Qiyofasizlik uyali telefon-qiyofasizlik uyasidir. Tafakkur qildim...

Bugun «YER» deb alatmish makonda sakkiz milliarddan ziyod odam yashaydi. Ularning barmoq izlari bir-biriga o‘xshamagani kabi, qiyofalari ham o‘zgacha...

Ne ajabki, barmoq izlaridek hech kimning QALBI ham boshqa birovnikiga o‘xshamas ekan! Shu haqda o‘ylashing bilan tanangda bir shirin g‘urur paydo bo‘ladi: oh, qanday ajoyib, bu dunyoda yana senday ikkinchi odaming yo‘qligi. Ya’ni, sen betakror va yagonasan!.. Alloh taolo seni yaratayotganida hech kimga o‘xshatmagan. Demak, u sen bilan alohida shug‘ullangan. U: «Mana, senga ko‘z, qosh, tabassum, jilva! Mana, senga qalb, ko‘ngil, dil! Mana, senga aql, idrok, farosat! Endi nima istasang, hammasini mana shular orqali o‘zing top, o‘zing ol, o‘zing olaver!» –degandek.

Ammo noyob qiyofamizning noyob asosi bo‘lmish KO‘Z yanada sirli, yanada jumboqli ekan...

Alloh o‘z qudratini barcha maxluqot va mavjudodlarda va ayniqsa, INSON degan mo‘jiza orqali namoyon qilgan bo‘lsa, ularning gultoji etib Ko‘zni yaratdi! To‘g‘ri, Allohning qay bir ishi go‘zal emas, dersiz! Ammo KO‘Z alohida! U nafaqat ko‘radi, balki ranglarni, hidlarni simiradi, millionlab hujayralarimizni junbushga keltiradi! Ularni his etishga undaydi, quvonish yoki azoblanish, qo‘rquv yoki halovatga chorlaydi...

Hozir zamonaviy jarrohlar san’ati bilan burun, quloq yoki qabog‘imizni o‘zgartirib, va, hatto soch va kiprik ektiryapmiz. Ammo ko‘zga hech bir jarroh teginolmas ekan. Bilasizmi, ko‘z qarimas ekan, ko‘z aldamas ekan. Aytishlaricha, fashizmning otasi bo‘lmish Gitlerni Gitler qilgan radio ekan! Agar o‘sha vaqtda televizor bo‘lganida uning yolg‘onlari ko‘zidan ko‘rinib qolarkan...

Shu o‘rinda yana bir savol bersam: nega bugun bir-birlarimizdan ko‘zlarimizni olib qochadigan bo‘lib qoldik?! Shunchalar yolg‘onimiz ko‘payib ketdimi? Munofiqlik qiyofamizga aylandimi? Xalqimizning: «Yuzingda ko‘zing demasdan- a?», yoki «Ikkiyuzlamachilik qilma!» degan gaplari bor edi. Rostdan ham bugun yuzimiz nechta? Boshliqqa boshqa, xizmatchiga boshqa, xotin yoki erga boshqa, bolaga, ota-ona, qaynota-qaynona, qo‘shni... xullas... qiyofalarning adog‘i yo‘q. Boshqacha aytganda, qiyofasizga aylanib bormoqdamiz. Gohida aslimiz qaysi ekanini o‘zimiz ham bilmay qolyapmiz.

Nima, qiyofasizlik usulmi. Balki bu yo‘ldir. Oson yo‘ldir! Aslingni ko‘rsatmasang, bas, yutasan! Chunki turlanishing oson kechadi. Aytganingdan tonishing, suvdan quruq chiqishing uchun juda qo‘l keladigan hunar!

Ho‘sh, qiyofasizlik qayerdan paydo bo‘ladi? Xo‘sh, bu illatlar urchiyotgan makon qayerda?! Uning avj olishiga nimalar sabab bo‘lyapti?

Menimcha, bularning bari «telefon» degan matoh paydo bo‘lganidan keyin boshlandi. To‘g‘ri, uni inkor etmoqchi emasman, uning dastyorligiga qiyos yo‘q. Ammo tan olaylik, bugungi holatimiz aynan shu «matoh» sabab ro‘y berdi.

Yaxshi-da! Hech kim hech kimning ko‘ziga qaramaydi, xijolat tortmaydi, yuzi qizarmaydi, uyalmaydi!..

Ikkinchi sabab esa adabiyotsizlik bo‘ldi! Kitoblar avvalgidek uyimiz to‘rida emas, yerto‘lalarning qorong‘u tokchalarida chang bosib yotibdi...

Odamzod shu qadarga yetdiki, faqat o‘ziga o‘xshaydigannigina tan oladigan, faqat uning fikrini, qilig‘ini yoqlaydigan, tutumlariga taqlid qiladiganlarnigina qabul qiladigan bo‘ldi. Kimga kimning kuchi yetsa, shu hunarni qo‘llayapti. Uni kimdir maqtasa, maqtalsa bo‘ldi. Uning qaysi qiyofasi gapirayotgani bilan ishi yo‘q!

Maqtaganning oshig‘i olchi, maqtalganning esa kibri yanada yuksaklikka ko‘tarilyapti. Go‘yo o‘tda yonmas, suvda cho‘kmas, o‘lmas Kashsheydek. Balki maddohlik qilayotgan qiyofaning boshqa biri uni so‘kayotgan, masxara qilayotgandir. Yana biri esa nafratlanayotgandir undan? Bu bilan har ikki tomonning ham ishi yo‘q. Eng yomoni, bu oldi-berdilar minbarlarga ko‘chdi, olomon orasida oshkora qilinadigan bo‘ldi. Teleradiolar, gazeta va jurnallar... Hamma biladi, lekin hamma tomashabin! Shunday qilib, boshqa narsani o‘ylab, boshqasini gapirish odatga, udumga aylanmoqda...

Qiyofalar asllik tarovatini yo‘qotmoqda...

Qiziq, ko‘pgina majlislarda Prezidentimiz gapirayotgan paytlarda o‘tirganlarning aksariyati go‘yoki nimalarnidir yozayotganday ko‘zlarini qog‘ozdan uzmaydilar. Nega, shunday?! Balki yorug‘ yuzdan yog‘ilayotgan nurdan ko‘zlari qamashar, yoki o‘tkir nigohning nayzalaridan yo haqiqat yog‘ilib turgan so‘zlarning olovidan o‘zlarini olib qocharlar?!

To‘g‘ri, ko‘p hollarda shunday fikrlar aytiladiki, ularni o‘zing uchun eslatma qilmasang bo‘lmaydi. Ammo shunday gaplar bo‘ladiki, ularni ko‘zlarga qarab turib eshitish kerak! Gohida ular nimalarni yozar ekanlar, deb o‘ylab qolaman. Ming afsuski, ba’zilarning rasm chizib o‘tirganlarini ham ko‘rdim.

Aytmoqchimanki, gaplarimiz boshqa, qilmishlarimiz boshqa, yozmishlarimiz boshqa, tutumlarimiz esa butunlay o‘zgacha. Aynan shu fe’llarimiz tufayli, balki Alloh bizga ko‘plab sinovlarni yuborayotgandir?! «Eh, bandam, o‘zing bir bandi jonzot bo‘lsang! Seni yaratganimda o‘zimga o‘xshatib yaratgan, zarramdan berib seni barcha mavjudotlardan ulug‘lagan bo‘lsam! Boz ustiga olamlarni senga tobe qilib, xizmatingga shay qilib qo‘ygan bo‘lsam. Qanday yashashing uchun dasturilamal qilib «Qur’on»ni, yaxshilikka da’vat qiluvchi yo‘lboshchilar-payg‘ambarlarni yuborgan bo‘lsam! Meni va o‘zingni tanishing uchun avliyolar, shayxlar, olimu ulamolar, shoiru hofizlarni sen bilan yonma-yon yashatib qo‘ygan bo‘lsam...»

Muqaddas kitoblarimizda nohaqlikni ko‘rsangiz, qo‘lingiz bilan qaytaring, unga qurbingiz yetmasa, tilingiz bilan, agar unga ham nochor bo‘lsangiz, dilingizda norizo bo‘lib turing!» deyilgan ekan. Bu Allohning xitobi! Allohning da’vati! Qani, Allohga labbaykamiz?! Qani, qo‘limiz, tilimiz, dilimiz? Til va dilning birligi bo‘lmas ekan, yolg‘onlar gullayveradi. Xiyonat va munofiqlik g‘alaba qilaveradi. Oilalar parokanda, mushfiqlar, munglilar ko‘payaveradi. O‘z fikri yo‘q, faqat birovning aytimlarini aytib yuradigan to‘tinoma sayroqilar paydo bo‘laveradi...

Balkim yuqoridagidek illatlar sabab, zarrachadek bir ofat bizlarni uylarimizga qamagandir. Ko‘chada bahor, biz esa xonada pisib o‘tirdik. Gullar chaman ochdi, bizning ko‘nglimizga esa qil ham sig‘madi! Toshni yorib, chechak undi, bizning yuraklarimiz tars yorilayozdi! Sog‘ingan jigarlarimizni bag‘rimizga bosolmadik. Vafot etgan qarindoshlarimizni oxirgi manziliga kuzatishga ham yaramadik.

Bu muhtasham OGOH edi!

To‘g‘ri, oilada bo‘lish, azizlarning mehriga to‘yish – bu ham ko‘pchilikka nasib etmagan ne’mat edi, aslida. Davlatimiz rahbaridan tortib, barcha mutasaddilar xalq g‘amini yedilar. Shifokorlardan tortib, nonvoylargacha xizmatdan charchamadilar, chegaralarimiz berk, vatanimiz ishonchli qo‘llarda bo‘ldi, ammo o‘shanda tuman boylik bo‘lmish xotirjamligimiz qayerlargadir ketib qolgan edi! Dunyoda bir kunda minglab odamlar shu zarragina virus sabab qurbon bo‘ldilar. Boz ustiga bu ofat yosh-qari, ayol-erkak, boy-kambag‘alu, yurt va elatni ajratmadi. Xo‘sh, nega shunday bo‘ldi?! Bu qanday qudrat ediki, hammaning yuragiga qo‘rquv soldi? Qarang, o‘sha kunlari cherkovlarda azon aytildi, g‘ayridinlar cho‘k tushib, namoz o‘qidilar. Xudosizlar esa uning borligi va birligiga, undan boshqa Iloh yo‘qligiga imon keltirdilar. Tiriklik oldida hech kimga dinlar, oqimlar, mansabu-martabalar, duru-gavharlar ham kerak bo‘lmay qoldi...

«Inson» so‘zi «unutuvchi» ma’nosini anglatar ekan. Eh, Inson! O‘yla, tafakkur qil! Axir maxluqotlar ichra faqat sengagina tafakkur qilmoq baxti berilgan-ku! Ikki soatlik tafakkur – yetmish kunlik ibodat bilan teng, deganlar mashoyixlar. Gunohlarning eng oliylaridan biri munofiqlik ya’ni QIYOFASIZLIK ekan! Qiyofasizlik maqomingdan kech va aslingga qayt! Zero, Mavlono Rumiy: «Asling kabi ko‘rin, ko‘ringaning kabi bo‘l!» – deb bejizga faryod chekmaganlar!

Bu mening fikrlarim-tafakkurim nidosi edi!