Ayol taraqqiyot elchisi. O‘zbekiston g‘oyalar generatori

Ayol taraqqiyot elchisi. O‘zbekiston g‘oyalar generatori

Jimjitlik yechim emas, biz gapirishimiz kerak!

13-14 may kunlari Samarqand shahrida o‘tgan Osiyo xotin-qizlar forumida Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyevaning nutqini gulduros qarsaklar sadosi bir necha soniyaga to‘xtatib qo‘ydi. Bu shunchaki rasmiyatchilik uchun emas, balki ayollarning ta’lim olishiga nisbatan adolatsizlikka chek qo‘yilgani  haqidagi axborotga milliy va xalqaro jamoatchilikning munosabati, ta’bir joiz bo‘lsa xolis bahosi edi.

Keling, shu o‘rinda oddiy bir fuqaro sifatida mamlakatimizda ta’lim tizimida amalga oshirilgan islohotlarni tahlil qilib ko‘raylik.
Sir emaski, mustaqillikning ilk yillarida oliy o‘quv yurtiga kirish uchun bir o‘ringa yigirma, ba’zan o‘ttiz nafargacha nomzod to‘g‘ri kelardi. Boz ustiga, harbiy xizmatni o‘tab kelgan yigitlar oliy o‘quv yurtlariga kirish uchun berilgan imtiyozlaridan foydalanib, shundoq ham kam ajratilgan o‘rinlarni band etardilar. O‘shanda o‘qishga kiritib qo‘yadigan “ko‘rinmas qo‘llar” fitnasidan jabr chekkanlarning son-sanog‘i yo‘q edi. O‘qishga kira olmagan aksariyat qizlarning orzulari esa “To‘ylar muborak!” sadolari ostida armonga aylanardi...

To‘g‘ri, biz oilani qadrlaydigan, oilaviy qadriyatlarni muqaddas, deb biladigan xalqmiz. Biroq, zo‘r mutaxassis bo‘laman, jamiyat ravnaqiga hissa qo‘shaman, deya mard-u maydonga chiqqan iste’dodli qizlarga imkon bermaslik, naqadar adolatsizlik! Boz ustiga, o‘sha yillari faqat qizlar uchun emas, butun boshli yoshlar “armiya”sini rag‘batlantirish uchun biron-bir tizim yo‘q edi. 1991 yilda hatto Zulfiya mukofoti ham ta’sis etilmagandi.

Bugunga kelib  esa qizlar ta’limiga e’tibor davlat siyosatiga aylandi. 6 yil avval oliygohlarda 110 ming nafar xotin-qiz ta’lim olgan bo‘lsa, hozirda bu raqam yarim milliondan oshdi. Shu o‘rinda 5 yillik ish stajiga ega bo‘lgan xotin-qizlarga tavsiyanoma asosida oliy o‘quv yurtlariga kirish imkoniyatlari yaratilayotgani ham o‘ziga xos rag‘bat rolini o‘ynayapti. Ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarda voyaga yetayotgan qizlarning oliy ta’lim muassasalarida tahsil olishlari uchun 4 foizli kvota ham ajratilyapti.

Magistraturada tahsil olayotgan qizlarning kontrakt pullari esa davlat tomonidan to‘lab berilmoqda. Shuningdek, talaba xotin-qizlar foizsiz ta’lim kreditlaridan foydalanishyapti. Oxirgi ikki yilda ayollardan chiqqan birinchi adliya vaziri, Oliy Sud raisi, akademik Xadicha Sulaymonova, Navoiyning hech kimga ma’lum bo‘lmagan “Munojot” asarini topib, chop ettirgan sharqshunos olima Suyuma Gʻaniyeva, san’atimiz darg‘asi, O‘zbekiston Qahramoni Munojot Yo‘lchiyeva nomidagi stipendiyalarning joriy etilgani ham “Beshikdan to qabrgacha ilm izla” degan naqlning qizlarimizga taalluqli ekanini yana bir bor eslatib qo‘yayotgandek, go‘yo. 

Maqolani e’tirofning ifodasi bo‘lgan qarsakdan boshlaganim bejiz emas. Ayolga gul berish balki fazilatdir, lekin unga ta’lim berish, insonning nafas olishga bo‘lgan ehtiyojidek muhim. O‘zbekistonda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlashga oid siyosatning aynan ta’limdan boshlangani ham opa-singillarimizning tarixdagi benazir o‘rnini tiklashga qaratilgan ezgu harakatlarga bir misol bo‘la oladi.

Alohida qayd etish joizki, Osiyo ayollari forumi har bir ishtirokchiga xotin-qizlarning iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy huquq hamda imkoniyatlarini yanada kengaytirish borasida yangi bilimlar, tajribalar, tahliliy ma’lumotlar bilan qurollanish imkonini berdi. Ishtirokchilar “Jahon siyosatida ayollar kun tartibi qanday: an’anaviylik afzalmi yo modernizatsiya?”, “Osiyo davlatlari bugungi kunda ayollar muammosining yechimini qanday ko‘rmoqda va demografik vaziyat bunga qanday ta’sir qiladi?”, “Xotin-qizlarning fan, ta’lim va innovasion faoliyatdagi ishtiroki mamlakatda inson kapitalini rivojlantirish jarayonlariga qanday ta’sir qilmoqda?”, “Davlat boshqaruvi va mahalliy hokimiyatni boshqarishda ayollarning o‘rni qanday bo‘lishi kerak?”, “Ayol boshqaruvi: uning afzalliklari va zaif tomonlari qanday?”, “Global iqtisodiyotda ayollar biznesining rivojiga qanday omillar salbiy ta’sir qilmoqda?”, “Zamonaviy oila: kimning vazifasi murakkabroq - onaning yoki otaning?”, “Ayollarning onlayn hamjamiyatlari yoki nodavlat tashkilotlari ayollar muammolarini hal qila oladimi?” kabi savollarni atroflicha muhokama qildilar.

Sammitda BMT Bosh kotibi o‘rinbosari, BMT ayollar tashkiloti ijrochi direktori Sima Sami Baxus xonim so‘zga chiqib, O‘zbekistonning gender tenglikni ta’minlash borasidagi muvaffaqiyatlarini alohida e’tirof etdilar hamda O‘zbekiston Prezidentiga xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, iqtidorlarini yuzaga chiqarish borasidagi sa’y-harakatlari, shuningdek, ushbu forumni o‘tkazish tashabbusi bilan chiqqanlari uchun minnatdorlik bildirdi. 

Ma’lumot o‘rnida shuni aytish joizki, ushbu forum Shavkat Mirziyoyevning Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 78-sessiyasidagi taklifiga ko‘ra o‘tkazildi. O‘shanda O‘zbekiston yetakchisi “Milliy siyosatimiz markazida turadigan eng ezgu maqsad – oilalar mustahkamligini, ayollarimizning huquqiy himoyasi va osoyishta hayotini ta’minlashdan iboratligini ta’kidlab , “Birlashgan Millatlar Tashkiloti – Xotin-qizlar” tuzilmasi bilan hamkorlikni yanada kengaytirishdan manfaatdor ekanini bildirgan edi. 

Yurtboshimiz tomonidan bildirilgan ushbu taklifning samarasi uzoq kuttirmadi. Sharqiy Osiyo, Janubi-Sharqiy Osiyo, Janubiy Osiyo va Markaziy Osiyo mamlakatlari parlamentlarining ayol a’zolari, hukumatlari rahbarlari, davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari vakillari, ishbilarmon ayollar, siyosatshunoslar, ijtimoiy soha faollari va olimlar bir davraga jamlandilar. E’tiborga molik jihati shundaki, forum ishtirokchilarining muhokamalari do‘stona va samimiy tarzda, keng ayvonlarda uyushtirilgan bir piyola choy ustida davom etdi. Agar Osiyo qitasida salkam 5 mlrd aholi istiqomat qilishini, bu yer yuzi aholisining deyarli 60, qita aholisining esa 49 foizini xotin-qizlar tashkil etishini hisobga olsak, mazkur forumning bugungi geosiyosiy vaziyatda qanchalar dolzarb muammolarga yechim topishdagi ahamiyatini teranroq anglaymiz.

Quvonarlisi, anjumanda so‘zga chiqqanlar mazkur forumni Osiyo mintaqasida ayollar huquqlarini kengaytirish masalalari bo‘yicha doimiy muloqot platformasiga aylantirish lozimligini ham ta’kidlashdi. Forumda mintaqaviy miqyosdagi aniq loyiha va dasturlarni o‘z ichiga olgan o‘rta muddatli istiqbolga mo‘ljallangan dastur qabul qilingani, mamlakatimizda “BMT-ayollar” tuzilmasi vakolatxonasini ochish taklifi shaxsan Prezidentimiz tomonidan qo‘llab-quvvatlangani ham siyosiy muloqotning real natijalardan biri bo‘ldi desak, xato bo‘lmaydi. 

“BMT-ayollar” tuzilmasi mutasaddilari ham O‘zbekistonni mintaqadagi asosiy hamkori sifatida ko‘rishdan manfaatdor ekanini bildirdilar. Bir so‘z bilan aytganda bugun Markaziy Osiyoning yuragida joylashgan O‘zbekistonning xotin-qizlarning huquq va erkinliklarini ta’minlash borasida ezgu g‘oyalar generatoriga aylanayotganiga guvoh bo‘lib turibmiz.

 Darhaqiqat, keyingi yillarda barcha davlat va nodavlat tashkilotlarida xotin-qizlar masalasida hisobdorlik keskin oshdi. Bu jarayonda “Gender statistika”, “Gender audit”, “Gender ekspertiza”, “Gender byudjetlashtirish” kabi tushunchalar lug‘atimiz to‘ridan joy olib, ularning qonuniy asoslari ham yaratilyapti. Jumladan, so‘nggi olti yilda 80ga yaqin hujjatlar aynan ayollar manfaatini ko‘zlab qabul qilindi. Xotin-qizlarga oid statistikaning shakllanishi esa o‘z navbatida xalqaro reyting va indekslardagi ko‘rsatkichlarimizni ham ijobiy tomonga o‘zgartirmoqda.

Masalan, Jahon bankining “Ayollar, biznes va huquq” reytingida O‘zbekiston 100 balldan 82,5 ball to‘plab, eng katta muvaffaqiyatga erishgan besh davlatdan biri bo‘ldi, ochiq ma’lumotlar indeksida esa eng yaxshi 20 ta davlat qatoriga kirdik.  Xalqaro reyting va indekslarda mamlakatimizda gender tenglikni ta’minlashga oid ma’lumotlar paydo bo‘lishining o‘zi yaxshi ko‘rsatkich, albatta. Ya’ni, bugunga kelib, dunyoning biz bilan, bizning esa dunyo bilan hisoblashishimiz uchun hisobdorlik hissini va mas’uliyatini teranroq anglay boshladik. Shundan kelib chiqqan holda, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasida ham ilk bor gender statistikasini yuritish yo‘lga qo‘yildi. Ayollarning siyosiy faolligini baholashda partiyamizning gender sezuvchanligini ta’minlash bundan keyin ham biz uchun ustuvor bo‘lib qolaveradi. Zero, “Gender sezuvchan parlament” – “Gender sezuvchan partiya”dan boshlanadi.

Xo‘sh, xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini ta’minlashda dunyoda qanday ishlar amalga oshirilyapti? Jumladan, Osiyoda bu boradagi ahvol qanday? 

Mehnat qonunchiligiga kiritilgan o‘zgartishlar, ko‘plab mamlakatlarda ayollarni rahbarlik lavozimlariga tayinlash uchun maxsus kvotalar belgilangani, onalar o‘limining kamayishi, boshlang‘ich ta’lim olish imkoniga ega bo‘lgan qizlar sonining ortib borayotgani ham Forumda ijobiy o‘zgarishlar sifatida qayd etildi. Ammo shunga qaramay, ko‘plab mamlakatlarda xotin-qizlarga doir statistik ma’lumotlar yaxshi emasligi va hatto ayanchli tus olayotgani ham afsus bilan tilga olindi. “BMT-ayollar” tuzilmasi rahbari tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, bugun har uchinchi ayol zo‘ravonlik va tazyiqqa uchramoqda.

Ayollar orasida ishsizlik darajasi 50 foizni, erkaklarda esa 30 foizni tashkil etib, ayollar erkaklarnikiga qaraganda o‘rtacha 20 foiz kam maosh olyapti. Aksariyat hollarda ayollarning ish joylari mehnat qonunchiligi bilan himoyalanmagan, ayollarning 60 foizi iqtisodiyotning norasmiy sektorida bandligi, kam daromadli mamlakatlarda bu ko‘rsatkich 90 foizdan ham oshishi, har o‘ninchi ayol o‘ta qashshoqlikda yashayotgani, ayollarga nisbatan zo‘ravonlik va kamsituvchi ijtimoiy institutlar global iqtisodiyotga har yili 6 trillion dollar zarar keltirayotganiga oid ma’lumotlar hali gender siyosati yo‘nalishida berk ko‘chalar serob ekanini ko‘rsatadi. 

Forum doirasida Parlamentlararo ittifoq Bosh kotibi Martin Chungongning xotin-qizlarning siyosiy faolligini oshirish borasidagi mulohazalari, aniqrog‘i, PI tomonidan Yevropa va Afrika mintaqasida parlament a’zolari orasida o‘tkazilgan tadqiqotlar e’tiborimni tortdi. Martin Chungong janoblari ayollarga nisbatan zo‘ravonlikdan nafaqat bir ayol, yoinki jamiyat, davlat, balki butun insoniyat talofat ko‘rayotganini ta’kidladi.

Shuningdek, ma’ruzachi tengsizlikning oldini olish jahon iqtisodiyotini kamida 20 foizga o‘sishini ta’minlashi va keyingi o‘n yillikda bu masaladagi samaradorlik ikki barobarga oshishi mumkinligini qayd etib, jinsidan qatiy nazar har bir inson huquq, imkoniyat va resurslarga ega bo‘lishi lozimligini bildirdi. Bu borada u “Gender sezuvchan parlament” konsepsiyasini amalga oshirish ayni muddao ekaniga urg‘u berdi. Ushbu konsepsiyada uchta muhim jihatga ustuvorlik berilgan bo‘lib, ulardan biri parlamentda ayol va erkak tengligining ta’minlanishi, ya’ni 50 /50 tamoyilini amalga tatbiq etish bilan bog‘liq. Ayni paytda Meksika, Nikaragua, Kuba, Ruanda, BAA va Andorra shunday natijaga erishgan. 

Ikkinchi muhim jihat bu – parlamentda xavfsiz va inklyuziv ish sharoitlari yaratish bilan bog‘liq. Ya’ni, yozilgan va yozilmagan qonunlarga chek qo‘yish, erkak va ayolning teng huquqligini ta’minlash, parlamentlarda jinsga nisbatan tahqirlash va bosimlarni oldini olish masalasidir. Martin Chungongning ta’kidlashicha, Parlamentlararo Ittifoq tomonidan o‘tkazilgan so‘nggi tadqiqotlar dunyoda parlamentdagi ayollarning 80 foizi zo‘ravonlikning turli shakllariga duchor bo‘lganini ko‘rsatmoqda.

Ushbu tadqiqot natijalari bilan tanishib, birgina Yevropada parlamentdagi ayollarning 85 foizi ruhiy zo‘ravonlikka, 25 foizi jinsiy, 15 foizi jismoniy, 14 foizi esa iqtisodiy zo‘ravonlikka duchor bo‘lganini ko‘rish mumkin. Martin Chungong endi bu yo‘nalishdagi o‘rganishlarni Osiyo va Okeaniya mintaqasida o‘tkazish mavjud muammolarni aniqlashga yordam berishini aytib, barcha parlamentlarni ushbu tadqiqotda anonim ishtirok etishga chaqirdi. Oliy martabali mehmon “Gender sezuvchan parlament” konsepsiyasining uchinchi muhim jihatiga e’tibor qaratib, gender tenglikni inobatga oluvchi byudjetni shakllantirish, gender tenglikka munosabatni monitoring qilish masalalariga to‘xtaldi.

Yuqoridagi fikr-mulohazalarga tayanib, aytish mumkinki, bugun xotin-qizlarning siyosiy faolligini oshirish yo‘nalishida xalqaro va lokal miqyosda ilmiy jamoatchilik bilan tadqiqotlar o‘tkazish vaqti keldi. Bu borada partiyamizda vakillik organlaridagi deputatlar bilan yaqindan muloqot qilish uchun alohida tuzilmalar tashkil etilgan. 2019 yildan beri partiya qoshida “Deputat ayollar klubi” faoliyat olib boryapti. Shuningdek, partiya nashri –  “Milliy tiklanish” ijtimoiy-siyosiy gazetasida “Ayol va siyosat” rukni ostida deputat ayollar tajribasini ommalashtirishga qaratilgan turkum suhbatlar e’lon  qilinmoqda. Ana shu suhbatlardan ayon bo‘lyaptiki, ayrim deputat ayollarimizning hokimiyat organlari tomonidan bosimlarga uchrayotganligi holatlari ham yo‘q emas. Shuningdek, jamiyatda ayol nomzodlarga ovoz berishda hali hal etilishi lozim bo‘lgan masalalar ham uchramoqda.

Demak, jamiyatimizda opa-singillarimizning siyosatchi bo‘lishiga monelik qiladigan qotib qolgan qarashlar hamon saqlanib qolmoqda. Oila va gender tenglik ilmiy tadqiqot instituti olimlari tomonidan “Jamiyatda xotin-qizlarining ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish mexanizmlarini takomillashtirish” mavzuida o‘tkazilgan sosilogik tadqiqotlarda “Xotin qizlarning siyosatdagi ishtirokini ma’qullaysizmi?” degan savolga respondentlarning 76,1 foizi javob berishga qiynalgan, 11,6 foizi “yo‘q”, 12,3 foizi esa “ha” deb javob bergan. Shuningdek, “Qaysi sohada faol bo‘lishni xohlardingiz?”degan savolga repsondetlarning 19,7 foizi ilm-fan, ta’lim, 16,7 foizi sog‘liqni saqlash, faqatgina 9,9 foizi siyosat sohasida, degan javobni berganlar. Bunday natija shubhasiz, tashviqot jarayonlarida ayol nomzodlar bilan ishlashga ko‘proq e’tibor qaratishni taqozo etadi.

Qolaversa, bizni saylovchilarimiz konservativ qarashlarga ega ekanini esdan chiqarmaslik kerak. Tan olaylik, bugun ham nomzodga ovoz berishda jinsning ahamiyati kam emas. Masalan, 2019 yilda vakillik organlariga saylangan  deputatlarimiz o‘rtasida o‘tkazgan tadqiqotlar natijasiga ko‘ra, respondentlarning 50 foizdan ziyodi erkak nomzod uchun ovoz berishini bildirgan. Demak bugun ham siyosatchi ayol fenomenini o‘rganish partiyamiz oldida turgan muhim vazifalardan biri bo‘lishi kerak. Forumda yana bir muhim masalaga urg‘u berildi: xotin-qizlarning qonunchilik va siyosiy tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlovchi tuzilmalar faoliyatini yo‘lga qo‘yish ushbu masalaga yechim sifatida taklif etildi.

Xalqaro anjumanni kuzatib, dunyo miqyosida xotin-qizlarni faollashtirishning o‘ziga xos tajribalari ommalashayotganiga guvoh bo‘ldik. Masalan, Belarusda tug‘ilish ko‘rsatkichlari pasayib borayotgan bir sharoitda davlat tomonidan birinchi marta suniy urug‘lantirish bepul amalga oshirilayotgan bo‘lsa-da, aholi soni sezilarli ko‘paymayotgani ta’kidlandi. Rossiya parlamentida esa xotin-qizlar uchun haftaning juma kunini o‘rtacha moashni saqlab qolgan holda ikki soatga qisqartirish taklifi ilgari surilayotgani ma’lum qilindi. Ammo ko‘plab mamlakatlarda, hatto an’anaviy jamiyatlarda ham “bolasiz oila”- “Child free” g‘oyasi ommalashib borayotgani tilga olindi. Qayd etish joizki, Forum ishtirokchilarining aksariyati an’anaviy oila va oilaviy qadriyatlarni qo‘llab-quvvatlashi, er va xotin hamkor bo‘lgandagina hayotiy muammolarga yechish topish mumkinligini ta’kidladilar. Urush o‘choqlariga aylangan mamlakatlarda esa ayollar bilan ishlash masalasi hamon dolzarb ekaniga e’tibor qaratildi.

Zo‘ravonlikning yangi turi, ya’ni raqamlashgan zo‘ravonlikning oldini olish, o‘g‘il bolalar tarbiyasiga e’tiborni kuchaytirish, jamiyatning ruhiy salomatligiga erishish, inson huquqlari va hayotiga tahdid solayotgan hamda hali hamon ayrim mamlakatlarda saqlanib qolayotgan “qadriyatlar”dan voz kechish, jumladan, qiz-juvonlarni o‘g‘irlash, tana a’zolariga ziyon yetkazish holatlari ham shular jumlasidandir. Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda erkak va ayolning teng huquqliligi haqida ma’lumot beruvchi kontentlar yaratish kabi tajribalarga ham quloq tutildi. Masalan, biz xavf deb biluvchi tik-tokda o‘smir qizlarning ulg‘ayish pog‘onalari haqida ma’lumot beruvchi seriallar yaratilgani, o‘smirlarga reproduktiv salomatlikni oshirish, voyaga yetmaganlar o‘rtasidagi nikohning oldini olishga qaratilgan maxsus mobil ilovalar namoyish etilgani, ayniqsa, siyosiy jarayonlarda ayollar nomzodini qo‘llab-quvvatlovchi saylov texnologiyalari haqidagi ma’lumotlar ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi. 

Albatta, bitta maqolada 10 ta panel sessiyalarda o‘tgan xalqaro anjuman tafsilotlarini to‘la aks ettirish qiyin. Zotan, BMT hisob kitoblariga ko‘ra, hozirgi rivojlanish sur’atlarida gender tenglikka erishish uchun yana 300 yil kerakligi haqidagi ma’lumot ushbu anjumanning nihoyatda dolzarbligini ko‘rsatmoqda. Qayd etilishicha, 2030 yilga kelib dunyoda 340 milliondan ortiq ayollar o‘ta qashshoq holda yashashi mumkin. Qashshoqlikni asosiy qismi esa aynan Osiyo mintaqasiga to‘g‘ri keladi. Shunday ekan, xotin-qizlar masalasida xalqaro hamkorlik Osiyo mintaqasida gender tenglikni ta’minlash masalasidagi muammolarga amaliy yechim bo‘ladi, deb umid qilamiz.

Zero, Forumda ta’kidlanganidek, jimjitlik bu muammolarga yechim emas! Demak biz gapirishimiz, oliy maqsadlar yo‘lida birlashishimiz kerak. Bu borada esa millatimiz yetakchisi Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan o‘tkazilgan nufuzli anjuman O‘zbekistondagi xotin-qizlarning huquqi masalasida fundamental o‘zgarishlar amalga oshirilayotganini namoyish etish va sohaga doir ilg‘or tajribalarni o‘rganish uchun munosib maydon bo‘lib xizmat qildi, deb ayta olamiz. 
Forumda yangragan takliflar esa partiyamizning saylovoldi dasturlarida, albatta, o‘z aksini topadi.

Chunki, xotin-qizlar va erkaklar mehnatiga to‘lanadigan haq o‘rtasidagi tafovutni bartaraf etish, ayol mehnatini qadrlash, yashirin ravishda homilani tushirishni (abort) jinoyatga tenglashtirish, milliy qadriyatlarga asoslangan gender tenglik konsepsiyasini ishlab chiqish, raqamli iqtisodiyotda xotin-qizlar faolligini oshirish, nafaqat onaning, balki otaning ham  farzand tarbiyasi bilan shug‘ullanishiga erishish kabi takliflarimiz mazkur xalqaro muloqotda ham o‘z tasdig‘ini topdi. Ya’ni, bugun o‘zgarayotgan dunyo konservativ qarashlarga muhtoj va taraqqiyot, shubhasiz, qadriyatlarga tayanishi kerak. 

Maqolani esa mazkur forumda ishtirok etgan Xitoy ijtimoiy fanlar akademiyasi Rossiya, Sharqiy Yevropa, Markaziy Osiyo instituti direktori o‘rinbosari Jin Xe Xonimning nutqida tilga olingan Xitoy xalqining mashhur naqli bilan yakunlamoqchiman. Ya’ni “Ayollar hech qachon erkaklarga yutqazmaydilar”.

Xonimning so‘zlariga faqat bitta qo‘shimcha qilishga jazm qildim: agar ayolning oldida erkak bo‘lsa, u hech qachon va hech kimga yutqazmaydi. Qolaversa, moʻtabar ayol o‘zining kuchli ekanini bizning jamiyatda isbotlashi shart emas...