Amir Temur shaxsiyatini yuzaki o‘rganib bo‘lmaydi

Amir Temur shaxsiyatini yuzaki o‘rganib bo‘lmaydi

«Milliy tiklanish» demokratik partiyasi tashabbusi bilan buyuk bobokalonimiz Amir Temur tavalludining 688 yilligi oldidan «Amir Temur siymosi – milliy davlatchiligimiz timsoli» mavzusida ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi.

Temurshunos olimlar ishtirok etgan tadbirda istiqlol tufayligina xalqimiz o‘zligini tanigani, buyuk bobolarimiz jasorati va yuksak dahosi haqidagi asl haqiqatlar ro‘yobga chiqa boshlagani alohida ta’kidlandi. 

Ma’lumki, ulug‘ ma’naviyatli insonlar har doim shaxsiy ehtiyojlarini chetlab o‘tib, xalq manfaatlarini ko‘zlagan holda davlat va jamiyat ahamiyatiga molik tadbirlarni amalga oshirganlar. Tarixchi olimlar tomonidan insoniyat tarixidagi eng qat’iyatli shaxs sifatida e’tirof etilgan Sohibqiron Amir Temur ana shunday siymolardan biri edi. Binobarin, Amir Temurning ma’naviy salohiyati, aql-zakovati bir xalqqa xizmat qilish chegarasidan chiqib, umumbashariy omilga aylangani ham haqiqat. 

Amir Temur bunyodkorlik sohasida ham ulkan islohotlarni amalga oshirib, jahon me’morchiligini bemisl darajada boyitgani, saltanat mafkurasi, g‘oya va mahobatini o‘z bunyodkorlik ishlarida namoyon eta olgan buyuk shaxs hamdir. Tarixchilarning yozishicha, aynan Temur davrida Samarqand atrofida dunyoning siyosiy markazlari bo‘lgan Sheroz, Sultoniya, Bag‘dod, Iroq, Damashq hamda Misr kabi 12 ta shahar nomi bilan qishloqlar barpo etilib, saltanat poytaxtining ularga nisbatan tutgan mavqeiga alohida urg‘u berildi.

Qonun ustuvorligi ham sohibqiron davlati sifatini ko‘rsatuvchi muhim jihat bo‘ldi. U o‘z davrining salohiyatli huquqshunosi, fiqhshunos va olimi ham edi. Ulug‘ ajdodimizning hayot yo‘li tarixchi olimlar, shoir va yozuvchilarning doimiy e’tiborida: 600 yil mobaynida Amir Temurga bag‘ishlab Yevropa tillarida 500 dan ziyod, Sharq tillarida esa 900 ga yaqin yirik tarixiy asarlar yaratildi.

Ayniqsa, Sohibqironni yuksak maqomga ko‘targan, uning siyosiy va huquqiy qarashlari majmuasi – «Temur tuzuklari» inson qo‘li bilan bitilgan durdonalar orasida hamon beqiyosligicha qolmoqda. «Tuzuk» so‘zining lug‘aviy ma’nosi qonun-qoidalar to‘plami, nizom ma’nolarni anglatadi. Boshqacha aytganda, Tuzuk – Konstitutsiya, davlatning Asosiy qonuni deganidir.

Shu ma’noda, «Temur tuzuklari»ni Sharq va Osiyo mamlakatlari sivilizatsiyasiga xos konstitutsiyaviy hujjat bo‘lgan desak xato bo‘lmaydi. Adolatli jamiyat qurish yo‘lida bebaho qoidalar majmuasi hisoblanmish ushbu kitob mustaqil O‘zbekiston Konstitutsiyasiga ham asos bo‘lgan. 

Tadbirda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Abu Rayxon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik qo‘lyozmalar instituti yetakchi ilmiy xodimi Sanjar Gʻulomov shular haqida gapirib, mustabid tuzum davrida Amir Temur haqida yozish, gapirish taqiqlangani, olimlarimiz bu mavzuda sukut saqlashga majbur bo‘lganini ta’kidladi.

– Hatto bobomiz haqida yozilgan kitoblar rastalardan yig‘ib olinib, katta shov-shuvlar bilan yoqilgani esimda. Xorijda esa o‘sha davrda ham Amir Temurga oid ko‘plab ilmiy tadqiqotlar olib borilgan, – dedi olim.

Bugun esa o‘zbek kitobxonlari Amir Temur yoki temuriylar davriga oid tarixiy asarlar bilan emin-erkin tanishish imkoniga egalar. Sohibqiron  saltanati tarixiga bag‘ishlangan asarlar haqida gap ketganda, Sharafiddin ali Yazdiyning «Zafarnoma» asari hajm jihatdan eng katta va mukammal asar ekanini aytish joiz. Undan oldin ham ko‘plab tarixchilar o‘z «Zafarnoma»larini yozganlar. Misol uchun, Nizomiddin Shomiy aynan bobomizning bevosita tavsiyasi bilan shunday asar bitgan. 

Ular orasida Amir Temur yurishlari davrida 9 yoshida saroyga olib kelingan ibn Arabshohning «Temur tarixida taqdir ajoyibotlari» asari eng mashhuri hisoblanadi. Bu asar «Amir Temur tarixi» nomi bilan o‘zbek tilida nashr etilgan. 

Sanjar Gʻulomovning ta’kidlashicha, ibn Arabshoh Amir Temurning obodonchilik ishlari, diplomatiyasi, siyosati, olimlar, allomalar bilan bo‘lgan munosabatlari haqida biri-biridan qiziq va katta voqealarni yozib qoldirganki, o‘quvchilarga undan birlamchi manba sifatida ham bemalol foydalanish mumkin.

– Xorijiy davlatlarda ham Amir Temur shaxsi necha asrlardan buyon o‘rganib kelinyapti, – deydi sharqshunos olim, Temuriylar tarixi davlat muzeyi ilmiy xodimi Botir Yo‘ldoshev. – Lekin yurtimizda temurshunos olimlar ko‘p bo‘lsa-da, Amir Temur haqida haligacha yetarlicha tadqiqotlar olib borilmayapti. O‘rganishlarimiz yuzaki, eng yomoni tarixiy manbalarga to‘la asoslanmagan. Mana birgina misol, Gʻiyosiddin Alining «Ro‘znomai g‘azovati Hindiston», ya’ni Amir Temurning Hindistonga harbiy yurishi haqidagi asari rus tiliga tarjima qilindi, ammo hamon o‘zbek tiliga tarjima qilingani yo‘q. 

Agar yo‘lingiz tushib Samarqandga borsangiz, Amir Temur maqbarasida 27-28 davlatni birlashtirgan Amir Temur saltanati xaritasi turibdi. Agar e’tibor qaratsangiz unga Moskva kiritilmagan. Qiziq holat, katta-katta akademiklarga savol beraman, nega kiritilmagan, 1996 yilda qabul qilingan xarita bo‘lsa. Fikrimcha, ayrim olimlarimiz sovet hukumati qayta tiklanib qolsa, degan xavotir bilan Amir Temur Moskvani zabt etgan deyishdan xavotirga tushganlar. Vaholanki, tarixiy manbalarda bobomiz nafaqat Moskvani, undan keyingi hududlarni ham zabt etgani yozilgan.

Bu bilan nima demoqchiman, tarixni ehtiroslarsiz, boricha yoritish kerak. Bu haqda rus olimlarining o‘zlari ham yozganlar. Bunday dalillardan cho‘chish, ularning bugungi Rossiya va O‘zbekiston munosabatlariga ta’siri bor deyish haddan ziyod soddalikdir. Bas, shunday ekan, Amir Temur tarixini yozishga ham, o‘rganishga ham xolislik bilan yondashishimiz uchun biron-bir qarshilik yo‘q, – deydi B.Yo‘ldoshev. 

Yana qaytaraman: tarixga his-tuyg‘ularsiz, siyosiy hadiklarsiz, ya’ni xolis nazar bilan qarasakkina kelajak avlod oldida yuzimiz yorug‘ bo‘ladi. 

Olimning qayd etishicha, afsuski, bugun hatto maktab darsliklarida ham Temur tarixi bilan bog‘liq ma’lumotlarda ko‘plab xatoliklar bor. Darsliklarni minglab adadda chop etayotgan tashkilotlar yoki temurshunos olimlar bunday nuqsonlarga e’tibor ham qaratishmayapti. Nazarimda, Temurshunos olimlarning ana shunday masalalarga jiddiy e’tibor qaratadigan vaqti keldi, axir. Ayrim hisob-kitoblar birgina Abu Rayxon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik qo‘lyozmalar institutidagi tarixiy kitoblarini o‘rganish uchun 500 yil zarurligini ko‘rsatyapti. 

Ochiq muloqotda so‘zga chiqqan jurnalist va adib Hakim Sattoriy endi shu vatanda yashab, ma’rifatidan bahramand bo‘lib yurgan odam mabodo bobokalonimiz nomini eshitgan bo‘lsa, qalbida titroq paydo bo‘lmasligi mumkin emasligini, bu vatanparvarlik, buyuk tarixga daxldorlik tuyg‘usidan darak ekanini ta’kidladi.

Yuqorida olimlarimiz tomonidan qayd etilganidek, Amir Temur tarixini o‘rganishda, tadqiq etishda hamon yuzakilik davom etyapti. Bu ijtimoiy tarmoqlarda qandaydir kuchlar tomonidan Amir Temur haqida ming bitta yolg‘onlar tarqalishiga ham sabab bo‘lmoqda. Bobokalonimizning harbiy yurishlari u yoqda tursin, hatto shu kungacha uning mukammal tarjimai holi ham yozilmagan. Aslida bu ishlar bilan ilmiy tadqiqotlar instituti shug‘ullanishi, butun jamoatchilik bosh qotirishi lozim. Zero, bugun sovet davridagidek bunga hech qanday to‘siq yo‘q.

Partiya Markaziy kengashi raisi o‘rinbosari Mirodil Abdurahmonov davra suhbatiga yakun yasar ekan, Amir Temur haqida olimlarimizning og‘riqqa qorishgan gaplari ko‘p takrorlanayotgani bejiz emasligini ta’kidladi. Birgina Amir Temur haqida millatimiz uchun zarar bo‘lgan kitoblarning hanuz o‘zbek tiliga tarjima qilinmaganidan tortib, tayyor kitoblarni nashr qilishga ham e’tibor sustligi tarixchilar zimmasida juda katta qarzdorlik borligidan dalolatdir.

–Sohibqiron Amir Temur haqida seriallar, kuchli ssenariylar asosida shunday badiiy filmlar olaylikki, bu shubhasiz yoshlarimizni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etsin. Qadriyatlarni ulug‘lash, dunyo ilm-fani rivojiga katta hissa qo‘shgan ajdodlarimiz tarixini o‘rganish, buyuk siymolarimiz hayotini ulug‘lashni bosh maqsad qilgan «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi bu borada tarixchi olimlar bilan hamkorlik qilishga har doim tayyor, – dedi  Mirodil Abdurahmonov.

Zero, Amir Temur nomi, uning dunyo davlatchiligidagi o‘rni, boy merosi haqida har qancha gapirsak, yozsak, oz. Zero, Yangi O‘zbekistonda Uchinchi Renessans poydevorini qurishda Vatanimiz tarixidagi ikkinchi Uyg‘onish davri bunyodkori Amir Temur shaxsi va siyosatini o‘rganishga har qachongidan katta e’tibor qaratilayotgani ham shundan.