Taskin – Umid uyining bir soniyasi ham qalbimizni larzaga soldi...

Taskin – Umid uyining bir soniyasi ham qalbimizni larzaga soldi...

Donishmandlardan uch bora:  Eng aziz ne’mat nima?” deb so‘rashganida, uch bora ham: “Farzand” deb javob berishgan ekan. 
Darhaqiqat, farzand biz – insonlarga ravo ko‘rilgan beg‘uborlikning betakror timsolidir. Ular borki, umrimiz mazmunli, hayotimiz yorqin ranglarga to‘ladi.  Shu o‘rinda kelajagimiz egalari bo‘lmish o‘g‘il-qizlarimizni komil insonlar etib tarbiyalash har bir oilaning maqsadi, ota-onaning burchi va, shubhasiz, taraqqiyotimizni belgilovchi  muhim omil ekanini qayd etish joiz.

O‘zbek xalqi azaldan bolajon xalq, bor mehri va muhabbatini farzandlariga beradi,  dunyoning barcha quvonchu, shodliklarini ravo ko‘rib, yaxshiliklarni sog‘inadi...

1 iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kunida ham istirohat bog‘lari-yu, ko‘ngilochar maskanlar bolajonlar bilan fayzga to‘ladi, sovg‘a-salomlar esa ular quvonchiga quvonch qo‘shadi.

Xo‘sh, dunyoning 50 ga yaqin davlatida keng nishonlanadigan bu bayram nega aynan shunday nomlanishini bilasizmi?
“Bolalarni kimdan va nimalardan himoya qilishimiz kerak?” 

Ming afsuski, tasodiflarga to‘la dunyoda shunday mamlakatlar borki, u yerlarda bolalarning baxti bekam, quvonchi cheksiz...ammo shunday hududlar ham bor ekanki, u yerlarda bolalar taqdiri  davlat u yoqda tursin, hatto o‘z ota-onalarini ham qiziqtirmas ekan. 

Urush o‘choqlariga aylangan davlatlarda esa o‘lim xavfi bolalarga ko‘proq soya solayotir. Ularning har qadamda daydi o‘qlarga nishon bo‘layotganlari ham bor gap. Boshqa bir manbalarda qayd etilishicha, qashshoqlik, ochlik, iqtisodiy va siyosiy inqirozlar sabab millionlab bolalar to‘yib ovqatlanmayaptilar, ular sifatli ta’limdan ham bebahralar, majburiy mehnat esa ular uchun oddiy holatga aylangan... 

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, hozir dunyo bo‘yicha 5 yoshdan 14 yoshgacha bo‘lgan 155 millionga yaqin bola majburiy mehnatga  jalb etilmoqda.

Afsuski, bu borada bizda ham muammolar yo‘q emas. To‘g‘ri, bola huquqlarini ta’minlash borasidagi islohotlar sabab bolalarning majburiy mehnatga jalb etilishiga butunlay barham berildi. Mamlakatimizda bola huquqlari qonuniy asosda to‘la himoyalab qo‘yildi. Ammo shunday bir xavf borki, biz qanchalar himoya qilmaylik, ba’zan farzandlarimizni ulkan bir illat changalidan qutqara olmayapmiz: bu xavf – og‘ir onkologik  xastaliklardir. Bu kasallikning tobora “yosharib” borayotgani nihoyatda achinarli hol, albatta. 

“Milliy tiklanish” demokratik partiyasining “Ayollar va Yoshlar qanoti” tashabbusi bilan  partiyaning Toshkent shahar, Toshkent va Sirdaryo viloyatlari Kengashlarining mas’ul xodimlari, deputatlar va bir guruh ko‘ngillilar tomonidan onkologik bemor bolalar va ularning oila a’zolariga ijtimoiy-psixologik madad ko‘rsatuvchi birinchi bolalar xospisi – “Taskin” markazida sovg‘alar ulashildi.  

Ma’lum qilishlaricha, ushbu markazda nafaqat bemor bolalar, balki ularning ota-onalari va yaqinlariga ham ijtimoiy-psixologik yordam ko‘rsatilar ekan. Ya’ni og‘riqli tilga o‘girilganda bu yerda onkologiyaning so‘nggi bosqichini boshdan kechirayotgan murg‘aklarga umrlarining so‘nggi damlarini yaqinlari bag‘rida, ularning mehrini his qilib, og‘riqlardan  azoblanmay o‘tkazishlariga yordam berisharkan.

- O‘zbekistonda onkologik xastaliklarga chalinganlar soni taxminan 45 mingga yaqin, - deydi markaz  ijtimoiy xodimi Ilyos Karimov. – Shundan 10 mingga yaqin bemorda xospisga ehtiyoj bor. “Taskin” deb nomlangan markazimizda xavfli o‘sma paydo bo‘lgan bemor bolalar va ularning oila a’zolariga ijtimoiy-psixologik yordam ko‘rsatiladi. Bolaga umrining so‘nggi damlarini  imkon qadar chiroyli va o‘zi istagandek  o‘tkazish uchun shart-sharoitlar yaratilgan. 

Tadbir ishtirokchilari yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirib, bemorlarni parvarishlashning bunday zamonaviy shaklini sog‘liqni saqlash tizimiga kengroq joriy etish borasida  o‘z fikrlarini bildirdilar. Ma’lumki, sog‘lom turmush tarzini amalga oshirish millat genofondini saqlashning asosiy omilidir. Shuning uchun ham bu masalaga  partiya o‘zining yangi Saylovoldi dasturida alohida ustuvorlik  berayotir. Tadbirda partiya faollari sohani takomillashtirishga oid takliflarni qo‘llab-quvvatlashga hamisha tayyor ekanliklarini ham ta’kidlashdi.

Tadbirda  Feruza Karimova, Shoiraxon Rashidova, Murod  Mamajonov, Asadbek Xoljigitov va Shohida Nasriddinova singari deputatlar ishtirok etib, bemor bolalarga  o‘yinchoqlar, yeguliklar va kiyim-kechaklar sovg‘a qilishdi.
Tadbir yakunida og‘ir xastalik bilan kurashayotgan bolalarning ota-onalari,  yaqinlariga taskin berdik, ularning dardiga sherik bo‘layotgan  matonatli tibbiy xodimlarga esa kuch-quvvat tiladik... 

Lekin o‘zimizga taskin bo‘ladigan bir so‘z topa olmadik...

“Taskin” rosa sokin ekan
Sharoitdan ko‘ngil to‘q.
O‘yinchoqlar bisyor... ammo
O‘ynaydigan bola yo‘q...

Kuni kecha esa Markaziy kengashda ushbu tashabbusni qo‘llab-quvvatlagan bir guruh deputatlar yana yig‘ildilar: 

–  Ezgu niyatimiz - “Xospis”ga borish taklifini ko‘pchilik qo‘llab-quvvatladi va bu harakatimiz davom etadi - dedi tadbirda partiya raisi o‘rinbosari Firuza Muhammadjonova. - Juda qisqa fursatda salkam o‘n million so‘mga yaqin mablag‘ yig‘ildi. Bu pulga bemor bolajonlar uchun sovg‘a-salomlar, kiyim-kechak va o‘yinchoqlar sotib olindi. Savobli ishga bosh qo‘shgan serhimmat deputatlar va partiyadoshlarimizdan behad minnatdormiz...