Prezidentning soha xodimlari bilan uchrashuvidan keyin qanday o‘zgarishlar ro‘y beryapti?

Prezidentning soha xodimlari bilan uchrashuvidan keyin qanday o‘zgarishlar ro‘y beryapti?

Keyingi olti-yetti yil mobaynida aholiga malakali tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar natijasi kundalik hayotimizda yaqqol sezilmoqda.

Buni aholiga tibbiy yordam ko‘rsatish tizimini takomillashtirish, kasalliklarni barvaqt aniqlash va oldini olish, tibbiy xizmatlar sifatini oshirish, tibbiyot muassasalarining moddiy-texnika bazasini yangilash hamda kadrlar malakasini oshirish borasidagi natijalarda ham ko‘rish mumkin. Xususan, birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini kengaytirish, bosqichma-bosqich tibbiy sug‘urta tizimini joriy etish va tibbiy xizmatlar bozorida zamonaviy raqobat muhitini yaratish, shu asosda aholining kafolatlangan va sifatli tibbiy yordam olish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida Sirdaryo viloyatida sog‘liqni saqlash tizimini tashkil etishning yangi modeli va davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlarini joriy etish bo‘yicha tajriba-sinov loyihasi amalga oshirildi.

Tibbiy xizmatlar sifatini tubdan yaxshilash, tibbiyot muassasalari faoliyatini ilg‘or xorijiy tajriba asosida yaxshilash, kadrlar salohiyatini oshirish, nodavlat tibbiyot tashkilotlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida Prezidentimizning joriy yil 22 yanvardagi qarori bilan Sog‘liqni saqlash vazirligi tuzilmasida davlat muassasasi shaklida “Sog‘liqni saqlash loyihalari markazi” loyiha ofisi tashkil etilgan edi.

21 may kuni esa Davlat rahbari Sog‘liqni saqlash loyihalari markazi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar va yangi takliflar bilan tanishdilar. Muloqot davomida birlamchi bo‘g‘in va tez tibbiy yordam tizimini takomillashtirish, davlat tibbiy sug‘urtasini joriy etish, dori-darmonlar xaridini tartibga solish borasida ishlab chiqilgan takliflar atroflicha muhokama etildi.

Qayd etish joiz, tez tibbiy yordam tizimini takomillashtirish borasida Toshkent shahrida tez tibbiy yordam mashinalari parki to‘liq yangilandi, tez yordam “koll-markazi” faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Hozir shahar aholisiga 235 ta tibbiy yordam brigadasi xizmat ko‘rsatmoqda. Lekin tahlillar ushbu tizimni yanada takomillashtirish zarurligini ko‘rsatmoqda. Chunki, ayni paytda poytaxtda tez tibbiy yordam chaqiruvlari soni 1 mln. 363 mingtani tashkil etmoqda. Shuning uchun ham chaqiruvlarni qabul qilish jarayonida ularni saralashni yo‘lga qo‘yish taklif etilmoqda. Bunda chaqiruv sabablarini aniqlash orqali “oddiy”, ya’ni bemorning issig‘i chiqishi, yo‘talishi yoki boshqa — bevosita tibbiyot xodimining ishtirokisiz amalga oshirish mumkin bo‘lgan murojaat bo‘yicha “Tibbiy maslahat” shifokorlari guruhi tashkil etiladi va masofaviy maslahat berish yo‘lga qo‘yiladi. Qolgan chaqiruvlar esa tibbiy brigadaga yo‘naltiriladi.

Tez tibbiy yordam brigadalari bo‘yicha ham qator yangiliklar amalga oshiriladi. Ya’ni, feldsherlik-paramedik, shifokorlik, pediatrik, reanimasion hamda psixiatrik brigadalar tashkil etiladi. Ma’lumki, chaqiruv sabablari aniqlanayotganda bemorning yoshi, kasallik alomatlaridan kelib chiqqan holda tibbiy brigadani yo‘naltirish bemor hayotini saqlab qolishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Shu yilning o‘zida Toshkent shahrida haydovchi va feldsher-paramedikdan iborat 47 ta hamda faqat feldsher-paramedikdan iborat yana 47 ta brigada tashkil etish, shuningdek, 69 ta pediatrik, 91 ta terapevtik, 24 ta reanimasion va 4 ta psixiatrik brigadalar faoliyati yo‘lga qo‘yilmoqda.
Ana shunday sa’y-harakatlar natijasida chaqiruvlarga yetib borish vaqti 10-40 daqiqagacha qisqaradi. Eng muhimi, pediatrik brigadalarni tashkil etish orqali bolalarga uyda sifatli va samarali tez tibbiy yordam ko‘rsatiladi va shuning hisobiga shifoxonada o‘rinlar yuklamasi kamayadi.

Hisob-kitoblarga qaraganda Toshkent shahridagi chaqiruvlarning 5 foizini “oddiy” chaqiruvlar tashkil etdi desak, ya’ni tibbiy maslahat berish orqali masala hal etilsa yiliga 150 mlrd. so‘m mablag‘ iqtisod qilinar ekan. Yoki feldsherlik-paramedik brigadalarga elektromobillar joriy etish natijasida 60 mlrd. so‘m tejaladigan bo‘lyapti.

Umuman tibbiyot sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar samaradorligini oshirish ushbu sohaga ilg‘or xorijiy tajribani keng joriy etish aholining bu ishlarni chuqur anglagan holda qo‘llab-quvvatlashiga ham bevosita bog‘liq. Shunday ekan, har birimiz ushbu sohani rivojlantirish yuzasidan o‘z taklif va tavsiyalarimizni bildirishimiz, hech bo‘lmaganda o‘z sog‘lig‘imizga e’tiborli bo‘lib, sog‘lom turmush tarziga rioya etish orqali tibbiyot xodimlariga ko‘maklashishimiz lozim.