Dunyo tan olgan ijodkorlar Zulfiyaxonim haqida


Har yili bahorning ilk kunida vafo va sadoqat timsoli, Xalqaro Javoharlal Neru, “Nilufar” mukofotlari sohibasi shoira Zulfiyaxonimning tavallud kunini nishonlash an’anaga aylangan. Sevimli shoiramizning eng inju his-tuyg‘ular, fazilatlar tarannum etilgan she’riyati vaqtlar o‘tsa hamki, o‘z qadrini yo‘qotmadi. Shuning uchun ham serqirra iqtidor sohibasining asarlari dunyoning ko‘plab tillariga tarjima qilingan. Zotan, Zulfiyaxonim haqidagi fikrlarni, xassos shoirlarning unga bag‘ishlagan she’rlarini hayrat va hayajonsiz o‘qish mumkin emas.

Jumladan, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Oybek Zulfiyaning badiiy ijoddagi ilk qadamlarini shunday e’tirof etgan: «Shoira Zulfiyaning adabiyot olamimizdagi ovozini birinchi bor eshitganimda, birinchi she’rlarini o‘qiganimda ilhomning tozaligi, hislarning nafisligi, she’rlarining samimiyligidan suyungan edim». O‘zbekiston xalq shoiri Mirtemir esa: «O‘zbek poeziyasida Zulfiya degan ismning chaqnab paydo bo‘lishi – tong yulduzining tug‘ilishiga teng voqea bo‘lgani hanuz esimda, o‘sha tongning o‘ziday rost va yorqin haqiqat bu», degan edi.

Akademik-shoir G‘afur G‘ulom shoiraga bo‘lgan samimiy ehtiromini mana bu satrlarga joylagan:
Surayyo yulduzdan ham balandroq 
uchdi shahbozing,
Ko‘ngillarning jilosidir rubobi 
mahzun ijoding,
Ajab nozik tabiat, zarshunosdir 
zehni pardozing,
Muazzam Sharq namoyondir sening 
pokiza joningda,
Bu bizning, sening axloq-u iffatga 
to‘liq nozing.

Ozarbayjonlik shoira Marvarid Dilbozi shunday yozgandi: «Ajoyib tabiatli kishilarni ko‘rganda nodir inju topgan kishidek quvonaman, hayotni yanada qattiqroq sevaman. Zulfiyaxonim! Siz men uchun ana shu nodir inju va go‘zal kishilardan birisiz».
Mashhur avar shoiri Rasul Hamzatov suyukli shoiramiz ijodiga chuqur hurmat bilan yondashganini esa ushbu e’tirofda ko‘rish mumkin: «Shoiralik-shoirlikka nisbatan kam uchraydigan hodisa. Ana shunday yorqin yulduzlar qatorida o‘zbek shoirasi Zulfiya munosib o‘rin egallaydi».

Buyuk asarlari bilan jahon adabiyoti ixlosmandlarini o‘ziga rom etgan Chingiz Aytmatov esa: «Zulfiya nafaqat o‘z she’rlarida gavdalangan to‘la-to‘kis ayol timsoli, balki u mukammal shaxs timsolidir», – deya hayratini yashira olmagan.
O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq shoiri Ibroyim Yusupov esa quyidagi satrlarni yozadi:
Qayga borsa, bizning Zulfiya bo‘lsin.

O‘g‘il bo‘lsa, o‘zing ismin qil tayin:
Mayli G‘afur, Hamid, mayli Ibroyim,
Lekin sizga bir nasihat qilayin
Qizingiz qalbi gul, shoira bo‘lsin,
Go‘zallik timsoli bo‘lsin, ilohim,
Ismi ham, o‘zi ham Zulfiya bo‘lsin!

Chindan ham metin irodali shoiraning saboti har qanday tahsindan ortiq ekanini ta’kidlagan kabardin-bolqor shoiri Qaysin Quliyevning Zulfiya haqidagi fikrlari mana bunday: «Iste’dodi o‘z yurtidagina emas, Yevropa va Osiyoda ham tan olingan bu g‘oyat go‘zal va oqila ayol qancha yo‘l bosib o‘tmadi, ne kunlarni boshidan kechirmadi, qanday ezgu ishlarni ado etmadi, deysiz! Zulfiya – yer yuzidagi barcha yaxshi, oliyjanob ishlarga qalbi ochiq bo‘lgan qudratli, oliyjanob inson».
Belorussiyalik ijodkor Edi Ognesvet esa: Musaffo qalbingiz, she’riyatingiz, odamlarga siz baxsh etgan barcha ezgulik uchun tashakkur sizga, qimmatli Zulfiya, – deya minnatdorlik izhor etgandi.

Zulfiya she’rlarining tarjimoni, taniqli rus adibi Konstantin Simonov: «Men o‘z vaqtida Zulfiya she’rlarini hayajon va hurmat bilan tarjima qilganman, zero bu she’rlar insoniylik, beqiyos otashin muhabbat she’rlaridir. Mening nazarimda, Zulfiya o‘zining butun ayollik latofati va nafisligi bilan birga mana shunday barkamol inson, baquvvat va mustahkam irodali shoiradir», – deya e’tirof etgandi.

Zulfiya she’rlarining yana bir tarjimoni – boshqird shoiri Mustay Karim shoira she’rlarining o‘ziga xos jozibasi haqida shunday degandi: «Zulfiya-she’riyat, Zulfiya va qo‘shiq – bu so‘zlarni bir-biridan ajratib bo‘lmaydi. Uning she’rlari ko‘p yillar muqaddam meni hayratga solgan, qalbimni rom etgan edi. Zulfiya she’rini ona tilim-boshqird tiliga o‘girar ekanman, ulardan olgan zavq meni lol qoldirgan. Biz Zulfiya ijodi ma’naviy hayotimizning, milliy madaniyatimizning uzviy bir qismiga aylanib ketgani bilan faxrlanamiz».

Chindan ham, Zulfiya hayoti va ijodi ma’naviy jasorat, mehr va sadoqat timsolidir.
Shoiraning o‘zi yozganidek:
Ayol baxti!
Menday ayol baxtiga
Taqdir malikani ko‘rganmi loyiq?
Xalq mehrida, yorman el shuhratiga,
Baxtli ayol desa haqli xaloyiq.