Janob sudya, kimning buyurtmasini bajaryapsiz?

Janob sudya, kimning buyurtmasini bajaryapsiz?

Oliy sud raisi Baxtiyor Islamov diqqatiga!

Yoki jizzaxlik fermer Nodira Qodirovani sarson qilishdan kim manfaatdor?

Ushbu maqola Jizzax shahridagi 36-Paxtakor saylov okrugidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatligiga saylangan «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi Markaziy Kengashi raisi Alisher Qodirov nomiga kelgan shikoyat asosida yozildi. 

Jurnalist surishtiruvi jarayonida aniqlandiki, Nodira Qodirovava uning turmush o‘rtog‘i Baxtiyor Qodirovni jinoyatchiga aylantirish katta ehtimol bilan kimningdir buyurtmasi asosida amalga oshirilgan. Shubhasiz, bunday xulosa Respublika Bosh Prokuraturasi, Ichki ishlar vazirligi va boshqa huquq-tartibot idoralari mutasaddilarining e’tiborini tortadi. Chunki bugun O‘zbekistonda adolat mezoni tushunchasiga inson manfaati nuqtai nazaridan yondashilyapti. Maqola qahramoni Nodira Qodirova vakili bo‘lgan mulkdor va tadbirkorlar qatlamiga birinchi navbatda moddiy ne’mat yaratish barobarida ish o‘rinlari tashkil etuvchi kuch deb qaralyapti.

Shuning uchun ham jamiyatda ushbu qatlam vakillari faoliyatiga liberalroq yondashuv shakllandi. Ularga imtiyoz va preferensiyalar eshigi keng ochildi, hatto ish jarayonida xatoga yo‘l qo‘yilsa ham, tuzatish sharti asosida kechirimlilik qilinyapti.

Ammo Forish tumanida ro‘yxatdan o‘tgan «Oltin kuz Akmal» Mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Nodira Qodirovaning «xato»lariga nisbatan juda katta «mehr» bilan munosabat bildirilayotgani yoki jaydarisiga aytganda, xatolarning o‘ylab topilgani taajjublanarli, albatta.
Shuning uchun ham maqolani tayyorlash jarayonida javobi yo‘q ko‘plab savollarga duch keldik. Maqola qahramonini tanigan-bilgan yuzlab odamlar uchun ham eng qiyin savol shu: bu ishlar ortida kim turibdi?

Xullas, qo‘limdagi hujjatlarning nusxalariyu, ularga tirkalgan ilovalarni qayta-qayta varaqlasamda yuqoridagi savollarga javob topa olmadik. Keling, Nodira Qodirovaning tahririyatga-yu, respublikadagi mutasaddilarga yo‘llagan arznomalari bilan tanishaylik.
 
«Men 1964 yilning 19 iyulida Jizzax viloyatining Sharof Rashidov tumanida tug‘ilganman. Millatim o‘zbek. Ma’lumotim oliy, uch nafar farzandim, 8 nafar nevaram bor. Anchadan buyon oilaviy tadbirkorlik bilan shug‘ullanamiz. Esimda, 2019 yili Prezidentimiz viloyatimizga tashriflari chog‘ida lalmi yer maydonlarida dorivor o‘simliklar va uzumzorlar barpo etishni tadbirkorlarga tavsiya qilib, bu borada mas’ullarga tegishli ko‘rsatmalar bergan edilar.

Shundan ruhlanib, oila a’zolarim bilan viloyatning Forish tumanidagi “Do‘stlik” MFY hududidan tuman hokimining 2019 yil 26 apreldagi 2310-sonli qarori asosida 1050 gektar yer maydonini 30 yilga ijaraga oldik va bu bo‘yicha tuman hokimligi  hamda «Oltin kuz Akmal» MCHJ o‘rtasida yer maydonini uzoq muddatli ijaraga olish shartnomasi tuzildi. Olingan yerning 700 gektariga dorivor o‘simlik – kavrak urug‘ini, 175 gektariga uzum ko‘chatlarini, 10 gektariga turli mevali daraxt nihollarini qadab, ish boshladik. Shu tariqa taqir cho‘lda yashil maskan – bog‘ paydo bo‘la boshladi. 

Turli idoralar, xususan, Jizzax viloyati va Forish tumani hokimligi mutasaddilari bizni qo‘llab turishdi. Amalga oshirayotgan sa’y-harakatlarimiz samarasi o‘laroq, Respublika Uzumchilik va vinochilikni rivojlantirish agentligi tomonidan hududimizda 5 dona tik quduqlar qazib berildi. 175 gektar maydonda tomchilatib sug‘orish texnologiyasini joriy qilganimiz uchun 1 mlrd 400 million so‘m, jami 2 mlrd so‘m subsidiya ajratildi. Xullas, ishlarimiz yurishib, 83 nafar odam doimiy va mavsumiy ish bilan ta’minlandi».

Ha, chindan ham qaqrab yotgan cho‘lni obod qilish oson ish emas. Shu boisdanmi, har tugul bu yerga kelib tadbirkorning samarali faoliyati bilan tanishib ketuvchilarning soni ko‘paydi. To‘g‘risi, hali qilinadigan ishlar ko‘p, rejalar katta edi. Biroq ikki yilga yetar-yetmas jamiyat faoliyatiga ko‘z tegdi. Ishlar taqa-taq to‘xtadi va bu holat hozirgacha davom etyapti... 2021 yilning 20 aprelida mazkur MCHJ bilan Andijon viloyatida ro‘yxatdan o‘tgan, biroq Toshkent shahrida faoliyat yurituvchi «HAMKOR AGRO LYUKS» MCHJ o‘rtasida gibrid makkajo‘xori urug‘ini sotib olish bo‘yicha 37-sonli sharnoma imzolanadi.

«Biz turadigan manzil bilan Forish tumani o‘rtasidagi masofa naqd 100 km.ni tashkil etadi. MCHJ faoliyati bilan bog‘liq turli yugur-yugurlaru, moliyaviy hisobotlar va yana allaqancha tashvishlar sabab sog‘lig‘im yomonlashdi. Shundan so‘ng, 2021 yilning 8 yanvarida ta’sischilarimizdan biri –turmush o‘rtog‘im Baxtiyor Qodirovga ishonchnoma yozib berdim. Shundan so‘ng, turmush o‘rtog‘im makkajo‘xori urug‘ini sotib olish uchun «HAMKOR AGRO LYUKS» MCHJ  bilan 37-sonli shartnomani shu ishonchnoma asosida imzoladi.

Umumiy qiymati 180 mln so‘mlik 150 qop urug‘likning 15 foiz to‘lovini ya’ni 27 mln so‘mini 130-sonli to‘lov topshiriqnomasiga asosan oldindan to‘ladik. O‘rtada 153 mln so‘mlik o‘zaro qarzdorlik yuzaga keldi. Imzolangan shartnoma va berilgan va’daga ko‘ra, ekilgan har gektar makkajo‘xori maydonidan 8-10 tonnadan hosil olishimiz, hosil yig‘ilguncha «HAMKOR AGRO LYUKS» MCHJ bizni tegishli kimyoviy o‘g‘itlar, agronom mutaxassis bilan ta’minlashi lozim edi. Biroq bunday bo‘lmadi. 

Yetkazib beruvchi korxona rahbari Ulug‘bek Gʻofurov jo‘natgan Ixtiyor ismli agronom dalaga kelib, tayyorlab qo‘yilgan 100 gektarlik maydonga qaradi-da, kunlar isib, ekish vaqti o‘tganligini aytdi va xarajatga kuyib qolmaslik uchun tayyor maydonning 20 gektariga makkajo‘xori urug‘ini ekishni tavsiya qildi. Shu bilan u jo‘nab ketdi. O‘zimiz makkajo‘xorini bilgancha parvarish qildik. Biroq agronomning aytganlari rost chiqib, 20 ga ekin maydonidan bor-yo‘g‘i 900 kg hosil oldik, xolos».

Nodira Qodirovaning bayon etishicha, Ulug‘bek Gʻofurovning barcha gaplariyu, va’dalari yolg‘on bo‘lib, uning maqsadi omborxonasida turib qolgan urug‘likni sotish bo‘lgan, xolos.

«Biz yuzaga kelgan 153 mln so‘m qarzdorlikni inkor qilmayapmiz. Aksincha, uni to‘lash tarafdorimiz. Qolaversa, 700 gektar maydondagi kavrak hosilini xorijiy hamkorlarga sotish arafasida edik. Bilasizmi, u lalmi maydonda o‘sadi. Bu yil Hindiston va Malayziyadan chiqqan xaridorlar bilan o‘zaro kelishuvimiz ham bor edi». 

Taqdim etilgan hujjatlarni va katta-kichik idoralarga yo‘llangan murojaatlarni o‘qiy turib, bir masalaga hech tushunolmadim. E’tibor bering, 37-sonli oldi-sotdi shartnomasi ikkala MCHJ mas’ullari tomonidan imzolangan. Ushbu hujjatning 7.3 bandi – nizolarni bartaraf qilish tartibida – ikkala tomondan birining aybi bilan nizo kelib chiqsa, muammoli masala iqtisodiy sudlarda ko‘rib chiqilishi belgilab qo‘yilgan. Xo‘sh, unda nega mazkur masala jinoyat ishlari bo‘yicha Jizzax shahar sudida sudya Gʻiyosiddin Yalgashov va undan oldin Jizzax shahar IIB tergovchisi Nodir Asqarov tomonidan ko‘rib chiqildi?!
«HAMKOR AGRO LYUKS» MCHJga umuman aloqasi yo‘q bo‘lgan fuqaro Otabek Yunusovning shikoyat arizasiga huquq posbonlari nega bunchalik «mehr» bilan e’tibor qaratishyapti?

Hamma gap shundaki, 2022 yilning mart oyi oxirlarida Ulug‘bek Gʻofurov 153 mln qarzdorlikni undirish uchun Jizzax viloyat IIBga murojaat qiladi. Tezkor vakillar holatni batafsil o‘rganib, bu masala iqtisodiy sudlar tomonidan ko‘rib chiqilishini unga tushuntirishadi. Ammo u bu haqiqatni tan olgisi kelmaydi. Shundan keyin yana bir bor begona shaxs – Otabek Yunusov orqali Jizzax shahar IIBga murojaat qiladi.  

«Men «HAMKOR AGRO LYUKS» MCHJning rasmiy dilleriman, shu bois qarzdorlik menga to‘lanishi kerak, deya iddao qilinadi», uning shikoyatnomasida.

Xullas, xuddi shu xat asosida 2023 yilning fevral oyi boshlarida shahar IIB tergovchisi Nodir Asqarov tomonidan «Oltin kuz Akmal» MCHJ ish boshqaruvchisi Baxtiyor Qodirovga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JKning 168-moddasi 4-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atiladi. Xalqimizda xatga tushding – o‘tga tushding, degan naql bor! Xullas, tergovchi Nodir Asqarovning «xatiga tushgan tadbirkor»ga nisbatan 2023 yilning 18 may kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Jizzax shahar sudida sudya Gʻ. Yalgashov raisligida bo‘lib o‘tgan sud muhokamasida ishtirok etgan B.Qodirov o‘ziga nisbatan davogar O Yunusovni umuman tanimasligini, shu bois u bilan oldi-berdisi yo‘qligini, agar bu shaxs «Hamkor Agro Lyuks» MCHJda ishlasa ishga qachon qabul qilinganligi to‘g‘risidagi buyruq nusxasini, umuman uning rasmiy dillerlik shartnomasini ko‘rsatishini va sudga bu hujjatlarni taqdim etishini so‘raydi.

Eng qizig‘i, o‘zini da’vogarman deya ko‘krak kergan Otabek Yunusov talab qilingan hujjatlarning birontasini ham sudga taqdim eta olmaydi. Gʻalati holat, da’vogarning qo‘lida biron hujjati bo‘lmasa, huquq posbonlari nimaga asoslanib jinoyat ishini ish yurituvga olishdi? Yana bir gap: bo‘lib o‘tgan sud majlisida sudya Gʻ.Yalgashov imzolangan 37-sonli oldi-soti shartnomasiga «Oltin kuz Akmal» MCHJ rahbari N.Qodirova imzo chekishi lozim edi, shu bois u butkul noqonuniy hujjat, deya vaj keltiradi.  Binobarin, N.Qodirova tomonidan berilgan 2021yilning 8 yanvarida berilgan 2-sonli ishonchnoma Respublika Adliya vazirligida 2023 yilning 27 may sanasida ro‘yxatdan o‘tgan ishonchnoma talablariga to‘liq javob beradi. 

Xullas, cho‘lda bog‘ yaratayotgan keksa tadbirkor shu tariqa sud mahkamasiga tortildi. Eng achinarlisi, deyarli o‘zlashtirilgan 1050 ga yer maydoni hozirda yana sahroga aylanmoqda. Ne azoblarda olib kelingan uskunalar zanglab, xarob ahvolga keldi, uzumzor-u bog‘lar qurib ketmoqda. Bundan ham yomoni 7 yilga olingan 744 million so‘m kredit o‘z foizlari bilan bankda «bolalab» yotibdi.

– Eng yomoni, – deydi N.Qodirova o‘z fikrini davom ettirar ekan. – 2023 yil 18 may kuni bo‘lib o‘tgan sud jarayonidan so‘ng turmush o‘rtog‘im B.Qodirovni yo‘qotib qo‘ydik, ayni kunda u yerda ham ko‘kda ham yo‘q. Jinoyat ishlari bo‘yicha Jizzax shahar sudi esa unga nisbatan qidiruv e’lon qilish bo‘yicha ajrim chiqardi. Gohida o‘ylab qolaman, 60 yoshni qoralagan odamlar uyda nevara suyib o‘tirish o‘rniga negayam sahroda bog‘ yaratdik. Umuman, shu tashvishlar bizga kerakmidi?! Men bir narsani aniq bilaman haqiqat baribir yuzaga chiqadi. Turmush o‘rtog‘imga qasd qilganlar, uning faoliyatiga yuzaki, ko‘r-ko‘rona baho berayotganlar albatta, qonun oldida javob berishadi…

Maqola avvalida Yangi O‘zbekistonda adolat mezoni tushunchasiga inson manfaati nuqtai nazaridan dadil yondashilayotganini urg‘ulagandik. Darhaqiqat shunday. Bugun qilingan va qilinayotgan har bir harakat zamirida faqat shu maqsad va g‘oya mujassam. Zotan, oxirgi 7 yillikda Prezidentimizning shaxsiy tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan islohotlar va uning yorqin samaralari fikrimizning tasdig‘idir. 

Biroq… ayni kunlarda respublikaning eng salohiyatli, zabardast, har jabhada peshqadam viloyatlardan biri sanalgan Jizzaxda yuz berayotgan yuqoridagi holat odamni o‘yga toldiradi. Savollar, mulohazalar, turli fikrlar bir-biriga gal bermay «tug‘ilaveradi».  Umuman olganda, bir tadbirkorni ochiqdan-ochiq ovorayi sarson qilib, uning faoliyatiga sun’iy to‘siq qo‘yishdan kimlar manfaatdor o‘zi?! Yoki bu yerda biz anglamagan yana boshqa sirli hilqatlar bormi?! 
Xullas, aytaversak gap ko‘p. Maqolaga nuqta qo‘yar chog‘imda dilda bir umid paydo bo‘ldi, o‘ylaymizki, respublikadagi soha mutasaddilari, ayniqsa, Oliy Sud raisi Baxtiyor Islamov va uning «komandasi» yuqoridagi holatlarni batafsil o‘rganib chiqishadi va muammoli vaziyatga odilona yechim topishadi.