Adolatli raqobat va sifatli ta’lim – taraqqiyot poydevori

Adolatli raqobat va sifatli ta’lim – taraqqiyot poydevori

Mamlakatimizda innovasion va kreativ fikrlaydigan zamonaviy kadrlar tayyorlash, yoshlarni vatanparvarlik ruhida, yuksak ma’naviyat egalari etib tarbiyalash, shu maqsadda ta’lim tizimini takomillashtirishga alohida e’tibor qaratilayotgani bejiz emas. Boisi kuchli ta’lim va kadrlarsiz mamlakatni yuksaltirib bo‘lmaydi. Agar jamiyatda oliy ma’lumotga ega, yuksak malakali mutaxassislar qancha ko‘p bo‘lsa, rivojlanish shuncha tez va samarali bo‘ladi.

Prezidentimiz huzurida shu yil 6 may kuni oliy ta’lim tizimi bo‘yicha o‘tkazilgan taqdimotda ham aynan bilimli va salohiyatli kadrlarni tayyorlash, tanlab olish, imtiyozlar bilan qo‘llab-quvvatlash masalalariga alohida e’tibor qaratilib, mutasaddilar oldiga aniq vazifalar belgilab berildi.

Chunki so‘nggi yetti-sakkiz yil ichida oliy ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar mamlakatimiz aholisining 60 foizga yaqin qismini tashkil etayotgan yoshlarimiz orasidan bilimli yoshlarni adolatli tanlov asosida oliy ta’limga qamrab olish, sohalar bo‘yicha malakali mutaxassis darajasida o‘qitish mamlakatimiz kelajagi bugungi farzandlarmizga bog‘liq ekanligini yaqqol ko‘rsatib turibdi.

Agar raqamlarga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, oliy ta’lim muassasalari soni 2017 yilda 78 ta bo‘lgan bo‘lsa, bugungi kunda ular soni 210 tani tashkil etmoqda. Talabalar soni 2017 yildagi 300 ming nafardan bugun 1 million 350 ming nafarga yetdi. Quvonarlisi, ilmli, iqtidorli yoshlarimizni oliy ta’lim olishlari uchun ajratilgan davlat granti asosida qabul kvotalari 2016 yilga qadar yildan yilga qisqarib borgan bo‘lsa, 2017 yildan aksincha bo‘ldi. 

E’tibor bering, bundan yetti yil avval davlat buyurtmasi asosida  o‘qiyotgan talabalar soni 106 ming nafarni tashkil etardi. 2024 yilga kelib birgina bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari kunduzgi ta’lim shakli bo‘yicha davlat buyurtmasi asosida o‘qiyotgan talabalar soni 332 ming nafardan ortiqni tashkil etib, qamrov darajasi 9 foizdan 42 foizga yetgan.

Hozirgi kunda bakalavriatda 306 ta ta’lim yo‘nalishlari, magistraturada esa 625 ta mutaxassislik mavjud bo‘lib, ularning ayrimlari xalqaro standartlar va zamonaviy mehnat bozori talablariga mos emas. Bu bitiruvchilarda to‘liq malaka shakllanishi hamda ularni ishga joylashishida qiyinchiliklar tug‘diryapti. Demak, bugun ilg‘or xorijiy tajriba asosida bakalavriat yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklarini qayta ko‘rib chiqish zarurati mavjud.

Taqdimotda ushbu masalalarga alohida e’tibor qaratilib, ta’limning xalqaro tasnifi, ilg‘or xorijiy tajriba asosida bakalavriat va magistratura yo‘nalishlarini qayta ko‘rib chiqish hamda ayni paytda talab yuqori bo‘lgan sohalarda yangi yo‘nalishlar ochish bo‘yicha takliflar bildirildi. Shuningdek, oliy o‘quv yurtlarida ta’lim jarayonlarini raqamlashtirgan holda dekanat va boshqa ma’muriy tuzilmalarni optimallashtirish masalasi muhokama qilinib, 1 sentyabrga qadar o‘quv jarayonlarini to‘liq qayta ko‘rib chiqib, yangi tizimni joriy etish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.

Davlatimiz rahbarining oliy ta’limga qabul tizimini yanada adolatli qilish va davlat grantlarini iqtidorga yo‘naltirish borasida bildirgan fikrlari bugungi talaba-yoshlar o‘y-xayoli va orzusidagi voqelik real hayotda o‘z isbotini topishiga asos bo‘ldi desak yanglishmaymiz. Negaki, 7 yoshdan 70 yoshgacha bo‘lgan inson har qanday sohada raqobat bo‘lmasa rivojlanish bo‘lmasligini tobora tushunib, anglab yetayotgan zamonda grant o‘rinlarni talabaning bilimiga, fanlarni sifatli o‘zlashtirishiga va eng asosiysi, iqtidorga yo‘naltirishi o‘sib kelayotgan yosh avlodning ertangi kunga ishonchini yanada oshishiga xizmat qiladi.

Sababi, hozir amalda bo‘lgan qabul tizimi va kvotalarning taqsimlanishi talaba-yoshlar o‘rtasida raqobatni to‘liq ta’minlamasligi bois ayrim abituriyentlar test sinovlari natijalariga ko‘ra yuqori ball to‘plagan bo‘lsa hujjat topshirgan oliy ta’lim muassasasining kvotasi soniga qarab o‘qishga kirolmay qolgan holatlari ko‘p kuzatilgan.

Amaliyotga kiritilishi ko‘zda tutilgan yangi tartibga ko‘ra, muayyan bir yo‘nalishga ajratilgan davlat granti doirasida yuqori ball to‘plagan abituriyent, tanlagan oliy ta’lim muassasasidan qat’iy nazar, davlat granti bo‘yicha o‘qishga tavsiya etilishi yuksak orzu-istaklar bo‘yicha katta hayotga qadam qo‘yayotgan yoshlarimiz uchun adolatli tanlov bo‘ldi desak, ayni haqiqat.
Yangi tartibga ko‘ra, endi davlat granti bakalavriat ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha 3 yoki 4 yil davomida o‘qiydigan bitta talabaga emas, balki har o‘quv yili davomida o‘qitiladigan fanlarni yuqori baholarga o‘zlashtirgan talabalar o‘rtasida qayta taqsimlab beriladi.

Bu jarayonda test sinovlari yoki ijodiy imtihon natijalari bo‘yicha davlat granti asosida o‘qishga qabul qilingan talabaning oliy ta’lim muassasasida davlat granti bo‘yicha o‘qishi tom ma’noda bir o‘quv yili bo‘yicha kafolatlanadi.
Soddaroq qilib aytganda, agar davlat granti asosida qabul qilingan talaba o‘qitiladigan fanlar bo‘yicha o‘quv yili davomida yuqori ko‘rsatkichlarga erisha olmasa, to‘lov-shartnoma asosida o‘qishga qabul qilingan hamda fanlarni o‘zlashtirish bo‘yicha yuqori ko‘rsatkichlar ega talabaga davlat granti asosida o‘qish imkoniyatini beradi.

Ta’kidlash lozim, qabul qilinayotgan yangi tartib adolatli raqobatni yuzaga keltirib, talabani o‘z ustida tinimsiz ishlashiga, o‘qib-izlanishiga, kelgusida jamiyatda o‘z o‘rniga ega bo‘lishi uchun keng imkoniyatlar yaratadi. Aslida ushbu sa’y-harakatlardan ko‘zlangan maqsad ham oliy ta’limni qayta ko‘rib chiqish orqali o‘qitishda adolatni ta’minlash, ta’lim sifatini oshirish, xususan, muhandislik va texnologiya sohalarida malakali kadrlar tayyorlashni kengaytirish, akademik ta’limni tez sur’atda, zamonaviy texnologiyalar asosida ishlab chiqishdan iboratdir.

Har bir sohaning rivojlanishi bevosita ta’lim va ilmga bog‘liq ekan, biz, deputatlar davlatimiz rahbari tomonidan belgilab berilgan vazifalar ijrosini ta’minlashda doim faol va tashabbuskor bo‘lishimiz kerak. Zotan, bugun yurtimizda ta’lim sifatini oshirishga berilayotgan katta e’tibor ertaga o‘z samarasini berishi, shubhasiz.