qilishga yarayapti, xolos. Shu ma’noda Amerikaning «jinsi»sidan tortib, Britaniyaning «IELTS» imtihoni bugun «zamonaviy yoshlar» tushunchasini yaratyapti desak xato bo‘lmaydi. Yoshlarning til bilishiga hech kim qarshi emas, ammo o‘z ona tilisida ravon gapirishni bilishsa ham ajnabiycha so‘zlashish «zamonaviylik»mi yo «hurmatsizlik»? 

Nima bo‘lganda ham bugun biz shunday yo‘llarni topaylikki, bu qarorimiz zamonaviylashishga to‘sqinlik, tabiatga esa ziyon keltirmasin.