Ekoshaharlarga ehtiyoj – bu jiddiy “signal”

Ekoshaharlarga ehtiyoj – bu jiddiy “signal”

Yodingizda bo‘lsa, bundan 3 yilcha avval To‘ytepa tumanida barpo etilishi ma’lum qilingan “Ikkinchi Toshkent” ekoshahar qurishning xalqaro standartlariga mos tarzda barpo etilayotir. Aytilishicha, loyihada yangi texnologiyalar, ekoshahar tizimi hamda yurtimiz an’analari hisobga olingan. Ha yana bir gap: bu shahar mamlakatimizdagi birinchi «aqlli shahar»ga aylanadi. Bu tajribaning respublika bo‘ylab ommalashtirilishi esa “yashil hudud”larning ko‘payishiga turtki berishi mumkin.

Ma’lumki, zamonaviy, ekologik toza arxitektura barqaror qurilish materiallarini tanlashdan boshlanadi. Ekologik toza arxitektura orqali biz nafaqat binolar quramiz, balki yerni qadrlaydigan va kelajak avlodlar hayotini boyitadigan meroslarni ham yaratamiz. Soha mutaxassislarining ta’kidlashicha, bu yo‘nalishdagi arxitektura alohida tuzilmalar bilan chegaralanmasdan, global ta’sirga ham ega. Ekologik toza arxitekturaning kelajagi axloqiy mas’uliyat haqida fikr yuritishga ham undaydi. 

Shu o‘rinda yana bir ma’lumot: amerikalik tadbirkor Mark Lor ham AQSHda Telos nomli yangi shahar yaratilishini e’lon qildi. Qayd etilishicha, AQSHning g‘arbiy qismida, 60,7 ming gektardan ortiq sahro maydonida qurilishi reja qilingan mazkur ekoshahar uchun “yashil” materiallardan foydalaniladi. Binolarning tashqarisi qisman o‘simliklar bilan qoplanadi. U yerda istiqomat qiluvchi aholining aksariyati piyoda harakatlanadi, shaharning transport tizimi velosipedlar, past tezlikda uchuvchi samolyotlar, bitta temiryo‘l va havo taksisidan iborat bo‘ladi.

Xullas, keyingi yillarda sayyoramiz aholisi duch kelayotgan ekologik muammolar dunyoning turli davlatlarida ayni shunday ekoshaharlar qurish ehtiyojini tug‘dirmoqda. Bu esa tabiatga bo‘lgan munosabatlarimizga qaratilgan jiddiy “signal” hamdir...