«Hey bola, darsda telefon ishlatma!»

Bugun o‘quvchilarga berilayotgan asosiy tanbeh shu jumla bo‘layotgani maktablarda telefon ishlatish tartib-qoidalarni qat’iylashtirish kerakmikin, degan xulosaga olib kelmoqda.

GSMA tadqiqoti natijasiga ko‘ra, 2023 yilning oktyabr holatiga dunyo bo‘ylab taxminan 4,3 milliard inson ya’ni dunyo aholisining 54 foizi mobil telefondan foydalanadi. 

London Iqtisodiyot maktabi tomonidan o‘tkazilgan tadqiqot esa smartfonlar taqiqlangan maktablarda test natijalari ko‘rsatkichlari 6 foizga yaxshilanganini ko‘rsatgan. Biroq, mobil telefonlardan sinfda foydalanishni taqiqlash ish bermayotganligi, o‘quvchilarning yarmidan ko‘pi yashirincha qoida buzayotganligi va gadjetlardan hanuz foydalanayotganligi ham hech kimga sir emas.

Shvesiyada mobil telefonlardan foydalangan 8-12 yoshli bolalarning sog‘lig‘i kuzatilganda, 21 yoshga kelib, allaqachon voyaga yetgan bu bolalar 18 yoshdan keyin telefondan foydalanishni boshlaganlardan farqli o‘laroq, miya shishi 5 baravar tez rivojlanadigan fuqarolar toifasiga yaqin bo‘lgan.

Ana shularni hisobga olgan holda JSST 16 yoshgacha bo‘lgan bolalar va o‘smirlarning uyali telefonlardan foydalanishini taqiqlashni tavsiya qilyapti.

Mamlakatimizda ham ta’lim-tarbiya jarayoni samaradorligini oshirish, har tomonlama rivojlangan va barkamol avlodni tarbiyalash uchun zarur shart-sharoitlar yaratish maqsadida 2012 yil 21 mayda Vazirlar Mahkamasining «O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalarida mobil telefonlardan foydalanishni tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 139-son qarori qabul qilingan edi. Shu asosda ishlab chiqilgan nizomga ko‘ra, maktabga kirib kelishda har bir o‘quvchi, xodim va boshqa shaxslar o‘z telefoni ovozini to‘liq o‘chirib qo‘yishi («ovozsiz» rejimga o‘tkazishi) shartligi belgilangan. 

Bundan tashqari, belgilangan mezonlarga ko‘ra, telefonini bo‘yniga osib olish, ko‘krak cho‘ntaklarida, shim, yubkalari cho‘ntaklarida va shu kabilarda saqlash, telefon akkumulyatorini zaryadlash uchun ta’lim muassasasi elektr tarmoqlariga ulash, telefoni yordamida atrofdagilarga zo‘ravonlik, shafqatsizlik, pornografiyani targ‘ib qiluvchi video va suratlarni namoyish qilish, suratga olish va video tasvirga tushirish, telefon orqali boshqa xizmatlardan (GPRS, Bluetooth, Internet va shu kabilar) foydalanish kabilar qat’iyan taqiqlangan.

O‘quvchilarga mashg‘ulotlar va tadbirlar oralig‘ida faqat asosli va kechiktirib bo‘lmaydigan zarur holatlardagina ota-onasi, yaqin qarindoshlari, maktab rahbarlari yoki xodimlari bilan zudlik bilan bog‘lanish maqsadida telefonlardan foydalanishga (qo‘ng‘iroq qilishga, SMS, MMS, GPRS jo‘natishga, Bluetooth, Internet va shu kabilar xizmatidan foydalanishga) ruxsat etiladi. Favqulodda vaziyatlarda esa ta’lim muassasalarida ham telefondan foydalanish cheklanmaydi.

Shu o‘rinda o‘quvchilar telefondan foydalanish tartibini buzganda – ogohlantirish, ularning kundalik daftariga yozib, ota-onalarini (ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarni) xabardor qilish yoki o‘quvchidan telefonni olib qo‘yib, bildirishnoma rasmiylashtirishlar qo‘llanishi ham ushbu nizomda qayd etilgan.

Bu borada xalqaro tajribaga yana bir bor nazar solsak: Buyuk Britaniya o‘quv muassasalarida tartib-intizomni kuchaytirish maqsadida mobil telefonlardan foydalanishni to‘liq taqiqlash, xususan o‘quvchilar ryukzaklarida tintuv o‘tkazishga ruxsat etish masalasi kun tartibiga qo‘yilgan. AQSH, Fransiya, Gresiya, Tojikiston, Ozarbayjon va boshqa bir qator mamlakatlarda ham o‘quvchilarga telefonlardan u yoki bu shaklda foydalanish taqiqlangan. Qoidaga ko‘ra, o‘quvchilar maktabga telefon olib kelishlari mumkin, biroq undan foydalanishlari mumkin emas. Aks holda tanbeh va qattiq intizomiy jazo tayinlanadi.

Xitoy Xalq Respublikasida esa ota-onalarning yozma roziligisiz bola maktabga telefon olib kira olmaydi. Ta’lim olish jarayoniga salbiy ta’siri bois Janubiy Koreya maktablarida ham mobil aloqa vositalaridan foydalanish qat’iyan man etilgan. Qozog‘iston va Tojikistonning «Ta’lim to‘g‘risida»gi qonuniga ko‘ra, ta’lim maskanlarida mobil vositalardan foydalanish ta’qiqlangan. Janubiy Koreya maktablarida ham bu amaliyot yo‘lga qo‘yilgan.

Ammo hozircha bizdagi o‘quv muassasalari olib borilgan o‘rganishlar mobil telefondan foydalanish madaniyati nafaqat o‘quvchi yoki  talabada, balki pedagoglarda ham yetarli emasligini ko‘rsatmoqda. Afsuski, ko‘pchilikning Hukumatimizning yuqorida qayd etilgan qaroridan hatto xabari yo‘q. Taassufki, ta’lim maskanlarimizda dars tugamasdan turib, «tanaffusgacha jim o‘tirib, keyin chiqinglar» qabilida ish tutib, o‘zi telefonda daqiqalab gaplashayotgan o‘qituvchi ham, uydagilarga telefon qilishim kerak» deb boshqa maqsadda gaplashayotgan o‘quvchilar ham bisyor. 

Xo‘sh, bunday holda dars samarali kechadimi? O‘quvchining  darsni o‘zlashtirishi qay darajada bo‘ladi? Mobil telefonlardan ortiqcha foydalanish o‘quvchilarning o‘zlashtirish darajasini pasaytirishi va bolalarning hissiy barqarorligiga salbiy ta’sir qilishi, uning orqasidan boshqa kasalliklar rivojlanib borishi haqidagi tadqiqotlar nega ommalashtirilmayotgani haqidagi savollar ham hamon ochiq qolmoqda...

YUNESKOning maktablarda smartfonlarni taqiqlash haqidagi chaqiriqlari rivojlangan mamlakatlardagina e’tiborga olinmoqda, xolos. Mutaxassislar esa bu yetarli emasligini aytib bong urishmoqda.  

To‘g‘ri, bizda ham bu masalaga e’tibor kuchli. Lekin ota-onalarning  bunga loqaydligi, qo‘lni-qo‘lga berib samaraga erishishga intilmayotgani, ayniqsa, o‘quvchilarning o‘zlashtirishiga ta’sir etayotgan muhim omil bo‘layotir.