Janob deputatlar, orangizda qarshi ovoz beradiganlar bormi?

Janob deputatlar, orangizda qarshi ovoz beradiganlar bormi?

Tamaki hamda nikotinni iste’mol qilish moslamalari, elektron sigaretalar, tamakini qizdirish tizimlari, ayrim turdagi tamaki mahsulotlari, jumladan, chilimlarni taqiqlash masalasi yana kun tartibiga chiqdi. 

Ayni paytda Sog‘liqni saqlash vazirligi tashabbus qilgan ushbu qonun loyihasi “regulation.gov.uz” portalida keng muhokama qilinmoqda. Tahlilchilarning fikricha, 3 apreldan 18 aprelgacha “regulation.gov.uz” portaliga qo‘yilgan qonun muhokamasida 170 nafar kuzatuvchi takliflar bergan. Eng qizig‘i, taklif berganlarning aksariyati Qonun loyihasiga mutlaqo qarshi ekanliklarini bildirganlar. Ma’lum bo‘lishicha, qarshi ovoz berganlar asosan tadbirkorlar va o‘rta yoshli fuqarolardir.

Shu o‘rinda Sog’lom Hayot.uzb telegram kanalida e’lon qilingan Siz elektron sigaretalarni sotilishini ta’qiqlaydigan qonunni qo‘llab-quvvatlaysizmi tarzidagi so‘rovnomada esa aksincha 2100 ga yaqin ishtirokchining 1412 nafari HA, 583 nafari esa YO‘Q deb javob berganini aytish joiz.

Xabaringiz bor, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining 2020-2024 yillarga mo‘ljallangan Saylovoldi dasturida millat genofondini saqlash, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashni yanada kuchaytirish, yoshlar orasida sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish bo‘yicha bir qator vazifalar belgilab olingan. Shundan kelib chiqib, partiyamiz elektron sigaretalar, umuman, inson sog‘ligiga zarar keltiradigan har qanday mahsulotlarni iste’mol qilish, ishlab chiqarish hamda sotishni butunlay cheklash taklifini ilgari surib kelmoqda. 

Ushbu og‘riqli masala haqida gap ketganda partiya yetakchisi Alisher Qodirovning 2021 yilning noyabr oyida aytgan bir fikrini esga olish o‘rinli deb hisoblaymiz. 

“Dunyoning 32 mamlakatida elektron sigaretalar cheklangan ekan, nima uchun biz cheklamasligimiz kerak. Mutaxassislar uning genofondga jiddiy ta’sir ko‘rsatishini aytmoqda. Kim nima desa desin, ushbu qonun loyihasiga elektron sigaretalarni qat’iy taqiqlash bo‘yicha cheklov kiritilmas ekan, biz ushbu qonunning qabul qilinishiga qarshi ovoz beraveramiz”!  

O‘shanda ushbu taklif deputatlar tomonidan bir ovozdan qo‘llab-quvvatlanib, qonun loyihasidagi “bo‘shliq”ni to‘ldirish uchun qo‘mitaga qaytarishga qaror qilingan edi. Ammo “Milliy tiklanish”ning bu taklifi Oliy Majlis Qonunchilik palatasining yalpi yig‘ilishda yetarlicha ovoz ololmadi. Faqat jamoat joylarida chilim va elektron sigaretalarni chekish taqiqlandi, xolos.

Jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan navbatdagi loyihada esa “Insonning sha’ni va qadr-qimmati uchun” tamoyili hamda dunyo hamjamiyatining ilg‘or tajribasidan kelib chiqqan holda aholi, ayniqsa, bolalar va o‘smirlarning hayoti va sog‘lig‘i, millat genofondini, ona-tabiatimizni “zamonaviy” nikotin va tamaki mahsulotlaridan himoya qilish zarurligidan kelib chiqib, qat’iy ma’muriy va jinoiy javobgarlik belgilash taklif qilinyapti.  

Xususan, tamaki hamda nikotinni iste’mol qilish moslamalari, elektron sigareta va chilimlarni ishlab chiqarish, tayyorlash, olish, saqlash, tashish yoki o‘tkazish, realizatsiya qilish, shuningdek, O‘zbekiston hududiga olib kirish va chiqish, tranzit qilish harakatlari ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilsa, BHMning 400 baravarigacha (136 000 000 so‘m) miqdorda jarima yoki 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 5 yilgacha ozodlikni cheklash, ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Bunday harakatlar ko‘p miqdorda yoki uyushgan guruh tomonidan sodir etilsa, 7 yildan 12 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish mumkinligi belgilanmoqda.

Qayd etilishicha, ushbu moddada nazarda tutilgan qilmishlarni sodir etgan shaxs o‘z ixtiyori bilan aybini bo‘yniga olish to‘g‘risida hokimiyat organlariga arz qilsa va huquqbuzarlik ashyolarini topshirsa jazodan ozod qilinadi.

Albatta, bu bo‘yicha keskin jazolar taklif qilinayotgani bejiz emas. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, dunyoda nikotin va tamaki mahsuloti iste’molidan har yili 5,4 million kishi o‘lim topyapti. Bu har 6 soniyada 1 kishi hayotdan ko‘z yumyapti deganidir. Mutaxassislarning fikricha, zudlik bilan choralar ko‘rilmasa, 2030 yilga borib kashandalik har yili 8 million kishining umriga zomin bo‘ladi.

Ha, chindan ham nikotin o‘ta zararli hisoblanadi va uning giyohvandlik ta’siriga egaligi hamda psixologik, jismoniy qaramlikni keltirib chiqarishi isbotlangan. Ushbu xavf kokain, geroin, alkogol va kannabisga qaramlikdan ham yuqoriroqdir. 

Bilamizki, o‘smirlik miya rivojlanishida hal qiluvchi davr sanaladi. Nikotin ta’sirida kuchli qaramlik, xotira susayishi, konsentratsiya yo‘qolishi, o‘qish qobiliyati va xatarli nevroz buzilishi kuzatiladi. Yoshlarimizga ertangi kun egalari sifatida qaraydigan bo‘lsak, ularning kelajagiga befarq bo‘lmasligimiz zarur. Bunda, ayniqsa, yoshlar orasida tamaki mahsulotlari iste’moliga chek qo‘yishimiz shart.

Keyingi yetti yillik tahlillar nikotin va tamaki mahsulotlarining “zamonaviy” yoki “innovasion” turlari paydo bo‘lganini ko‘rsatmoqda. Nikotin yetkazib berishning elektron tizimlari, ular uchun suyuqliklar, gellar, elektron sigaretalar hamda tamakini qizdirish tizimlari shular jumlasidandir.

Xavotirlisi, qizdiriladigan tamaki mahsulotlari mamlakatimizga kirib kelishi va aholi, ayniqsa, bolalar va yoshlar orasida ularni chekish keskin ko‘paygan. Xususan,  2021-2023 yillarda mamlakatimizga qiymati 28,5 mln. dollarlik 5,4 mln. dona elektron sigaretalar import qilingan bo‘lib, bu ko‘rsatkich avvalgi yillarga nisbatan 80 baravarga oshgan.

Tahlillarga ko‘ra, elektron sigaretalarni chekuvchi o‘smirlar va yoshlar salmog‘i katta yoshdagilarga nisbatan uch barobar ko‘p. Eng achinarlisi, maktablarning yuqori sinf o‘quvchilari orasida elektron sigaretalarga qiziqish kuchaygan. Xususan, 26,6 ming o‘g‘il bola va 8,6 ming nafar qiz chekishga moyil.

Maktab va jamoat joylarida o‘tkazilgan reydlarda o‘quvchilardan olingan elektron sigaretalar soni yildan-yilga tobora oshib bormoqda. 2019 yilda 6 ta, 2020 yilda  27 ta, 2021 yilda 31 ta, 2022 yilda 856 ta, 2023 yilda esa 1040 ta shunday holat aniqlangan.

18-29 yoshdagi aholi orasida tamakini qizdirish tizimidan foydalanish darajasi (252 ming nafar) 30-69 yoshdagi aholiga (94,2 ming nafar) nisbatan 2,5 baravardan ko‘paygan. Agar zarur choralar ko‘rilmasa, kelgusida yosh avlodning har beshinchisi nikotinga qaramlikdan aziyat chekadigan bo‘ladi.

Ushbu ko‘rsatkichlar tamaki sanoati marketing strategiyasi natijalari bo‘lib, elektron sigaretalar va tamakini qizdirish tizimlarini “xavfsiz, zarari kam, xushbo‘y, odatiy sigareta chekishni tashlashga yordam beradi” kabi yolg‘on reklamalar aslida xorijda ommalashayotgan “submadaniyat”ni aholiga, eng avvvlo, yoshlarimizga singdirishga qaratilgan tahdiddir.

Tamaki kompaniyalari oxirgi yillarda Internetdagi reklamalarga ajratilgan byudjtni 12-15 baravarga oshirgan. AQSH va Kanadada ushbu maqsadlarda yiliga 2 mln. dollar sarflanmoqda. 

Dunyo mamlakatlarida elektron sigaretalar aylanmasini tartibga solishda huquqiy jihatdan turlicha yondashiladi. Buning natijasini quyidagi misollarda ham ko‘rish mumkin.

Braziliyada elektron sigaretalar sotish qonun bilan taqiqlangan. Janubiy Koreyada elektron sigaretalar sotishga qonunchilikda ruxsat berilgan bo‘lsa-da, tamaki mahsulotlariga belgilangan cheklovlar elektron sigaretalarga ham taalluqli. Buyuk Britaniya qonunchiligida elektron sigaretalar iste’mol mahsuloti sifatida tavsiflanadi.

Odatiy sigareta chekuvchilarga chekishni tashlashlari uchun elektron sigaretalar chekish tavsiya etiladi. Buning natijasida, katta yoshdagilar orasida elektron sigaretalarni har kuni chekadigan aholi ulushi Braziliyada 0,4 foiz, Janubiy Koreyada 2,8 foiz, Buyuk Britaniya esa 9,4 foizni tashkil etgan. Demak, elektron sigaretalar aylanmasini qat’iy tartibga solish ularni yumshoqroq tartibga solishga qaraganda ancha samarali hisoblanadi.

Umuman, dunyoning 119 ta mamlakatida elektron sigaretalarning aylanmasi tartibga solingan, 35 ta davlatda esa batamom taqiqlangan. Jumladan, Argentina, Braziliya, Shimoliy Koreya, Hindiston, Eron, Iroq, Norvegiya, Singapur, Turkiya, Turkmanistonda. Qo‘shnimiz Qozog‘istonda ham yaqinda elektron sigaretalarni taqiqlash to‘g‘risidagi qonun qabul qilinib, aybdorlar 50 sutkagacha qamalishi yoki 2 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi belgilandi.

Qirg‘izistonda, shuningdek, Fransiya, Belgiya, Buyuk Britaniya, Irlandiya kabi Yevropa mamlakatlarida ham elektron sigaretalarni taqiqlash masalasi ko‘rib chiqilmoqda. Germaniya esa ushbu mahsulotlarni butun Yevropa Ittifoqi bo‘ylab taqiqlash tarafdori.
Bunday ko‘rsatkich va raqamlardan, eng muhimi ushbu illlatga nisbatan munosabatdan esa to‘g‘ri xulosa chiqarmaslik yumshoq qilib aytganda kelajak yuziga tuflash bo‘ladi.