Saylovlar arafasidagina uyg'onish saylovchi ishonchiga xiyonat deganidir

Saylovlar arafasidagina uyg'onish saylovchi ishonchiga xiyonat deganidir

Saylovchi ishonchi... 
Deputat mas’uliyati... 

Yaqin-yaqingacha ham juda katta umid bilan saylaganimiz – deputatlar bu ishonchni, ta’bir joiz bo‘lsa partiyaviy mas’uliyatni qay darajada oqlayaptilar, uni his qilyaptilarmi o‘zi, yaratilgan imkoniyatlardan saylovchi manfaati uchun to‘g‘ri foydalanishyaptimi, degan savollar o‘rtaga tashlansa, ko‘p hollarda umumiy javoblardan nariga o‘tolmay qolardik. 

Shundan keyin “deputatlar qachon uyg‘onadi, ular qachon xalqni o‘ylaydi”, hatto “deputatimizni tanimaymiz” qabilidagi gap-so‘zlar paydo bo‘lardi. 
Ochig‘i, Yangi O‘zbekistonda xalqimizdan uzoq yillar davomida yashirilgan, lekin isitmasi oshkor qilib turgan hayotiy muammolar tan olinib, ularni hal qilish uchun tub islohotlar yo‘li tanlandi. Bu mamlakatimizning ortga qaytmas islohotlar, ochiqlik va oshkorlik siyosatiga yuz tutganidan dalolat edi. Bu jarayonda esa deputatlarga keng imkoniyatlar yaratilib, ularning vakolatlari kengaytirildi.  

To‘g‘ri, bugunga kelib deputatlik instituti kutilganidek ishlayapti, deyish fikridan yiroqmiz. Ammo hazrati saylovchi manfaatidan kelib chiqib, el ishonchini oqlayotgan, yangicha shart-sharoit va talablar asosida ish ko‘rayotgan deputatlarimiz ko‘p. Shunday deputatlar orasida fraksiyamiz a’zolari Nodir Tilavoldiyev, Ilhom Abdullayev, Xurshid Do‘stmuhammad, Farida Afro‘z, Jahongir Shirinov, Umida Rahmonova, Farhod Zayniyev, Abdumalik Akramov, mahalliy kengash deputatlaridan esa Shaxodatxan Axunova, Abdukarim Saksanov, Otabek Jiyanbayev, Vasila ........, Ulug‘bek Jalmenov, Hamidjan Omanov, Gʻofurjon Yusupov, Saydulla Abduraimov, Norbobo Soatov, Yulduz Ergasheva, Shohrux Alibekov, Odiljon Mamatkarimov va Ziyoda Hoshimovalarga o‘xshash o‘nlab partiyadoshlarimiz nomini tilga olish mumkin. 
 
Lekin afsuski, hali ham islohotlar mohiyatini to‘la anglamayotgan, o‘z saylov hududidagi muammolar bo‘yicha deputatlik nazoratini o‘rnatish u yoqda tursin, hatto haq-huquqlaridan bexabar, sessiyalarda esa faqat tomoshabinlik maqomida turib, ishtirok etadigan deputatlarimiz ham talaygina. Hududlarda esa mahalliy hokimliklarning qosh-qovog‘iga qarab kun kechirayotganlar qancha? Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari orasida ham hamma saylovchilari bilan uchrashishga ulgurmaganlari bor.    
 
Yaqinda partiyadoshlarimiz Toshkent shahar hokimining poytaxtda ko‘p yillar oldin qurilgan ikki qavatli yoki vaqtinchalik qurilgan, xavfsizlik nuqtai nazaridan talabga javob bermaydigan, taxminan 500 gektardan ortiq hududdagi uy-joylar renovatsiya dasturiga tushgani haqidagi axborotiga munosabat bildirdilar.  Shuningdek, gazetamizning 41-sonida “Avtoservis” uchun “Chilonzor Oqtepa”ga tutash yerdan boshqa joy topilmadimi?” sarlavhali maqola e’lon qilindi. 

Bunday tahlillar, keskin munosabatlar shubhasiz, deputatga ham, uning nomzodini ko‘rsatgan partiyaga ham rahmatlar olib keladi. Eng asosiysi, saylovchi va deputatlar o‘rtasidagi o‘zaro ishonchni mustahkamlaydi.  

Xalqni rozi qilish, kelajakda emas, odamlarga aynan bugun qulay sharoitlar yaratish Yangi O‘zbekistonning bosh talabiga aylangan kunlarda yashayapmiz. Keyingi yillarda amalga oshirilayotgan tub islohotlarning aynan ana shu tamoyil asosiga qurilayotgani esa shubhasiz, yurtdoshlarimizning ertangi kunga bo‘lgan ishonchini mustahkamlayotir.

Shunga qaramay, ayrim hollarda aholi kayfiyatiga salbiy ta’sir etadigan holatlar ham uchramoqda. Masalan, OAV hamda ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilangan mavzu – Farg‘onadagi “Yoshlar ko‘li” o‘rnida uy-joy binolari qurish bilan bog‘liq holat bunga misol bo‘lishi mumkin. Bunda eng yomoni, ona tabiat va aholi istagiga zid tarzda qabul qilingan qaror tufayli mahalliy aholi va yoshlar tomonidan asosli e’tirozlar bildirildi.

“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Markaziy kengashi hamda bir qator tashkilotlar 2020 yilda ta’mirlangan, keyingi uch yilda esa noma’lum sabablarga ko‘ra suvsiz qoldirilgan “Yoshlar ko‘li”ning taqdiriga, shuningdek, aholi talabi va qonunchilikka zid tarzda qabul qilingan qarorga munosabat bildirganidan keyin viloyat hokimligi qarori o‘zgartirildi...

Bizningcha, ijtimoiy tarmoqlarda va so‘ngra partiyaning telegram kanallariyu, boshqa platformalarida faol ko‘tarilgan bu masalaga eng avvalo mahalliy kengash deputatlari munosabat bildirib, bong ursalar maqsadga muvofiq bo‘lardi.

Balki kimdir xabarlari bo‘lmagandir, balki bu xabar mas’ullarning e’tiboridan chetda qolgandir deyishlari mumkin. Farg‘ona shahri markazida yuz bergan bu holatdan xabarsizlik esa viloyat kengashining ham, deputatlarning ham talab darajasida faoliyat ko‘rsatmayotganliklarini anglatadi, xolos. Bu esa har qanday siyosiy kuch uchun achinarli holat, albatta.

Tan olaylik, yaqin-yaqingacha ham ko‘plab hududiy kengashlarga o‘rnak bo‘ladigan farg‘onalik hamkasablar faoliyatida ayni paytda keskin pasayish kuzatilmoqda. Misol uchun, deputatlik so‘rovlarini olaylik. Bu masalada ham mutasaddilarga o‘tgan yilga nisbatan kam so‘rov chiqarilgan.
Nima, Farg‘ona viloyatida aholini, hazrati salovchini o‘ylantirayotgan hayotiy masalalar unutildimi yoki mavjud muammolar to‘la bartaraf etildimi?

Albatta, yo‘q. Nazarimizda ushbu viloyatda mahalliy rahbarlarga yoqmay qolishdan qo‘rquv kasali kuchaygan yoki tom ma’noda loqaydlik illati avj olmoqda.  

So‘nggi paytlarda Andijon va Namangan viloyatlarida yoqilg‘i-energetika, qurilish va ta’mirlash, bank, ta’lim, sog‘liqni saqlash tizimlarida mablag‘larni talon-taroj qilish, korrupsiya holatlari ko‘paygani aytilmoqda. Lekin negadir  ko‘pchilik deputatlarimiz bunday holatlarga deyarli e’tibor qaratmayaptilar yoki ko‘rib ko‘rmaganga olishyapti. 

Bilamizki, Davlatimiz rahbari hududlarda bo‘lganlarida asosan aholi murojaatlari, hayotiy muammolari yechimiga birlamchi e’tibor qaratadilar. Eng muhimi, ularni hal etishning qat’iy choralari ko‘riladi. Aslida hududlardagi ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni Prezident yoki hukumat rahbari emas, asosan deputatalar ko‘tarishi, yuqori tashkilotlar e’tiboriga havola qilib, muammoni qanday hal qilish yuzasidan takliflar berishi kerak emasmi? 

Yaqinda gazetamizda Qashqadaryo viloyati Kengashi axborot xizmati tomonidan viloyatdagi ayrim madaniy meros ob’yektlarining bugungi holati haqida maqola e’lon qilindi.     

Unda qayd etilishicha, Qashqadaryoda 1468 ta madaniy meros ob’yekti bo‘lib, aynan ana shu inshootlar tufayli viloyatda turizm rivojlanyapti. Biroq ko‘hna tariximizning ajralmas bo‘lagi va tilsiz guvohi bo‘lgan osori-atiqalarning aksariyati ta’mirtalab holatga kelib qolganki, ayrimlari hatto yo‘qolib ketish arafasida. Qarshi shahridagi Haramjo‘y, Kulol va Chaqar masjidlari hamda Sharifboy madrasalari haqida ana shunday fikr bildirish mumkin.

Ta’kidlash lozim, ushbu madaniy meros ob’yektlari katta tarixiy qiymatga ega. Jumladan, Haramjo‘y masjidi besh asrlik tarixga ega bo‘lsa, Kulol, Chaqar masjidlari va Sharifboy madrasasi XVIII asrda bunyod etilgan.

“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Qashqadaryo viloyati Kengashi deputatlik guruhi tomonidan ushbu masala bir necha bor o‘rganilib, mavjud muammoga mutasaddilar e’tibori qaratilgan, garchi masala sessiyalar kun tartibiga kiritilgan bo‘lsada, mutasaddi idoralar uch yildan beri befarqlik qilishyapti.

To‘g‘ri, Haramjo‘y 2021 yilgi, Kulol masjidi hamda Sharafboy madrasasi 2022 yilgi dasturga kiritilgani to‘g‘risida ma’lum qilinib, bu xabar OAVda ham e’lon qilindi. Lekin afsuski, mutasaddilarning muammoga munosabati qog‘ozlardagina aks etyapti, xolos.

Qashqadaryolik deputatlar yana bir bor ushbu tarixiy ob’yektlar holatini ko‘zdan kechirib, shoshilinch choralar ko‘rish lozim degan qarorga keldilar. Aks holda kelajak avlodlarga qoladigan beqiyos boylik butkul yo‘qolib ketishi mumkin. 

Partiyaning Samarqand viloyati Kengashi matbuot xizmati xabarida ham aynan shunday masala ko‘tarilgan. Unda 1913-1919 yillarda barpo etilgan Abdurahmon Jomiy mahallasidagi «Kavarzor» masjidi odamlar ko‘z o‘ngida vayron bo‘layotgani, eski shahardagi «Darizanjir» masjid madrasasining ahvoli bundanda tashvishlanarli ekani ta’kidlandi.

XIX asr oxirlarida mahalliy aholi tomonidan bunyod etilgan Amir Temur mahallasidagi Yusuf Xarot masjidining esa faqat poydevori qolgan, xolos. Masjid yillar davomida mahalliy aholi tomonidan talon-taroj qilinmoqda.

Partiyadoshlarimizning yana bir chiqishida Xorazmning ko‘p ming yillik tarixiy obidalari, muqaddas qadamjolari va o‘ziga xos osori-atiqalari sayyohlar e’tiborini tortayotgani ta’kidlansa-da, keyingi paytlarda mutasaddilarning e’tiborsizligi, sohani rivojlantirishga oid muhim hujjatlar ijrosiga loqaydliklari sabab viloyatning misqollab yig‘ilgan sayyohlik obro‘siga putur yetayotgani tahlil etildi.

“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi viloyat Kengashi tomonidan Prezidentimizning 2016 yil 2 dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining turizm sohasini jadal rivojlantirishni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni hamda 2017 yil 16 avgustdagi “2018-2019 yillarda turizm sohasini rivojlantirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Qarori hamda “Turizm to‘g‘risida”gi, “Madaniy meros ob’yektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish to‘g‘risida”gi Qonunlar ijrosi o‘rganilganda aniqlangan kamchiliklar shunday xulosa chiqarishga asos bo‘lishi mumkin.

Jumladan, ichki va ziyorat turizmni rivojlantirish maqsadida taklif qilingan Urganch temir yo‘l vokzaliga qo‘shimcha 10 ta poyezd vagonlarini sotib olish va shu orqali Urganch-Toshkent hamda Urganch-Andijon reyslari sonini oshirish masalasi nihoyatda dolzarb. Ammo bu masala hamon yechimini topmayapti.
Garchi “Ko‘hna Xorazm muqaddas qadamjolari bo‘yicha sayohat” dasturi ishlab chiqilgan bo‘lsada, Xiva shahridagi “Said Aloviddin maqbarasi”, “Pahlavon Mahmud ziyoratgohi”ga, Shovot tumanidagi “Yusuf Hamadoniy ziyoratgohi” va  Shayx Muxtor Vali ziyoratgohi”ga, Yangiariq tuman Shayx Odina bobo ziyoratgohiga sayohatchilarni jalb etish uchun haligacha yo‘l xaritasi ishlab chiqilmagan. 

Xiva shahrida xorijiy turistlar uchun servis xizmatlari ko‘rsatadigan malakali kadrlar yetarli emasligi ham mutasaddilarni o‘ylantirmayapti va bu muammolar ertaga yanada dolzarblashishi mumkin.

Vaholanki, 2023 yil 26 apreldagi “Respublikaning turizm salohiyatini jadal rivojlantirish hamda mahalliy va xorijiy turistlar sonini yanada oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qarori asosida ishlab chiqilgan “Xorazm viloyatida turizmni rivojlantirish bo‘yicha 2023 yilda amalga oshiriladigan chora-tadbirlar rejasi”da Madaniyat vazirligi hamda Xorazm viloyati hokimligi oldiga ayni shu masalalarni hal etish yuzasidan aniq vazifalar qo‘yilgan edi. Ana shularni e’tiborga olib, fevral oyida partiya viloyat Kengashida ushbu masalalar bo‘yicha mas’ullar hisoboti eshitilgandi ham. 

Madaniy meros ob’yektlarini saqlash hamda turizm rivoji bilan bog‘liq ushbu maqolalar so‘nggida deputatlik guruhlari viloyat kengashining navbatdagi sessiyasiga ushbu masalani qaytadan kiritish, agar natija bo‘lmasa, parlament darajasiga ko‘tarishi ma’lum qilingan.

Ma’lumotlardan ko‘rinib turibdiki, aslida yuqoridagi masalalarni hal qilish uchun  O‘zbekiston Prezidentining Farmon va Qarorlari qabul qilinib, buning uchun zarur mablag‘lar ham ajratilgan. Lekin ijroga kelganda sustkashlikka yo‘l qo‘yilgan. Bu esa madaniy meros ob’yektlarini asrash, turizm rivojiga mas’ul bo‘lgan idoralar mas’uliyatsizligi bilan bog‘liq. Ammo bu jarayonda hududiy kengash hamda deputatlarimiz faoliyatini ham oppoq deb bo‘lmaydi. O‘z vaqtida bu ishlar nazoratga olinganda edi, bugun ushbu masala yana ko‘tarilmagan, eng achinarlisi, tarixiy obidalarga tiklab bo‘lmas zarar yetkazilmagan bo‘larmidi?

Yana bir gap: madaniy meros ob’yektlarini tiklash ishlariga har yili davlat byudjetidan katta miqdorda mablag‘ ajratilmoqda. Misol uchun, 2016 yilda madaniy meros ob’yektlarini ta’mirlash, tiklash va konservatsiyalashga byudjetdan 22,8 mlrd so‘m ajratilgan bo‘lsa, 2021 yilda bu ko‘rsatkich 73,5 mlrd so‘mni tashkil qilgan. 2022 yilda esa 37 ta madaniy meros ob’yektida restavratsiya ishlari uchun qariyb 85 milliard so‘m ajratilgan. 
Bu mablag‘lardan samarali va maqsadli foydalanilayotganini ham birinchi galda mahalliy kengash deputatlari nazorat qilishilari lozim bo‘ladi. Afsuski, ushbu mablag‘larni ham talon-taroj qilish holatlari yuz bermoqda.

Shu o‘rinda bir misolga e’tibor qaratsak: O‘zbekistonda keyingi 30 yilda madaniy meros ob’yektlariga yetkazilgan zarar miqdori 4 trillion so‘mdan oshgani aytilmoqda. O‘tkazilgan tekshirishlarda respublika bo‘yicha 14 ta muzeyda 3 mingdan ziyod nodir va noyob madaniy boyliklar talon-toroj qilingani aniqlangan. Madaniy meros agentligi  ma’lumotiga ko‘ra, 2023 yilda zarar miqdori 28 milliard so‘mni tashkil qilgan. Ayniqsa, Surxondaryodagi holat achinarli. Birgina Sho‘rchi tumanida mansabdorlarning «loqayd va vijdonsizlarcha» munosabati sabab madaniy meros ob’yektlariga 3,1 mlrd so‘mlik zarar yetkazilgan. Shunga qaramay, Surxondaryolik deputatlarimiz negadir bu masalada sukut saqlashni ma’qul ko‘rmoqdalar. 

Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyatidagi “Qanqa shahristoni” arxeologiya yodgorligi hududi o‘zboshimchalik bilan egallab olinib, uy-joylar qurilgani, bog‘ va ekin ekilgani, bundan tarixiy obidaga qariyb 14 mlrd so‘mlik zarar yetkazilgani qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi. Toshkent viloyatidagi deputatlarimiz esa sukutga sabr tilash bilan ovoralar. Afsuski, Buxoro va Navoiy viloyatida ham shunday holatlar ko‘zga tashlanayotir. 

Xullas, har qanday deputat ortida ming-minglab saylovchilar, tilga olinayotgan muammolar ortida esa rivojlanishga to‘g‘anoq bo‘ladigan omillar borligini hech qachon unutmaylik. Zero, deputat uchun saylovchilarga – xalqqa vijdonan xizmat qilishdan, ular ishonchini oqlashdan ustuvorroq vazifa yo‘q. Bu shubhasiz, partiyamizning jamiyatdagi obro‘-e’tiborining oshishiga xizmat qiladi. Davlatimiz rahbari ta’kidlaganlaridek, deputat hamisha xalq dardi bilan yashashi, odamlarni qiynayotgan muammolarni hal qilish uchun fidoyilik ko‘rsatib, boshqalarga namuna ko‘rsatishi kerak, agar deputatning qalbi, vijdoni uyg‘oq bo‘lsa, vazirlar ham, hukumat ham, parlament ham uyg‘oq bo‘ladi. 

Yana bir gap: deputatlik mandati, deputatlik nishoni bu saylovlar arafasidagina ko‘z-ko‘z qilinadigan belgi emas. Deputat hukumat va mahalliy hokimliklarda saylovchining ishonchli vakili ekani, uning nomidan ish yuritish vakolatini qo‘lga kiritgan shaxsligini hech qachon yoddan chiqarmaylik. Saylovlar paytidagina uyg‘onish bu saylovchi haqqiga xiyonat qilish bilan tengdir. Zotan, “Milliy tiklanish” dasturlarida alohida qayd etilganidek, partiya uchun eng ustuvor vazifa bu saylovchi ishonchi, bu yurtga, xalqimizga sadoqat bilan xizmat qilish maqsadi bo‘lib kelgan va bundan keyin ham shunday bo‘lib qoladi.