Milliy sayyohlik

Milliy sayyohlik

XXI asrda Turizm iqtisodiyotning eng tez rivojlanayotgan va istiqbolli tarmog‘iga aylandi. Ayniqsa, uning aholi bandligini ta’minlashdagi ahamiyati muttasil oshib bormoqda. Tahlilchilarning fikricha, 2023 yili sohada qariyb 500 million kishi ish bilan ta’minlandi. Bu har 10 ta yangi ish o‘rnining bittasi turizmga tegishli deganidir. 

Ma’lumki, dunyoda turizm bo‘yicha Fransiya, Ispaniya, AQSH, Italiya, Buyuk Britaniya, Xitoy va Turkiya yetakchi sanaladi. Birgina Fransiyaga jami sayyohlarning 10 foizi to‘g‘ri kelsa-da, daromad olishda AQSHga yetadigani yo‘q. Ushbu mamlakat ichki turizmning o‘zidan yiliga 300 milliard dollar daromad olyapti.

Keyingi yillarda tarixiy hamda zamonaviy dunyoning o‘ziga xos uyg‘unligini birlashtira olgan O‘zbekistonning turizm salohiyati ham jahon sayyohlari e’tiborini torta boshladi. Bunga 2023 yilning oktyabr oyida Samarqandda Butunjahon turizm tashkiloti Bosh Assambleyasining 25-sessiyasi bo‘lib o‘tgani va unda 140 dan ziyod mamlakat vakillari ishtirok etgani ham misol bo‘lishi mumkin.

Shu o‘rinda yuzdan ortiq mamlakat fuqarolariga O‘zbekistonga vizasiz kirish huquqi berilgani, 55 ta davlat sayyohlari uchun soddalashtirilgan elektron viza tartibi joriy etilgani ham Yangi O‘zbekiston nomining jahon sayyohlari xaritasiga dadil kirib borishiga sabab bo‘ldi. Natijada xorijlik sayyohlar soni ikki barobarga ko‘payib, turizm eksportidan ko‘rilgan foyda to‘rt barobarga o‘sdi. O‘tgan yili 6,6 million chet ellik turist O‘zbekistonga kelgan bo‘lsa, joriy yilda bu ko‘rsatkichni 11 millionga, xizmatlar eksportini 2,5 milliard dollarga, tibbiyot va ta’lim turizmi eksportini esa yiliga 200 million dollarga yetkazish reja qilindi. 

3 iyun kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida hududlarda turizm infratuzilmasini yaxshilash va xorijiy sayyohlar oqimini yanada ko‘paytirish chora-tadbirlari yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ana shu raqam va ko‘rsatkichlar yana bir bor tahlil qilinib, mavjud muammolarga munosabat bildirildi. 

Yig‘ilishda qayd etilganidek, o‘tgan yili Samarqandda o‘tgan Global turizm investisiya forumida 2,3 milliard dollarlik kelishuvlarga erishilgan. Bu yaxshi, albatta. Lekin Namangan, Andijon, Toshkent, Xorazm, Farg‘ona viloyatlari va poytaxtda amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan loyihalar ijrosiga yetarlicha e’tibor qaratilmayapti. Sirdaryo va Jizzaxda esa xorijiy hamkorlarga birorta ham loyiha taklif qilinmagan.

Aksincha, bu boradagi ishlar to‘g‘ri tashkil etilgan hududlarda salmoqli natijalarga erishilyapti. Masalan, xorijiy investorlar Shahrisabz tumani G‘elon va Sarchashma qishloqlari orasida 3 ming gektarlik tog‘-chang‘i kompleksini tashkil qilish, Miraki qishlog‘ida turizm zonasini barpo etishga kirishganlar. Lekin shunday sharoitga ega bo‘lgan boshqa ko‘plab tuman rahbarlari birorta tashabbusni ilgari surganlari yo‘q.

Ma’lumki, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti Turizm vazirlarining IV yig‘ilishida Shahrisabz shahri tashkilotning 2024 yildagi turizm poytaxti etib tasdiqlangan edi. Yig‘ilishda shundan kelib chiqib, hukumat oldiga Shahrisabzda turizmni rivojlantirish bo‘yicha qator vazifalar qo‘yildi. Jumladan, Shahrisabz shahri va Shahrisabz tumanida Turizm klasteri tashkil qilinadigan bo‘ldi. Hisorak-G‘elon va Hisorak-Sarchashma yo‘li ikki tasmali qilib ta’mirlanadi. Chiroqchi-Sho‘rquduq avtomobil yo‘lining 30 – kilometri ta’mirlanib, Samarqanddan Shahrisabzgacha bo‘lgan qatnov vaqti qisqaradi. Natijada Shahrisabzga sayyohlarni jalb etish imkoniyati yanada kengayadi. 

Shundan kelib chiqib, yig‘ilishda soha mutasaddilari va viloyat hokimlariga turizm salohiyati yuqori bo‘lgan 20 ta tumanni tanlab olib, Rossiya, Turkiya va Xitoydan maslahatchilarni jalb etgan holda ushbu tumanlar master rejasini ishlab chiqish va har bir hududga kamida 50 million dollarlik sarmoya kiritish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish topshirildi.

Ta’kidlash lozim: bugun yurtimizning turli hududlarida o‘tkazilayotgan madaniy tadbirlar ham turistlar oqimining ko‘payishiga xizmat qilmoqda. Misol uchun birgina “Boysun bahori” xalqaro etno-festivali Surxondaryoga kelayotgan sayyohlar oqimini 4 karraga ko‘paytirdi. Yig‘ilishda ana shunday tadbirlar salohiyatidan samarali foydalanish lozimligiga alohida e’tibor qaratildi. Bundan tashqari, yoshlarning ekstremal turizmga qiziqishi yildan-yilga oshayotganidan kelib chiqib, mutasaddilarga bu borada alohida dastur qabul qilish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Qayd etish joiz, keyingi yillarda poytaxtimiz Toshkentdagi bunyodkorliklar ishlari ham turistlar sonining ko‘payishiga sabab bo‘lmoqda. Birgina “Toshkent siti”, “Toshkent moll”, “Medjik siti”  kabi majmualarga yiliga 4 milliondan ziyod odam tashrif buyuryapti va ularning 35 foizini xorijlik sayyohlar tashkil qilmoqda. Lekin shunga qaramay, poytaxt hokimligi sohada yangi imkoniyatlarni ishga solishda sustkashlik qilmoqda, yangi tashabbus va takliflar bildirilmayapti. Bu esa, sohaning poytaxt iqtisodiyotidagi o‘rniga yetarlicha e’tibor qaratilmayotganidan dalolatdir. Shuning uchun ham  videoselektor yig‘ilishida Toshkent shahar hokimining turizm masalalari bo‘yicha o‘rinbosari F.Davrukov vazifasidan ozod etilib, bosh vazirga turizm bo‘yicha har bir hokim o‘rinbosari ishiga baho berish vazifasi topshirildi.

Milliy sayyohlik va uning rivoji haqida gap ketganda bugungi issiq kunlarda akvapark va basseynlarga bo‘lgan talab oshishini ta’kidlash joiz. Ammo afsuski, turistlar uchun “magnit” bo‘ladigan birorta zamonaviy akvapark yo‘q. Tabiiy ko‘llar atrofidagi turizm imkoniyatlari ham ishga solinmayapti. Shundan kelib chiqib, yig‘ilishda akvapark va basseynlar qurish bo‘yicha zamonaviy loyihalarni ko‘paytirish, ko‘llar bo‘yicha master rejalar ishlab chiqib, atrofini lotlarga bo‘lgan holda tadbirkorlarga taklif etish lozimligi ta’kidlandi.

Bilamizki, pandemiyadan keyin dunyoda tibbiy turizm jadal rivojlana boshladi. Xalqaro tibbiy turizm assosiatsiyasi ma’lumotiga ko‘ra, yiliga 14 milliondan ortiq odam davolanish maqsadida boshqa mamlakatlarga sayyohat qilyapti. 

Bu borada, ayniqsa, Turkiya salmoqli natijalarga erishmoqda. Tahlilchilarning fikricha, keyingi 10 yilda ushbu davlat sog‘liqni saqlash sohasida AQSH va BAAni ham ortda qoldirib, 25-o‘ringa ko‘tarilib oldi. Natijada 150 ga yaqin davlat fuqarolari Turkiyada davolanishni ma’qul ko‘rmoqdalar. Hatto “Turkish Airlines” kompaniyasi tibbiy sayohatchilar uchun raqobatbardosh chegirmalarni taklif qila boshladi. Garchi Turkiya tibbiy xizmat sifati bo‘yicha Yevropada yetakchi sanalsa-da, narxlar masalasida AQSHdagiga qaraganda 50-60 foizga arzon. 

Hindiston ham bu yo‘nalishda Janubiy Osiyodagi eng mashhur sayyohlik yo‘nalishi sanalmoqda. O‘tgan yil ushbu davlatning birgina tibbiy turizmdan 13 milliard dollar daromad ko‘rgani aytilmoqda. Bizda ushbu yo‘nalish yangi hisoblansa-da, ammo imkoniyat ham, salohiyat ham yetarli ekanini mutasaddilar e’tiborga olmayaptilar. Vaholanki, 86 ta sanatoriy va tibbiy muassasalarda o‘tgan yili 60 mingdan ziyod xorijiy turist davolandi. Demak, bu ko‘rsatkichni yanada oshirish imkoniyati bor.

Chunki, oxirgi besh yilda xususiy klinikalar karrasiga ko‘paydi. Ammo shunga qaramay, atigi 2 ta klinika xalqaro sertifikat olganini qanday tushunish mumkin? Bu esa tibbiyot va sog‘lomlashtirish turizmini uyg‘unlikda rivojlantirish bo‘yicha yaxlit yondashuv yo‘qligini ko‘rsatadi. Oqibatda chet ellardan davolanish uchun keladiganlar ulushi pastligicha qolmoqda.
Yig‘ilishda ushbu masala ham atroflicha muhokama qilinib, O‘zbekistonda ilg‘or tajribalar asosida “Tibbiy xizmatlar mehmondo‘stligi” dasturi boshlanishi e’lon qilindi. Qayd etilishicha, endilikda xususiy klinikalarning xalqaro standart olishi, xorijiy ko‘rgazmada qatnashishlari bilan bog‘liq xarajatlari byudjetdan qoplanadi. Klinikalarga kelgan chet elliklar uchun qo‘shilgan qiymat solig‘i esa qaytariladi.

Yig‘ilishda yana bir muhim masala – sayyohlarga transport xizmati ko‘rsatish masalasi keng muhokama qilindi.

– Sayyohlar mahalliy reyslarga samolyot va poyezd uchun ikki oy u yoqda tursin, yarim yil oldin chipta olishda ham qiyinchiliklarga duch kelmoqdalar, — dedi Davlat rahbari va mutasaddilarga barcha qatnovlar haqida ma’lumot hamda chipta olish imkonini beradigan yagona onlayn platformani ishga tushirish, bunda chiptalarni tabaqalashgan narxda kamida olti oy oldin savdoga chiqarish tizimini joriy qilish vazifasi topshirildi.

Videoselektor yig‘ilishida Prezidentimiz tomonidan turizm salohiyatini to‘liq ochib beruvchi global targ‘ibot kampaniyasini yo‘lga qo‘yish vaqti kelgani, bunda televideniye va onlayn platformalar bilan birga ijtimoiy tarmoqlardan samarali foydalanish muhimligi ham alohida ta’kidlandi.

Shuningdek, mutasaddilarga 1 oktyabrga qadar “milliy turizm brendi” to‘g‘risida kontent yaratish uchun tanlov o‘tkazib, xalqaro platformalarda uning targ‘ibotini yo‘lga qo‘yish vazifasi topshirildi. Bu maqsadlarga joriy yilda 5 million dollar mablag‘ ajratilishi, auditoriyasi 10 milliondan ortiq bo‘lgan kamida 50 nafar xorijlik blogerlar uchun info-turlar tashkil qilinishi belgilangani ham ma’lum qilindi.

Yig‘ilishda Davlatimiz rahbari soha vakillari va tadbirkorlar bilan ham muloqot qilib, ularning muammo va takliflarini eshitdi. Yakunda Prezidentimiz sohani qo‘llab-quvvatlash maqsadida turizmni rivojlantirish bo‘yicha jamoatchilik kengashini tuzishni taklif qildi. Bu tashabbus uchrashuvda ishtirok etgan turizm sohasi vakillari tomonidan qizg‘in qo‘llab-quvvatlandi.