Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmonida islohotlarni samarali amalga oshirish, xalqimizning kundalik hayotida ijobiy o‘zgarishlarga erishish bo‘yicha tizimli harakatlarni izchil davom ettirish belgilandi.
O‘zbekistonda demokratik yangilashning hozirgi bosqichida oliy yuridik ta’lim va fanni yanada rivojlantirish muhim ahamiyat kasb etadi. Yuqori malakali va xalqaro maydonda munosib raqobatlasha oladigan kadrlarni tayyorlash zarur.
Ta’lim, ayniqsa, yuridik ta’lim tizimida xizmatlar bozorida nafaqat yangi davlat universitetlarining, balki yuridik sohadagi xorijiy va qo‘shma universitetlarning sog‘lom raqobat muhitida rivojlanishi ob’yektiv reallikka aylandi.
O‘zbekistonda yaqin-yaqingacha faqat Toshkent davlat yuridik universiteti (TDYUU) da oliy yuridik ma’lumot olish mumkin edi. Bugungi kunda esa yigirmadan ortiq fakultet va oliy ixtisoslashtirilgan o‘quv yurtlarida «Yurisprudensiya» ta’lim yo‘nalishi mavjud.
O‘zbekistonda har yili mingdan ortiq huquqshunos tayyorlanmoqda. Bu esa mavjud ehtiyojni qondirmaydi. Masalan, O‘zbekiston har 100 ming kishiga advokatlar soni bo‘yicha nafaqat dunyoda, balki mintaqada ham eng past ko‘rsatkichlardan birida. Masalan, O‘zbekistonda har 100 ming aholiga 12 advokat to‘g‘ri keladi, Isroilda – 737, Yevropa Ittifoqida – 162, Rossiyada – 50, Qozog‘istonda – 22.
Shundan kelib chiqib, yuridik kadrlarni tayyorlash sifatini oshirish borasida bir qator samarali chora-tadbirlar amalga oshirildi. 2020 yil 29 apreldagi Prezidentimizning “O‘zbekiston Respublikasida yuridik ta’lim va fanni tubdan takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilingani yuridik ta’limni sifat jihatidan yangi darajaga ko‘tardi.
Oliy yuridik ta’limni rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar doirasida yuridik universitet rivojlangan xorijiy davlatlarning oliy ta’lim tizimida mavjud bo‘lgan eng ilg‘or tajribalarni milliy oliy ta’lim tizimiga joriy etishda alohida maydoncha bo‘lib xizmat qilmoqda. Mazkur dargohda O‘zbekistonda birinchi bo‘lib milliy oliy ta’lim muassasalari orasida kredit-modulli ta’lim tizimini joriy etildi. O‘quv jarayoniga Yevropa kredit tizimi tanlov fanlari bilan ta’minlangan holda kiritildi.
O‘quv jarayonini samarali tashkil etish maqsadida yuridik kadrlarni kasbiy tayyorlash uchun zarur bo‘lgan eng muhim fanlar belgilandi. O‘quv reja va dasturlari optimallashtirildi, jahon tajribasi va bozor talablariga mos yangi fanlar joriy qilindi.
Har bir kursda kamida ikkita guruhda ta’lim ingliz tilida olib borilmoqda. Qolaversa, ushbu guruhlarda chet ellik professor-o‘qituvchilar mashg‘ulotlarni olib borayotganini alohida ta’kidlash joiz. Natijada har yili 70 dan ortiq ixtisoslashtirilgan fanlar ingliz tilida o‘qitilmoqda. Buning uchun o‘quv jarayoniga 35 nafar xorijlik mutaxassis jalb etilgan.
Talabalarning mantiqiy fikrlash, tahlil qilish, mustaqil fikr bildirish, qonun hujjatlarini qo‘llash va sharhlash kabi ko‘nikmalarini rivojlantirish maqsadida universitet yakuniy nazorat imtihonlari uchun nazariy savollar berish amaliyotidan voz kechib, kazus yechish tizimiga to‘liq o‘tildi.
Zamonaviy talablarga javob beradigan masofaviy ta’lim platformasi yaratilib, plagiatga qarshi tizim orqali tekshirish mexanizmlari ushbu tizimga integratsiya qilingan. Ushbu masofaviy ta’lim platformasiga 130 mingdan ortiq elektron kontentlar yuklangan.
Sifatli ta’lim tizimini yaratish, ta’lim jarayonini xalqaro standartlarga moslashtirish va sifatli darsliklar bilan ta’minlash uchun yangi avlod o‘quv adabiyotlarini va sifatli ta’lim kontentlarini tayyorlash, o‘quv mashg‘ulotlarini zamonaviy uslublar asosida sifatli tashkil etish zarur.
Bu jarayonga xorijiy yetakchi ta’lim muassasalari professorlari ham jalb etilgan. Universitetda 200 ga yaqin darslik va o‘quv qo‘llanmalari tayyorlanib, o‘quv jarayoniga tatbiq etilgan.
Shuningdek, Buyuk Britaniya va AQSHning yetakchi universitetlarining amaliy tajribasini inobatga olgan holda klinik ta’limni yanada rivojlantirish maqsadga muvofiq.
Klinik yuridik ta’lim – yuridik klinikalar negizida amalga oshiriladigan advokatlarni kasbiy tayyorlash bo‘yicha maxsus o‘quv kursi bo‘lib, u yerda talabalar o‘qituvchilar rahbarligida fuqarolarga bepul yuridik yordam ko‘rsatadi. Ushbu o‘quv shakli standart ta’limga xalqaro miqyosda tan olingan qo‘shimcha bo‘lib, talabalar uchun amaliy tajriba bermoqda.
Eng muhim vazifalardan biri – 2030 yilgacha xalqaro miqyosda tan olingan tashkilotlar reytingida eng yaxshi oliy ta’lim muassasalari ro‘yxatiga kirishdir. Hozirda TDYUU UI GreenMetric World University Ranking reytingida (2023) dunyoning yetakchi universitetlari orasida 350-o‘rinni egalladi va TOP-500 ta universitetlar qatoriga kirdi. Ushbu ko‘rsatkichni 2022 yil bilan taqqoslaganda 100 pog‘ona yuqorilaganligini ko‘rish mumkin.
Xalqaro universitetlarda yashil iqtisodiyot bilan bog‘liq mavjud holat va siyosat bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar natijalarini taqdim etuvchi bu reytingda TDYUU mamlakatimiz oliy ta’lim muassasalari orasida eng yuqori natijalardan birini qayd etdi.
Round University Ranking xalqaro reyting tashkilotining 2023 yil uchun Subject Ranking (sohalar kesimida) reytingi natijalariga ko‘ra, TDYUU ijtimoiy-huquqiy fanlarni o‘qitish sohasi bo‘yicha 142-o‘rinni, Gumanitar fanlardagi ta’lim bo‘yicha 166-o‘rinni egallab, TOP–200 universitet orasidan joy egalladi.
Universitet ushbu ko‘rsatkich bilan O‘zbekistonda (Country rank) 1-o‘rinni qayd etdi.
Shu bilan birga, jahonning yetakchi ta’lim muassasalarining yuqori reytinglariga kirish uchun xalqaro va universitetlararo munosabatlarni tubdan o‘zgartirish va rivojlantirishni jadallashtirish, jahon huquqiy ta’lim makoniga integratsiyalashuv talab etiladi. Chunki bu ko‘rsatkichlar universitetlarning xalqaro maydonda tan olinishida hal qiluvchi ahamiyatga ega. Bu borada juda katta loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilgan.
Zamonaviy ta’lim sifatini ta’minlashda xorijiy tajribaning o‘rni va ahamiyati nihoyatda muhim bo‘lganligi sababli universitetimiz xorijiy davlatlarning ko‘plab nufuzli universitetlari va ilmiy markazlari bilan yaqin aloqalar o‘rnatgan.
Bugun TDYUU Xalqaro universitetlar assosiatsiyasiga (International Association of Universities – IAU), Xalqaro huquq maktablari Assosiatsiyasi (International Association of Law Schools – IALS) va Yevropa huquq maktablari assosiatsiyasi (European Law Faculties Association – ELFA), Yevropa universitetlar assosiatsiyasiga (Observatory Magna Charta Universitatum) va Yevropa oliy ta’lim muassasalari assosiatsiyasiga (European Association of Institutions in Higher Education – EURASHE) to‘laqonli a’zo sifatida qabul qilingan.
Fikrimizcha, erishilgan natijalarga qaramay, yuridik ta’lim va fan oldida qator muammolar mavjud. Birinchidan, professor-o‘qituvchilar tarkibini yetakchi xorijiy oliy o‘quv yurtlari bitiruvchilari bilan to‘ldirib borishga e’tiborni qaratish maqsadga muvofiq. O‘z navbatida, zamonaviy axborot texnologiyalari imkoniyatlaridan keng foydalangan holda ilmiy hamjamiyat vakillarining faolligini oshirish, olimlarning jamiyatdagi mavqeini ko‘tarishga qaratilgan kreativ yondashuvli loyihalarni ko‘paytirish, ijtimoiy voqeliklarning tub mohiyati bo‘yicha ilm ahlining chuqur mushohadali pozisiyasini yetkazib berish ishlarini tizimli tashkil etish lozim. Ikkinchidan, nazariya va amaliyot o‘rtasida ayrim tafovutli jihatlar mavjud. Tayyorlangan o‘quv adabiyotlarining asosiy qismi sof nazariy xususiyatga ega edi.
Shu munosabat bilan o‘quvchilarning amaliy ko‘nikma va malakalarini shakllantirishga qaratilgan o‘quv adabiyotlarining yangi avlodini tayyorlash zarur. Qolaversa, o‘quv jarayoni va ilmiy faoliyatning o‘zi ham amaliyotga yetarlicha yo‘naltirilgan emas edi. So‘nggi yillarda o‘qituvchilarning mehnatiga haq to‘lash darajasi sezilarli darajada oshdi, bu esa bugungi kunda amaliyotchi yuristlarni o‘quv jarayoniga keng jalb etish imkonini bermoqda. Uchinchidan, amaliy ko‘nikmalarni shakllantirishga yo‘naltirilgan ta’lim xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha ayrim kamchiliklar ko‘zga tashlanmoqda. Shu bois, ta’lim tashkilotlari va pedagoglarni akademik erkinligini mustahkam kafolatlashga qaratilgan huquqiy islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish maqsadga muvofiq.
Milliy, xorijiy huquq va huquq tizimlarini qiyosiy o‘rganishni tashkil etish maqsadida amaliyot o‘tash, professor-o‘qituvchilar va talabalarni xorijiy davlatlarning yetakchi oliy yuridik ta’lim muassasalari bilan almashinuvini tizimli asosda amalga oshirish zarur.
Xulosa o‘rnida ta’kidlash joizki, O‘zbekistonda yuridik ta’lim va fan sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar samarasi natijasida yaqin davrda yuridik kadrlarni tayyorlashning milliy tizimi jahon andozalariga mos tizimga aylanadi. Yurist kadrlarning yangi avlodi davlatimiz rahbari boshlab bergan, xalqimiz tanlagan taraqqiyot yo‘lining huquqiy asoslarini yaratishga munosib hissa qo‘shishga xizmat qiladi.
Manba