Til o‘rganishga sarflangan milliardlar

Til o‘rganishga sarflangan milliardlar

Ma’lumotlarga ko‘ra, International Education First Center tomonidan tuzilgan reytingda ingliz tilini bilish darajasi bo‘yicha O‘zbekiston 113 davlat orasida 93-o‘rinni egallagan. IELTS imtihonini topshirish bo‘yicha esa 34-o‘rinda qayd etilgan.  Ammo, tilshunoslarning fikricha, IELTS sertifikatiga ega bo‘lish bu ingliz tilini mukammal bilish degani emas. Til – bu til, IELTS esa maxsus testlar strukturasini bilish darajasini baholaydigan tizim, xolos.

Shu o‘rinda xalqaro ingliz tilini o‘rgatish tizimi darajalari bilan tanishsak: boshlang‘ich (Beginner), boshlang‘ichdan bir pog‘ona yuqori (Elementary), o‘rtachadan past (Pre-Intermediate), o‘rtacha (Intermediate), o‘rtachadan yuqori (Upper Intermediate) hamda ilg‘or daraja (Advanced), ma’lum va mashhur IELTS...

 Bundan ikki yil avval 10 ta xorijiy til bo‘yicha yurtimizda tan olingan 35 xil sertifikat bo‘lib, 35 ta xorijiy sertifikatni tan olish, ularning haqqoniyligini aniqlash, qolaversa, strategiyasini tuzish, reytingini tayyorlash, amal qilish muddatiga e’tibor qaratish, da’vogarning o‘tish yoki o‘tmasligini aniqlash maqsadida davlat xizmatchilarining yagona elektron bazasi shakllantirilgan edi.
Shu o‘rinda alohida ta’kidlash joizki, mamlakatimizda xorijiy tillarni o‘rganish uchun qator imtiyozlar ham yaratilgan.

Jumladan, xorijiy til bo‘yicha A2 va undan yuqori sertifikati bo‘lgan maktab bitiruvchilari texnikum, kollej va liseylarga o‘qishga kirishda chet tili (ingliz, nemis, fransuz tili) fani bo‘yicha testdan ozod qilinadi va ularga eng yuqori ball beriladi. Bundan tashqari, ta’lim muassasalarining kamida S1 darajadagi milliy yoki xalqaro sertifikatiga ega o‘qituvchilarga har oylik maoshining 50 foizi, davlat xizmatchilariga esa 20 foizgacha qo‘shimcha ustama to‘lanadi.

Shu bilan birga kamida S1 sertifikatini olgan o‘qituvchilarning testga kirish uchun to‘lagan pullari ham davlat hisobidan qaytarib beriladi. Masalan, o‘qituvchilar va 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar IELTS imtihonidan 7 yoki undan yuqori ball olsa, test topshirish uchun to‘lagan 2 mln 200 ming so‘m puli qaytariladi. Maktab, texnikum, kollej va akademik liseylarning kamida S1 darajadagi milliy yoki xalqaro sertifikatga ega xorijiy tillar  o‘qituvchilari esa attestatsiyadan ozod qilinadi. 

Yana bir ma’lumot: Yoshlar ishlari agentligining ma’lum qilishicha,  o‘tgan yili  xalqaro imtihon tizimlari bo‘yicha yuqori ball (daraja) olgan 12,3 ming nafar yoshlarga 21,7 mlrd so‘m imtihon topshirish xarajatlari qaytarib berilgan. Shundan IELTS – 8275 nafar, TOEFL – 30 nafar, GMAT – 13 nafar, SAT – 960 nafar, rus tili – 2864 nafar, koreys tili – 77 nafarni tashkil etgan. Bundan tashqari, qo‘shimcha 9 ta test (xorijiy til va imtihon turlari) sinovlarining xarajatlari ham qoplab berilgan.

 Darvoqe, bu boradagi imtiyozlar jurnalistlar va tahririyat xodimlarini ham chetlab o‘tmagan. Xorijiy tillar bo‘yicha V2 va undan yuqori natijani olgan jurnalist yoki tahririyat xodimiga til o‘rganish xarajatlari uchun BHMning 15 baravarigacha pul beriladi. 
Ayni paytda kirish imtihonlariga tayyorgarlik ko‘rayotgan abituriyentlar uchun yana bir ma’lumot: Xorijiy tillar bo‘yicha B2 yoki undan yuqori darajadagi milliy yoki xalqaro sertifikatga ega bo‘lgan abituriyentlar ham testdan ozod qilinib, qishloq joylarda til kursi tashkil qilgan tadbirkorlarga 50 mln so‘mgacha mahalliy byudjetdan bir martalik subsidiya berilishi belgilab qo‘yilgan.

Yodingizda bo‘lsa, Davlatimiz rahbari tomonidan 2021 yili 6 may kuni chet tillarni o‘qitish tizimini takomillashtirish yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida “Mamlakatimizda xorijiy tillarni o‘rgatish bo‘yicha kelajak uchun mustahkam poydevor bo‘ladigan yangi tizimni yo‘lga qo‘yish vaqti-soati keldi. Biz raqobatdosh davlat qurishni o‘z oldimizga maqsad qilib qo‘ygan ekanmiz, bundan buyon maktab, lisey, kollej va oliy o‘quv yurti bitiruvchilari kamida 2 ta chet tilini mukammal bilishlari shart. Bu qat’iy talab har bir ta’lim muassasasi rahbari faoliyatining asosiy mezoniga aylanishi lozim”, deya ta’kidlangandi.

Tabiiyki, xorijiy tillarni bilish mamlakatga xorij investorlarining kirib kelishiga, innovasion texnologiyalar rivojlanishiga keng yo‘l ochadi, yangi g‘oyalar tug‘ilishiga zamin yaratadi. Chet tilini biladigan mutaxassis o‘zbek tilida mavjud bo‘lmagan yangi texnologiyalar va bilimlarni egallash imkoniyatiga ega bo‘ladi. Eng muhimi, xalqaro maydonda ishonchli investor-hamkor izlayotgan O‘zbekiston tomonidan taklif etilayotgan takliflar doirasi kengayadi. Bundan tashqari, madaniy integratsiya yanada rivojlanib, dunyodagi yetakchi  mamlakatlarning madaniy o‘ziga xosligini yaxshi tushunish va shu orqali innovatsiyalarni ko‘chirib o‘tkazish osonlashadi. Shu bilan birga til biluvchi mutaxassislarning ko‘p bo‘lishi tashqi savdo aloqalarini yuqori bosqichga olib chiqishda muhim sanaladi. Shu boisdan, ham xalqaro ekspertlar turli soha mutaxassislari o‘z ona tilini mukammal bilish bilan birga, bir nechta xorijiy tillarda erkin muloqot qila olishlari haqida bong urishyapti.

Afsuski, ko‘pchilik xorijiy til deganda faqatgina ingliz tilini tushunadi. Vaholanki, butun dunyoda fransuz, nemis, ispan, italyan, arab, xitoy, yapon, koreys, turk, fors, pushtu, dari, urdu, hind tillari o‘qituvchilari va mutaxassislarga ehtiyoj juda katta.

Shuningdek, dunyoda samarali natija bergan o‘qitish metodikalari, dastur va darsliklarini ta’lim tizimida joriy etib, xorijiy tillarni mukammal o‘zlashtirish, ta’lim muassasalari, tarmoqlar va hududlarning ehtiyojidan kelib chiqib davlat tilidan xorijiy tillarga va xorijiy tillardan davlat tiliga professional tarjima qilish metodikalarini yaratish ham kun tartibidagi dolzarb masalaga aylangan.

Xulosa o‘rnida shuni aytish joizki, o‘z ona tilisini sevib, ardoqlash bilan birga xorijiy tillarni o‘rganayotgan yoshlarning ham, mutaxassislarning ham  ko‘payib borayotgani juda quvonarli. Bugun dunyoning qaysi nuqtasida bo‘lmasin, o‘zbek yigit-qizlari bugun eng mashhur xorijiy brend kompaniyalarida yetakchi mutaxassis, hatto rahbar sifatida faoliyat yuritishyapti. Xorijda o‘qib, tajriba orttirib, bilimini vatani istiqboli yo‘lida sarflayotgan yoshlarimizdan misol sifatida ko‘rish mumkinki, til bilish har bir insonning hayotiga yorqinlik olib kiradi. O‘zbekiston Qahramoni Ozod Sharafiddinov uqtirganlaridek: “Til bil, til o‘rgan, til o‘rgat, tilda ko‘p hikmat, ham o‘zing ham eling topadi izzat”.