“Bahodir Yalangto‘sh” filmi premyerasiga tushdim – “Qilsa bo‘lar ekan-ku!” 

“Bahodir Yalangto‘sh” filmi premyerasiga tushdim – “Qilsa bo‘lar ekan-ku!” 

Birinchi xulosa: nihoyat bizda ham tarixiy filmlar yo‘nalishida tajribalar bosqichi tugab, haqiqiy filmlar suratga olish bosqichi boshlanibdi. Har holda, “Bahodir Yalangto‘sh” haqiqiy to‘laqonli, qiziqarli va ta’sirli tarixiy film bo‘libdi. 

Premyeradan keyin rejissyor Ayub Shahobiddinov “O‘zbek kinosi yaxshi bir asar bilan boyidi”,- degan gap aytdi. Bu, albatta Ustaning bahosi. Men esa oddiy tomoshabin sifatida aytishim mumkinki, kinomizda tarixiy filmlar yo‘nalishida yangi “planka” paydo bo‘ldi, endi boshqalar shunga intilishlari kerak. Zotan, hech nima birdaniga bo‘lmaydi, tajriba, qayta-qayta urinishlar orqali yaxshi filmlarga qarab o‘samiz.

Endi bevosita kartinaning yoqqan jihatlariga to‘xtalsam.
Birinchidan, unda tarixiy filmlarga xos keng miqyos, epiklik, ta’sirchanlik va ko‘rimlilik bor. Katta ekranda ko‘rganimiz uchun balki bu ta’sir yanada kuchliroq bo‘lgandir. Qorong‘uda, yomg‘irli, loyli va hatto shiddatli janglar, mahobatli saroylar, qimmatbaho kostyumlar, soch turmaklari va ommaviy sahnalar ekrandan oldingizgacha chiqib kelgandek go‘yo:

Ikkinchidan, aktyorlar ansambli. Juda chiroyli vizuallik borki, yangi qiyofalar u yoqda tursin, tanish va sevimli aktyorlar ham yangicha qiyofada ko‘rindi tomoshabinga. Qozog‘istondan jalb qilingan aktrisa – TOP! Yana Bahodir Yalangto‘shning o‘g‘li Boybek obrazini yaratgan akter qiyofasi bo‘rtiqlik, joziba va hissiylik jihatidan uncha-muncha turk kinoyolduzlaridan afzal ko‘rindi.

Uchinchidan, ssenariy. Ssenariy mualliflari Hasan Toshxo‘jayev va Jahongir Ahmedovlar bitta yo‘llik syujetdan ham keng miqyosli qiziqarli film yaratish mumkinligini isbotlashibdi. Keyinroq tarixiy filmlarimiz epik janr talablariga ko‘ra, ko‘p yo‘llik syujet tipida ham namoyon bo‘lishiga umid qilamiz. Lekin bu muhim emas. Eng muhimi, 2 soatu 20 daqiqa davomida hech kim zaldan chiqib ketmagani, turli epizodlar qarsaklar bilan kutib olingani bo‘ldi. Ayniqsa, dialoglarni alohida ta’kidlash lozim. Tan olaman, bu kinodan ham odatdagi tarixiy filmlarimizdagi kabi arxaizmlarga to‘la uzun va hissiz jumlalarni kutgan edim. Balki shungami, ko‘p o‘rinlarda qisqa, zarbali, aforizmsifat o‘tkir gaplar yoqimli syurpriz bo‘ldi.

To‘rtinchidan, eng asosiysi  – film g‘oyasi. Yaxshigina jangnoma va siyosatnoma bo‘libdi. Bunda ikkita asosiy g‘oyani ta’kidlamoqchiman. 

Birinchisi, hokimiyat, saroyda doim fitnalar bo‘lgan. Taxtga qanchalik yaqinlashganing sayin fitnalar shunchalik jiddiylashadi. Bunda sadoqat taqchil, hatto og‘a-inilik rishtalari uzilishi mumkin. Eng oliy mansabdagi odamning do‘sti ham juda kam bo‘larkan. Faqat adolatli siyosat yuritsa, hukmdorga xalq do‘st bo‘lishi, vaqti kelsa, siyosiy fitnalardan ham uni qutqarishi mumkin. Albatta, hukmdor odil va xalqparvar bo‘lsa. 

Ikkinchi mujda – ichki dushmanlar. Ashtarxoniylarni mag‘lub etgan asosiy dushman jung‘orlar emas, balki ichki bo‘linishdir. Hamjihatlik yo‘qligi uchun sulola sindi. Bu bizga ham jiddiy saboq bo‘lishi kerakki, adolat va hamjihatlik bo‘lmasa, davlatchilikka putur yetadi. Zotan, o‘z do‘stimiz ham, dushmanimiz ham o‘zimiz!

Albatta, mutaxassislar yo boshqa tomoshabinlar film kamchiliklarini aytishar. To‘g‘ri, kimdir “Richard Sheryurak” darajasidagi kinoni kutgan bo‘lsa, hafsalasi pir bo‘lishi mumkin. Lekin bu muhimmas. Odamlar “Bahodir Yalangto‘sh”ni ko‘rishsin, uning asosiy gapini anglashsin – muhimi shu. 

Shaxsan menga film juda yoqdi!
Kinochilarimizdan esa boshqa buyuklarimiz haqida yana kamida shunday, balki bundan-da yuqori saviyadagi filmlarni kutamiz endi. 

Bu boshlanishi bo‘lsin!