Koreya tajribasi: ulardan o‘rgansak bo‘larkan!

Koreya tajribasi: ulardan o‘rgansak bo‘larkan!

Yangi O‘zbekistonda siyosiy partiyalarning xorijiy davlatlar partiyalari bilan hamkorligi ham izchil rivojlanmoqda. Xususan, keyinggi yillarda boshqa partiyalar qatori «Milliy tiklanish» vakillari ham nafaqat xalqaro doiradagi siyosiy tadbirlar, balki g‘oya va maqsadlari yaqin bo‘lgan xorij partiyalari bilan hamkorlik qilishyapti. 

Joriy yilning o‘zidagina AQSH, Yaponiya, Eron, Mongoliya, Xitoy va Yevropaning bir qator davlatlarida bo‘lib, siyosiy partiyalar, deputatlar hamda ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni hal etishda ularning roli bilan tanishdik. Janubiy Koreyada bo‘lganimizda esa ko‘proq siyosiy kuchlarning g‘oya va maqsadlari hamda saylovlardan keyingi faoliyatini o‘rgandik. 

Ma’lumki, Koreya O‘zbekistonning strategik hamkori bo‘lib, o‘tgan yili ushbu davlat bilan o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 2,5 milliard dollarni tashkil qilgan. Koreya investisiyalari hajmi 7,5 esa milliard dollardan oshgan. Turistlar soni ko‘paygani bois, bugun Toshkent va Seul o‘rtasida bir haftada 10 ta aviaparvoz amalga oshirilmoqda.

Shu o‘rinda mamlakatimizda Koreyaning yetakchi oliygohlarining to‘rtta filiali faoliyat yuritayotganini aytish joiz. Janubiy Koreyada esa 11 mingdan ortiq o‘zbekistonlik talaba tahsil olyapti. Yana bir gap: ayni paytda Koreya madaniyati uyi, ko‘p tarmoqli bolalar klinikasi, Toshkentdagi Seul bog‘i va Seul ko‘chasi do‘stlik va hamkorligimizning haqiqiy ramziga aylangan, deyish mumkin.

Ta’kidlash lozimki, Koreya Respublikasi Prezidenti Yun Sok Yolning 13-15 iyun kunlari O‘zbekistonga davlat tashrifi o‘zaro hamkorlik rivojini yangi bosqichga ko‘tarishga xizmat qildi, albatta. 

Ushbu davlatning siyosiy partiyalari haqida gap ketganda, 1997 yilning 21 noyabrida tashkil etilgan “Xalq qudrati” partiyasi faoliyatiga alohida to‘xtalish lozim deb o‘ylayman. Ushbu partiya g‘oyalarining “Milliy tiklanish” g‘oyalariga yaqinligi bois safar davomida “Xalq qudrati” faoliyatiga ko‘proq qiziqdik. Ma’lumotlarga qaraganda, iqtisodiy-liberal va milliy-konservativ qarashlarga ega partiyaning 3,5 millionga yaqin a’zosi bor ekan. 

“Har bir inson uchun teng imkoniyatlar mamlakati!”, “Xalq bilan birga yaratilgan siyosiy islohotlar tarafdorimiz!”, “Mehnat qilayotgan har bir kishi hurmat qilinadigan jamiyatni quramiz!” kabi shiorlar asosida faoliyat yuritayotgan partiya bugungi kunda parlamentda ‒ 103 ta (33,8 foiz), viloyat kengashida – 145 ta (64,1 foiz) va Munisipal (shahar, tuman, qishloq) kengashlarida 1 435 ta (48 foiz) o‘ringa ega.

Iqtisodiy imkoniyatlaridan qat’i nazar, har kimga kafolatlangan ta’lim olish uchun sharoit yaratish, moslashuvchan ish vaqtini joriy qilish, har bir fuqaroni uy-joy bilan ta’minlash kafolati va barcha sohalarda gender tenglikka erishish kabi g‘oyalar partiyaning saylovoldi platformasidagi ustuvor vazifalar sanaladi.

Ma’lumki, Janubiy Koreyaning rivojlangan davlatlardan biriga aylanishi, shubhasiz, ta’lim bilan bog‘liq. Mamlakatning zamonaviy ta’lim tizimi asosan 1945 yildan boshlangan bo‘lib, ilk bor «Ta’limni rivojlantirish qo‘mitasi» tashkil etiladi va bunga an’anaviy g‘arb modeli asos qilib olinadi. Qo‘mita oldiga esa darsliklar yaratish, aholi savodxonligi hamda oliy ta’lim qarmovini oshirish majburiyati qo‘yiladi. O‘sha yillarda bu ko‘rsatkichlar atigi 14 va 2 foizni tashkil qilgan bo‘lsa, bugun savodxonlik 99, oliy ma’lumot bilan qamrov darajasi esa 93 foizdan oshgan.

Aytish joiz, 1950 yillarda boshlang‘ich ta’limning bolalar uchun majburiy etib belgilangani, 60 yillarga kelib esa “Milliy ta’lim xartiyasi” qabul qilinib, unda yoshlarga milliy qadriyat va an’analarga hurmat ruhida ta’lim-tarbiya berish, ijodkorligini rivojlantirish masalalariga alohida urg‘u berilgani real natijalar bergan.

Ayniqsa, maktabgacha ta’lim tizimining ana shu tamoyillar asosiga qurilishi Janubiy Koreyani bu soha sifati  bo‘yicha dunyoda eng yuqori o‘rinlardan birini egallashini ta’minladi: qamrov darajasi 95 foizdan oshdi. 
Maktabgacha ta’lim tizimi uch guruhga – boshlang‘ich (4 yoshgacha), o‘rta (3-5 yosh) va yuqori (5-7 yosh) guruhlarga bo‘linarkan.

Ushbu mamlakatda onalik ta’tili 3 oygacha davom etarkan, ya’ni agar ayol ishlashni xohlasa, farzandini shu yoshda ham bog‘chaga berishi mumkin. Yana bir gap: bolalarga uch yoshgacha bepul qaralarkan. E’tiborli tomoni, bir yoshgacha bo‘lgan har bir bolaga bir tarbiyachi biriktirilib, bunday imkoniyat faqat mahalliy aholiga berilarkan. 

Eng muhimi, qonunchilikda belgilanganidek, bog‘chada bolalarga koreys qadriyatlari ruhida tarbiya beriladi. Ya’ni, salom berish, kattalarni hurmat qilish, uyda, yo‘lda o‘zini tutish, ozodalikka roiya qilish, to‘g‘ri ovqatlanish, nima uchun kattalarga bo‘ysunish lozimligi, ona tabiatni asrash, hayvonlarga do‘stona munosabatda bo‘lish, umuman, odob-axloq qoidalari o‘rgatilarkan.

Bolalarning qiziqishlarini rivojlantirish, ularni mantiqiy fikrlashga o‘rgatish maqsadida bog‘larga piyoda sayohatlar uyushtiriladi. Butun guruh hatto qulupnay teradigan fermaga borishi yoki bog‘cha hududida ko‘chat o‘tqazishi mumkin. Shuningdek, sport bilan muntazam shug‘ullanish lozimligi, jamoaviy o‘yin ko‘nikmalari ham o‘rgatiladi.

Ta’kidlanishicha, bugungi koreyalik bola lozim bo‘lsa tez yordam chaqirishi yoki  yong‘in sodir bo‘lganda qanday harakat qilish kerakligini biladi. Bular turli qo‘llanmalar, kino yoki videolar orqali o‘rgatilarkan. Shu o‘rinda bolalarning umumiy va shaxsiy ko‘rgazmalari ham o‘tkazilishini aytish joiz. Mavsumda bir marta kichik festivallar tashkil etilib, tez-tez bolalarning konsert dasturlari tayyorlanarkan. Ya’ni, ularda bolalar she’rlar o‘qishadi, raqsga tushib, musiqa asboblarini chaladilar. Birgalikda yoki yakka tartibda turli hunarmandchilik mahsulotlarini tayyorlasharkan.

Ta’lim tizimida musiqa ta’limiga ham ko‘p vaqt ajratilar, hatto bola maktabga kirgunga qadar, kamida bitta milliy cholg‘u asbobini chalishni o‘rganishi lozim.

Bog‘chalarda ham ularga to‘liq erkinlik berilib, xohish va istaklaridan hech biri rad etilmasligini aytishdi. 6 yoshgacha bo‘lgan bolalarga hatto ilohiy mavjudot, kichik farishtalar sifatida qaralarkan, desam birov ishonmasligi mumkin. Ammo koreys bolalari bog‘chalarda haqiqiy ma’noda “Bolaligim – poshsholigim” davrini o‘tkazarkan. 

To‘g‘ri, bolalar bog‘chalari umumiy ta’lim dasturiga kiritilmagani bois, aksariyat oilalar farzandlarini xususiy bog‘chalarga berisharkan. Lekin ayrim xususiy bog‘chalar hatto universitetda o‘qishdan ham qimmatligini ta’kidlash lozim. Shu bois ham ko‘plab ota-onalar davlat bog‘chalarini tanlamoqdalar. Barcha mashg‘ulotlar koreys tilida o‘tilishiga esa alohida e’tibor qaratilishini ta’kidlash lozim. 

Qayd etilishicha, bog‘chalarda tarbiyachilarning 90 foizi kollej bitiruvchilaridir. Ammo bu sohaga ishga kiruvchilar juda jiddiy sinovlardan o‘tishlari, ayniqsa, ularning bolalarga mehri alohida o‘rganilishini qayd etish kerak. Yana bir fakt: davlat tasarrufidagi bog‘chalar pullik bo‘lib, ellik foizi davlat tomonidan qoplanadi. 

Bog‘chalarga videokuzatuv kameralari o‘rnatilganini, ota-onalar Internet orqali farzandlarining nima qilayotganini muntazam kuzatib borishlarini ham o‘ziga xos tajriba sifatida qabul qilish mumkin. Hatto ijtimoiy tarmoqlarda har bir bog‘chaning o‘z sahifasi bo‘lib, ular kundalik ma’lumot va fotosuratlar bilan yangilanib turilarkan. 

Bir so‘z bilan aytganda, Koreyaga safarimiz davomida aynan “Milliy tiklanish” yo‘nalishidagi siyosiy partiyalar faoliyati ko‘proq e’tiborimizni tortdi. Tarbiya va ta’limni eng ustuvor masala sifatida ilgari surayotgan partiyamiz faollari uchun bog‘chalar masalasi qiziq tuyulishiga ishonaman. 

Janubiy Koreya maktabgacha ta’lim tizimi faoliyati bilan obdon tanishib shunday xulosaga keldik: ulardan o‘rganadigan jihatlar ko‘p ekan.