Millatga choyxona EMAS, kutubxona kerak!

Millatga choyxona EMAS, kutubxona kerak!

Hech e’tibor berganmisiz, har bir mahallada kamida 2, 3 ta choyxona bo‘lib, ular har kuni tungi soat 12:00 largacha ishlaydi. Afsuski, mahallalarda kutubxonalar borligi, ular ham yarim tungacha ishlashi haqida gapirish qiyin...

To‘g‘ri, kimdir qanday zamonda yashayapsan, kutubxonalarning kimga keragi bor, deyishi mumkin. Ammo... E’tibor bering, respublikamizda 2000 yilda 6027 ta kutubxona ishlagan bo‘lsa, 2005 yilda 5892 ta, 2010 yilda 2809 ta, 2015 yilda 2914 ta, 2020 yilda 400 ta kutubxona faoliyat ko‘rsatibdi. Ko‘rinib turibdiki, 2015 yildagi biroz o‘sishdan so‘ng yana pastlashish davom etgan. Ya’ni, keyingi 20 yilda kutubxonalar soni keskin kamaygan.
 
Ma’lumotlarga ko‘ra, XX-asrning boshida birgina Buxoro shahrida 13 ta kutubxona va 96 ta qiroatxona bo‘lgan ekan. Bundan tashqari, hukmdor saroyidagi kutubxonada xitoy, uyg‘ur, pushtu, fors, arab va boshqa tillardagi qo‘lyozmalar saqlangan.

To‘g‘ri, bugunga kelib, texnika asrining imkoniyatlari bisyor, ammo tan olaylik, har birining o‘ziga xos “minus”lari ham bor. Misol uchun, elektron kitob o‘qish birinchidan, ko‘zni haddan tashqari toliqtirsa, ikkinchidan telefoningizga istalgan vaqtda kelgan xabar sizni mutolaadan chalg‘itadi.
Shular xususida o‘ylab turib, qani endi har bir guzaru mahallada choyxonayu, yemakxonalar yonida moʻjazgina bo‘lsa-da kutubxona bo‘lsa degan uy kechdi xayolimdan. 

Zotan, Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev aytganlaridek: “Bugun kitob o‘qigan bola, ertaga televizor ko‘rib o‘tirgan o‘nta bolani boshqarishi mumkin”ligi har bir davrning eng dolzarb aqidasi bo‘lib qolaveradi...