Umid qilamizki, “Sokin daryo mavjlari” ob-havoni o‘zgartiradi!

Umid qilamizki, “Sokin daryo mavjlari” ob-havoni o‘zgartiradi!

Taniqli jurnalist, “Ishonch” va “Доверие” gazetalari bosh muharriri, yaxshi inson, yaxshi do‘st Husan Ermatovning “Sokin daryo mavjlari”ni o‘qib, tajribali jurnalistlarimiz shunday kitoblarga qo‘l urishlari kerak ekan, degan fikr o‘tdi xayolimdan. 

Albatta, ushbu kitobga ustozimiz, o‘zbek milliy jurnalistikasi akademiklaridan biri Ahmadjon Meliboyevdan o‘tkazib ta’rif berish qiyin. Ayniqsa, u kishining “Ba’zan oddiy so‘zboshi ham ancha vaqt oladi. Chunki qozonda bir nima bo‘lsa, cho‘michga chiqadida. Bu gal aksi bo‘ldi – cho‘mich tiqilib qoldi” degan gaplaridan keyin beixtiyor o‘zingni “Sokin daryo”ga urasan. Ko‘p o‘tmay, daryoning “mavjlari” senga yaqin bo‘lgan, o‘ta tanish holatlar ko‘chasiga olib kiraveradi...

Husan Ermatovning “O‘quvchisini izlayotgan matbuot”, “Gazeta nega kerak?”, “Bosma nashrlar transformatsiyasi: nimalarga bog‘liq bo‘lib qolmoqda?”, “Evrilish ehtiyoji” singari maqolalaridan iborat to‘plam qaysidir ma’noda milliy matbuotimizning og‘riqli holatlariga yana bir bor o‘quvchilar e’tiborini qaratadi. Kitobga haligacha o‘z dolzarbligini yo‘qotmagan maqolalar kiritilganini o‘quvchi darrov his etadi. Bu esa to‘plam ahamiyatini yanada oshiradi. Shundan kelib chiqib, kuyunchak do‘stimiz Husan Ermatovga va ushbu kitobning nashr etilishiga hissa qo‘shgan barcha do‘stlarga minnatdorlik bildirib, to‘plamdagi ayrim lavhalarni o‘quvchilarimiz hukmiga havola qilishga qaror qildik.

Ta’lim masalasi – eng muhim masala

Kechirasizlaru, hurmatli vazir va vazirlik a’yonlari, barcha bandlarni sinchiklab o‘qib chiqdim, mana shu yangiliklaringizning ichida ta’lim mundarijasini yaxshilash, o‘quv dasturlariga yangiliklar olib kirish, o‘qituvchi va muallimlar saviyasi, o‘tiladigan darslar darajasini oshirishga bag‘ishlangan band yo‘q, aksariyatidan keladigan oqibat esa buning aksiga xizmat qiladi.
Maqsad nima o‘zi? Oliy ma’lumot diplomini olgan yosh mutaxassislarimiz o‘z sohalarida ishlab ketishga tayyor bo‘lib chiqmayaptilar, aslida hozir vazirlik oldida turgan eng katta muammo shu emasmi? Ilmga tashnalikni kuchaytiradigan qandaydir tadbiringiz bormi? Kutubxonalarni boyitish masalasi e’tibordan chetda. O‘qituvchilar, ayniqsa, o‘zimizning kadrlarni yanada malakali dars o‘tishlariga turtki beruvchi nimadir bormi? Yo‘q! Bu nima degani, axir?

Kelajagimiz kimning qo‘liga tushadi?

Bugun bo‘lajak jurnalistlar, ya’ni jurnalistika sohasida o‘qimoqchi bo‘layotgan abituriyentlar bilan og‘zaki sinovlarda ishtirok etdim. Yaxshisi, ishtirok etmasam bo‘larkan. Sohamizning kelajagidan vahimaga tushib ketdim. Maktablarda nimani o‘qityapsizlar, hoy, muallimlar? Adabiyotning “a”siyam yo‘qku bularda... men jurnalistika, OAV haqidagi tasavvurlar, televideniye, gazetalar, jurnallar va hatto internet nashrlari haqida ham gapirmadim. Tilim aylanmayapti... Ma’lumot uchun aytib qo‘yishim kerak, bu O‘zJOKUdagi holat emas. Balki u maskanga bizga yaqinroq bo‘lgan yoshlar ko‘proq kelgandir, deb umid qilaman!
 
Bovurlardan masterklass...

Bovurlarimizdan o‘rganadigan joylarimiz bor ko‘rinadi...
Qozog‘iston milliyat masalasida ham bizdan ko‘ra g‘ayratliroq chiqdi!

Qozog‘istonda ikkita ma’rifiy telekanal ishga tushiriladi. Ulardan biri “Abay TV” deb nomlanib, 30 iyundan faoliyat boshlaydi. Mamlakat axborot vazirining aytishicha, mazkur kanal milliy madaniyat boyliklari hamda merosini targ‘ib qilib boradi, shu bo‘yicha mavzularni keng yoritadi.
“Al-Forobiy” nomli ikkinchi kanal esa yangi o‘quv yilidan efir yuzini ko‘radi. Qayd etilishicha, u 6 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan auditoriyani qamrab oladi hamda yangi ta’lim-ma’rifat televizion platformasiga aylanadi. 

Bu Nazarboyev ishlab chiqqan milliy mafkuraviy konsepsiya – “Рухани Жанғыру”ning uzviy davomi sanaladi. Aytish mumkinki, qo‘shnilarimiz qozoq jamiyatini milliylashtirish, etnomilliy xususiyatlarni parvarishlashga katta e’tibor qaratmoqda. 

Buni postsovet davlat, duragaylashgan madaniyat merosxo‘ri va yangi dunyoda Xitoy va Rossiya o‘rtasida turgan mamlakatning iqtisodiy-siyosiy va mafkuraviy jihatdan erkin bo‘lishiga, dunyoda qozoq degan bir el bor, deya ko‘rsatishga bo‘lgan haqli bir urinish, deb qarasak to‘g‘ri bo‘ladi. 
Garchi gap milliyat haqida ketar ekan, bizda ham shunday milliy dastur bormi, degan savol o‘rtaga chiqadi. Ochig‘i, men bunday milliy konsepsiya haqida eshitmadim. Bilganim, biz ma’naviyat va mafkura bo‘yicha haliyam bundan o‘n yillar ilgari shakllangan “politkonstruktor”lar yordamiga tayanib kelyapmiz...
Xullas, qo‘shni bovurlarimiz jamiyatni milliylashtirishda ham bizdan g‘ayratliroq ekanligi ko‘zga tashlanyapti. 

P/S: Ertaga kanalimizda qozoq jamiyatida milliylik harakatlarining strategiyasi va natijalariga bag‘ishlangan, ikki qismdan iborat “Qozoqchilik tuyg‘usi” ruknida tahliliy bitikni e’tiboringizga havola etamiz.