«Illat oshdami yoki moshda?»


Bir necha kun avval ijtimoiy tarmoqqa joylashtirilgan bir video go‘yo «arini inini qo‘zg‘adi». Unda nogironlar aravachasidagi farzandini o‘qituvchisi kaltaklab, salkam nogiron qilganini onasi iddao qilgandi. Shundan so‘ng, kimdir o‘qituvchini ayblasa, boshqasi boladayam ayb borligini aytdi. Ammo blogerlarning voqea mohiyatiga yetmasdan turib, ko‘proq pedagogni layoqatsizlikda ayblashgani «o‘lganni ustiga tepgan» bo‘ldi. 

Ma’lum bo‘lishicha, o‘quvchi avvaldan o‘qituvchisiga hurmatsizlik qilib kelgan. Hattoki, bir necha bor darsni buzgani uchun tanbeh bergan o‘qituvchini kurakda turmaydigan so‘zlar bilan haqoratlagan. Xuddi shunday holat takrorlanganda sabr kosasi to‘lgan o‘qituvchi o‘quvchini yoqasidan tutib unga maktabdaligini eslatmoqchi bo‘lgan. Ustozining qo‘lidan siltanib chiqib ketgan o‘quvchi esa boshi bilan borib devorga urilgan. 

Yuqoridagi holatda pedagog, maktab direktori, psixologi, hatto mahalla inspektoriniyam oqlab bo‘lmaydi, albatta. O‘tish yoshida bo‘lgan bir o‘quvchi shu xulq-atvorga yetgunicha nega tizimli ravishda ish olib borilmagan? Maktabda ishlagan paytimdan bilaman yomon o‘quvchi bo‘lmaydi. 

Jamoatchilikni anchayin bezovta qilgan mazkur voqea mohiyatidan kelib chiqib, mulohaza yuritsak yana oila – maktab – mahalla hamkorligi yaxshi yo‘lga qo‘yilmaganini ko‘rish mumkin bo‘ladi. Balki oshirib yuborayotgandirmiz, ammo o‘z vazifasiga panja ortidan qarab, «menga nima» deya ish tutuvchilar hisobiga ham bugungi holatga kelib qoldik. 

«Suyunchi» filmidagi Anzirat buvilar zamonidan qolgan «Bir bolaga yetti mahalla ota-ona» degan ibratni unutganimiz uchun ham bolamiz tarbiyasiga faqat maktabni mas’ul qilib qo‘ydik. Shunday o‘ylaganimiz uchun ham o‘qituvchining yoqasiga yopishayotgan qo‘llar ko‘paydi.

Darvoqe, yuqoridagi kabi ko‘ngilsizliklar sodir bo‘lmasligi uchun «Pedagogning maqomi to‘g‘risida»gi Qonun ijrosi to‘la ta’minlanishiga erisha olarmikinmiz?
Nima deb o‘ylaysiz?