Siru sinoatga burkangan ziyoratgoh

Siru sinoatga burkangan ziyoratgoh

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2023 yilning oktyabrida Qashqadaryo viloyatiga tashrifi davomida Qamashi tumanidagi Maydanak observatoriyasi joylashgan hududda turizm zonasi barpo etish loyihasi bilan tanishib, uni amalga oshirish bo‘yicha mas’ullarga tegishli topshiriq va ko‘rsatmalar bergan edi. 

Oradan qariyb bir yil vaqt o‘tdi. Davlat rahbari tomonidan berilgan topshiriq ijrosi qay darajada? Partiyaning Qashqadaryo viloyat Kengashi raisi Sayfulla Mahmatmo‘minov boshchiligidagi ishchi guruh yaqinda Maydanakda bo‘lib, jarayon bilan tanishdi.

Ma’lum bo‘lishicha, ayni paytda hududda loyiha doirasida qurilish, bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda. Zarur infrastruktura tizimlari barpo etilyapti. Bu esa «Qiziltepa – Maydanak» yo‘li bo‘yida joylashgan Langar ota ziyoratgohini «Maydanak baland tog‘ turistik markazi» yo‘nalishidagi muhim ob’yektlardan biriga aylantirish, ziyoratgohga sayyohlar oqimining yanada ko‘payishiga zamin yaratishi tabiiy.

Ayni vaqtda masjid oldida qo‘shimcha xonalar qurilib, ziyoratchilar uchun zarur shart-sharoitlar yaratilmoqda. Masjid devori va ayrim bezakli qismlari AQSH va italiyalik mutaxassislar tomonidan tarixiylik ko‘rinishiga zarar yetkazilmagan holda ta’mirlanmoqda.

Tarixiy manbalarda keltirilishicha, Langar ota ziyoratgohi bundan 500 yil avval, ya’ni 1520 yillarda bunyod etilgan bo‘lib, ushbu majmuada tasavvuf ta’limotining yirik vakillari abadiy qo‘nim topgan.

Ziyoratgoh xodimi Jo‘raxon Nazirov maqbara tarixi bilan tanishtirib, Langar ota ziyoratgohining bunyod etilishi shayx Muhammad Sodiq nomi bilan bog‘langanini ta’kidladi.

– Maqbaraning ichida beshta qabr bo‘lib, ulardan uchtasi o‘z o‘lchami va qo‘yilgan yodgorlik toshlari bilan alohida ajralib turadi. Toshlar sirtiga mohirlik bilan arab imlosida yozuvlar bitilgan. Maqbara ichidagi qabrlarning joylashishi ham o‘ziga xos. Shayxlar xonadoniga mansub bo‘lmasa-da, ijtimoiy mavqei bilan yuqori lavozimlardan birini egallagan Amirbek Sodiq ibn Bahodirning qabri shayx Muhammad Sodiq qabrining janub tomonida, ya’ni uning oyoq uchida joylashgan, – deydi J.Nazirov.

Uning qo‘shimcha qilishicha, maqbaraning Langar qishlog‘ida bunyod etilishi bejiz emas. Ko‘p yillar davomida bu hudud diniy va dunyoviy ilmlar markazlaridan biri bo‘lib kelgan.

Qadimshunos olim Abdisobir Rayimqulovning qayd etishicha, o‘rta asr tarixchisi Ibn Xavqal mazkur qishloq qadimda Kesh viloyatiga bo‘ysunuvchi Siyam tumaniga qarashli bo‘lgani, tumanning nomi, ayniqsa, milodiy 776 yildan so‘ng juda mashhur bo‘lgani haqida yozadi. Shuningdek, arxeologik qazishma ishlari paytida bu manzilgo=dan somoniylar davriga oid g‘ishtlar topilgan.

XIV-XVI asrlarga kelib bu hudud islom dini rivojiga katta hissa qo‘shgan ilm markazlaridan biriga aylanganini bu yerga olis yurtlardan kelgan ilmga tashna insonlar tasavvuf allomalaridan saboq olishganida ko‘rish mumkin. Shu bilan birga, Langar ota ziyoratgohida joylashgan maqbara va masjid hududda arxitektura va shaharsozlik ilmi, tajribasi ham nihoyatda rivojlanganini ko‘rsatadi. Birgina Langar ota masjidini oladigan bo‘lsak, u o‘zining haybati va noyob me’moriy yechimlarga egaligi bilan hamon ko‘pchilikni hayratga solib kelmoqda.

Ushbu masjid 2 ta xonaqoh, 1 ayvon, 4 mehrob, 19 ta ustun va 7 eshikdan iborat bo‘lib, uning balandligi 11, bo‘yi va eni esa 32 metrni tashkil etadi. Qurilish uslubidan tortib, ishlatilgan ashyolariga qadar siru sinoatga burkangan.

– Bir necha yil avval masjidni ta’mirlash rejasi bilan Toshkentdan mutaxassislar kelishgan edi, – deydi masjid imom-xatibi Abdurahmon Xoliqov. — O‘shanda bu yerga ta’mirlash uchun zarur bo‘ladigan ayrim qurilish materiallarini qanday olib chiqish muammosi yuzaga keldi. Ancha maslahatlashuvdan so‘ng mutaxassislardan biri «Bizda-ku shuncha qudratli texnikalar bor. Lekin ajdodlarimiz bu ulkan ustunlarni qanday qilib bu baland tepalikka olib chiqishgan ekan-a», deb qoldi. Haqiqatan ham bu jumboq. Axir bu ustunlarni na ot, na tuya ko‘tara oladida.

Abdurahmon Xoliqovning ta’kidlashicha, Langar ota masjidi mamlakatimizdagi bugun ham faoliyat yuritayotgan va asl holida saqlanib qolgan jome’ masjidlari ichida eng qadimiylaridan biri hisoblanar ekan. Bu masjid besh asr davomida deyarli o‘zgarishlarsiz saqlanib kelingan.