Otmay qolgan tong... (1-qism)

Otmay qolgan tong... (1-qism)

Isbotlash uchun 200 emas, 2 million betlik aybnoma yozilsa ham, yillar o‘tib, buyuk haqiqat baribir bosh ko‘tarar ekan... 

Oradan 86 yil o‘tib, aybsizligi isbotlangan yana bir taqdir egasining kechmishlari bunga misol bo‘lishi mumkin. 

Ikki yilcha O‘zSSR kompartiyasining birinchi kotibi vazifasida ishlab, nohaqdan qamalgan, 200 betlik yolg‘on xulosalarga majburan imzosi qo‘ydirilgan R.Islomov balki so‘nggi nafaslarini olayotganda qachonlardir oqlanishini o‘ylamagandir ham. Balki ko‘zlagan ishlari chala qolganidan iztirob chekkandir. Balki bu dunyoni farzandsiz tark etayotgani ichini tirnagandir... 

Rustam Islomov 1899 yili Toshkent shahrining Tarnovboshi mahallasida, Shoislom Inog‘omov oilasida tug‘ilgan. Otasi Toshkentda chor polisiyasida oddiy xodim bo‘lib ishlagan. Garchi Rustam Toshkentda tug‘ilgan bo‘lsa-da, uning yoshligi asosan Farg‘ona shahrida amakilari, ma’rifatparvar insonlar Shohaydar va Shotursun Inog‘omovlar xonadonida o‘tadi. U 1909-17 yillarda amakisi Shohaydar Inog‘omovning xususiy do‘konida prikazchik-xodim bo‘lib ishlaydi.

U ishlash asnosida dastlab, eski maktabda, so‘ng 1910-11 yillarda Farg‘ona (Skobelov) shahridagi rus-tuzem maktabida tahsil oladi. 1917 yil boshida Toshkent shahridagi 6 oylik umumta’lim kursini tugatadi. Shundan so‘ng yana Farg‘onaga qaytib, amakilari bilan birga “Sho‘roi islom” tashkilotiga a’zo bo‘ladi va Turkiston Muxtoriyatini qo‘llab-quvvatlashga bosh qo‘shadi. 

Yosh Rustam jadid taraqqiyparvarlari bilan birga Qo‘qon va uning atrofidagi shaharu, qishloqlarda Muxtoriyat hukumatini izchil targ‘ib qiladi. Ana shunday uchrashuvlardan keyin Muhiddin qori Yoqubov truppasi konsertlar berar, R.Islomov esa ushbu truppada nay, surnay kabi puflama sozlarni ham chalardi.

Turkiston Muxtoriyati qonga botirilgach, Rustam Farg‘onada bo‘lib o‘tgan norozilik namoyishlarida faol ishtirok etadi. Noiloj, 1918 yilning oxirida yana Toshkentga qaytib, Eski shahar madaniy-oqartuv bo‘limiga kutubxonachilikka ishga kiradi. 1919 yilning yozida Toshkentda mahalliy yoshlardan ilk komsomol tashkilotlari tuzila boshlanadi. Unga Eski shaharda Muborak Tursunxo‘jayev va Rustam Islomovlar yetakchilik qiladilar. R. Islomov komsomol a’zosi sifatida 1919 - 1920 yillarda – qariyb 8 oy davomida Qizil armiyada siyosiy bo‘lim rahbari sifatida ham ish olib boradi. Inqilobiy harbiy sovetda targ‘ibot guruhi mudiri sifatida Farg‘ona (Skobelov) hududidagi qurolli qarshilik harakatida ham ishtirok etadi. Biroq, 1920 yili Toshkentga qaytib, eski shahar komsomol kotibi vazifasiga saylanadi. U 1920-21 yillarda bir paytning o‘zida Toshkentda oziq-ovqat komitetida bo‘lim mudiri lavozimida ham ishlaydi.

1921 yilda esa turkistonlik ziyolilarning “Milliy ittihod” tashkilotiga a’zo bo‘ladi. 1921-1923 yillarda TASSR Oziq-ovqat xalq komissarligida hay’at a’zosi, 1923 yildan Turkiston MQ a’zoligiga saylanadi. O‘sha yillarda Sovetlar tarixiy Turkistonni parchalab tashlash maqsadida milliy davlat chegaralanishi siyosatini ishlab chiqadilar. Buni amalga oshirish uchun 1921-23 yillar davomida partiyada tinimsiz tozalashlar olib boriladi. 1924 yilning yanvar oyida T.Risqulov va I.Xidiraliyevlar ishdan olingach, Rustam Islomov SSSR MIK a’zoligiga saylanadi hamda TSSR XKS raisi o‘rinbosari va XKS raisi lavozimlarida ish olib boradi.

1924 yilning sentyabriga kelib, Turkiston kompartiyasida 24 166, Buxoro kompartiyasida 2 226 va Xorazm kompartiyasida bor yo‘g‘i 870 1 nafar komsomol (O‘zbekiston komsomoli tarixidan ocherklar) a’zosi qolgan edi. Ana shunday sharoitda O‘zSSR kompartiyasining I s’yezdi va O‘zSSR sovetlarining I ta’sis s’yezdlariga tayyorgarlik uchun tuzilgan muvaqqat tashkiliy byuroga A.Rahimboyev va R.Islomovlar rahbar etib tayinlanadilar. Ayni paytda O‘zbekistonning birinchi rahbari, ya’ni O‘zSSR kompartiyasi birinchi kotibi sifatida ish boshlagan R.Islomov 1924-1925 yillarda o‘zi uchun qanchalik xavfli bo‘lmasin “18lar guruhi”ni qo‘llab-quvvatlaydi. Ya’ni Moskvada Butunittifoq sovetlarining II s’yezdida sovet hukumatining O‘zbekistonni xom-ashyo bazasiga aylantirishdek “qizil imperiyacha” harakatlariga qarshi bo‘lgan guruhda ishtirok etadi.

Natijada, 1925 yil boshida o‘z lavozimidan chetlashtirildi va Markazning buyrug‘i bilan SSSR MIK qoshidagi O‘zbekistonning doimiy vakili vazifasini bajaruvchi sifatida 8 oy ishlaydi. 1925 yil avgust oyida esa u Moskvadagi Ya.M.Sverdlov nomidagi Kommunistik universitetning partiya ishi fakultetiga o‘qishga kiradi. 1929 yilgacha davom etgan talabalik yillarida R.Islomov Ichki Rossiya ta’lim dargoxlarida o‘qiyotgan o‘zbekistonlik talabalarning o‘qish va yashash sharoitlarini yaxshilash masalasida faol ish olib boradi. 

R.Islomov 1929 yilda universitetni tugatib, Toshkentga qaytadi va VKP (b) MK O‘rta Osiyo byurosida bo‘lim mudiri lavozimiga tayinlanadi. 1934 yilning 4 noyabridan esa Yer ishlari xalq komissari sifatida ish boshlaydi va 1937 yil sentyabr oyigacha shu lavozimda mehnat qiladi. Rustam Islomov 1935 yilning 14-15 yanvar kunlari O‘zbekiston sovetlarining V qurultoyidagi ma’ruzasida 1934 yil uchun paxta rejasining bajarilmagani sabablarini jiddiy tahlil qilib, muammoga kolxozchilarga oylik maoshlarining o‘z vaqtida berilmagani va xalq pullarining arzimagan bahonalar bilan sovurilgani sabab bo‘lganini aytadi.

Shundan keyin R.Islomov kolxoz va sovxozlarda mehnatni to‘g‘ri uyushtirish, ayniqsa, qisqa muddatli kurslarda ko‘plab agronom va traktorchilar yetishtirib chiqarishni taklif etadi. Bundan tashqari qishloqlarda hammomlar, kutubxonalar, kino klublar, radiouzel va turli havaskorlik to‘garaklari ochishga chaqiradi. Darhaqiqat, tadbirkor rahbar kisqa muddatda o‘z maqsadini to‘liq amalga oshiradi. Ya’ni, 1935 yilning 14 noyabrida Rustam Islomov davlat paxta tayyorlash rejasi bir oy oldin bajarilganligi bilan butun O‘zbekiston xalqini qutlaydi. Ma’ruzada 55 mln pudlik paxta xirmoni barcha mehnatkashlarning og‘ir mehnati samarasi bo‘lgani, ayrim kolxoz va sovxozlarda paxta hosildorligi 30 syentnergacha yetganligini ta’kidlaydi....

R.Islomov faqat paxta masalasi bilan cheklanib qolmaydi. Uning 1936 yil fevralida O‘zbekiston markaziy ijroqo‘mining II sessiyasidagi ma’ruzasida 1935 yil chorva sonining o‘sishi borasida juda katta muvaffaqiyatli yil bo‘lgani, yil yakuniga ko‘ra bu o‘sish 15,4 foizni tashkil etib, chorva soni o‘tgan yilga qaraganda 547 ming boshga oshgani aytiladi. 

Afsuski, 1937 yilning 30 avgustida O‘zSSR IIXKning O‘zSSR Yer ishlari xalq komissari R.Islomovni qamoqqa olish to‘g‘risidagi qarori imzolanadi. Unga “Milliy ittihod” maxfiy millatchilik tashkilotining a’zosi, 1926 yilda aksilinqilobiy “ 18 lar guruhi”ni qo‘llagan va “1927 yildan Fayzulla Xo‘jayev, Abullajon Rahimboyev, Usmonxon Eshonxo‘jayevlar rahbarligidagi aksilinqilobiy guruh a’zosi bo‘lgan”i kabi ayblovlar qo‘yilib, O‘zSSR JKning 60, 67 moddalari bilan aybli deb topiladi.

Biroq, uni qamoqqa olishga shoshilmaydilar. Ammo 1937 yilning 12 sentyabr kuni “Pravda Vostoka” gazetasida e’lon qilingan “Nikakoy pogsadm vragom naroda, ix posobnikam i pokrivatelyam” sarlavhali maqoladan keyin Toshkent shahar partiya faollari yig‘ilishi o‘tkaziladi. Unda Rustam Islomov o‘ziga ko‘yilgan ayblarni qat’iyan rad etsa-da, uni “burjua millatchisi” deb tanqid qiladilar. Yig‘ilishning yakuniy qaroriga binoan esa “sinfiy ogohlikni yo‘qotgan” degan ayb bilan partiyadan o‘chirishadi.

1937 yilning 18 sentyabrida “Pravda Vostoka” gazetasida bosilgan “Do konsa ochistit apparat narkomzema ot vragov” nomli maqoladan keyin 1937 yilning 25 sentyabr kuni Rustam Islomovni qamoqqa olish uchun order beriladi. Shu kuni kechasi allamahalda NKVD xodimlarini ko‘rgan R.Islomov yo‘qlovchilarning sovuq nigohlarida sovuq ko‘ngilsizlikni ko‘radi.  Shu kuni uning tongi otmay qoladi... 

davomi...