Sanoatda eng ko‘p ish o‘rinlari yaratgan soha muammolari muhokama qilindi

Sanoatda eng ko‘p ish o‘rinlari yaratgan soha muammolari muhokama qilindi

Kecha Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tgan videoselektor yig‘ilishida to‘qimachilik sohasida eksport va investisiya hajmlarini oshirish chora-tadbirlari muhokama qilinib, “xom ashyodan tayyor mahsulotgacha” tizimini yaratishga qaror qilindi.

Qayd etish kerakki, o‘tgan yili yurtimizda to‘qimachilik va tikuv-trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish 94 trillion so‘mga yetib, so‘nggi 7 yilda 4,2 baravar oshgani aytildi. Eksport esa 3,1 milliard dollarni tashkil qilgan. 

E’tiborlisi, to‘qimachilik tarmog‘idagi 6 mingdan ziyod korxona 570 ming aholini doimiy ish bilan ta’minlayotir. Ya’ni, sanoat tarmoqlari orasida eng ko‘p ish o‘rinlari yaratgan ham, eng ko‘p aholini band qilib turgan soha ham bu to‘qimachilikdir.

Yig‘ilishda Davlat rahbarining topshirig‘iga asosan to‘qimachilikning barcha yo‘nalishlaridagi tadbirkorlar bilan muloqot qilinib, ularni o‘ylantirayotgan masalalar o‘rganildi va yechimlar ishlab chiqildi. Shu o‘rinda ushbu yig‘ilishga yuzdan ziyod tadbirkor taklif qilinganini, aynan soha vakillari bilan dolzarb masalalar tahlil qilinib, yangi chora-tadbirlar belgilanganini aytish joiz.

Jumladan, kelgusida yirik to‘qimachilik korxonalarining filiallarini mahallalarda tashkil qilish amaliyoti kengaytirilishi ta’kidlandi. Bu korxona uchun ortiqcha vaqt va xarajatni kamaytiradi. Buning uchun yangi standartlar joriy qilish yoki sertifikat olish shart bo‘lmaydi.

Hozir bizda 1 million 300 ming tonna tolani qayta ishlash quvvati bor. Keyingi 2 yilda yangi loyihalar hisobiga ushbu quvvatlar 1,5 million tonnaga yetkazilishi rejalashtirilyapti. Bunday sharoitda yakkayu-yagona to‘g‘ri yo‘l – paxta yetishtirish tannarxini kamaytirish va hosildorlikni oshirishdir. Shu bois, bundan buyon hududlarda qayta ishlashni birinchi va ikkinchi zanjiri bo‘lgan to‘qimachilik korxonasi paxta xomashyosini fermerdan bozor narxida sotib olish imkoniyati yaratiladi.

Yig‘ilishda tadbirkorlarning to‘qimachilik korxonalarini qurish, qo‘shilgan qiymat solig‘ini bir kunda qaytarish amaliyotini kengaytirish, eksportoldi kreditlar olishni soddalashtirish, arzon moliyaviy resurslar ajratish, milliy mahsulotlarni ommalashtirish bo‘yicha muammo va  takliflarni chuqur o‘rganib, amaliyotga joriy etish, zarur bo‘lsa, qonunchilikni takomillashtirish yuzasidan ham vazifalar belgilandi.

Klasterlar uyushmasi va To‘qimachilik uyushmasini birlashtirib, yagona “xom ashyodan tayyor mahsulotgacha” tizimini yaratish taklifi esa eng muhim masalalardan biri bo‘ldi deyish mumkin. Uyushmaning asosiy vazifasi klasterlar va to‘qimachilik korxonalariga mahsulot, investisiya, eksport va ish o‘rinlarini ko‘paytirishga ko‘maklashish, brendlar bilan ishlashning yaxlit tizimini yo‘lga qo‘yish, xalqaro sertifikatlarga ega eksportchilar sonini oshirish, yetakchi sorsing, brend va riteylerlarni jalb etishdan iborat bo‘lishi ta’kidlandi.

Xulosa o‘rnida shuni aytish joizki, to‘qimachilik sanoatini rivojlantirish eng avvalo, bandlikni oshirish, aholi farovonligini ta’minlash, kichik biznes va xususiy tadbikorlikni qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish orqali ijtimoiy masalalarni ham tez hal qilish imkonini beradigan sohadir. Shuning uchun ham ushbu sohaga birlamchi e’tibor qaratilayotir.